Линклар

logo-print
Prezident O‘tunbayeva O‘sh voqealari yuzasidan o‘tkazilayotgan tergov va sud jarayonlari bilan qiziqmoqda.

O‘sh voqealari yuzasidan o‘tkazilayotgan sud va tergov jarayonlari bir tomonlama olib borilayotgani to‘g‘risida Ozodlikka “Fuqarolar korrupsiyaga qarshi” huquqni himoya qilish markazi rahbari To‘leykan Ismailova ma‘lum qildi.

- Iyun voqealari yuzasidan 30 odam eng og‘ir jazo - umrbod qamoq jazosini olgan. 30 odamdan 28 nafari o‘zbek, 2 nafari qirg‘iz millatiga mansub. Boshqa moddalar bo‘yicha hukumlar o‘rganilganida, bir modda bilan o‘zbek fuqarolar uzoq yillarga hukum qilinib, boshqa millatga mansub fuqarolar yengilroq jazo olgan. Bundan tashqari “Sud jarayonlari qanday o‘tmoqda”” degan savol bo‘ldi. O‘zbek fuqarolari sudlanayotganda ular o‘zlarigina emas guvohlari va advokatlar ham kaltaklanib, sud qonun doirasida o‘tkazilmayapti, - dedi To‘leykan Ismailova.

To‘leykan Ismoilovaga ko‘ra, 12 aprel kuni bir qator huquqni himoya qilish tashkilotlarining Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva bilan bo‘lgan
uchrashuvda mana shu masalalar muhokama qilingan.

Huquq himoyachisi uchrashuvda O‘sh voqealari bo‘yicha o‘tkazilgan sud va tergov jarayonlari monitoringi natijalarida aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan dalillarni prezidentga topshirishganini aytdi:

- Faktlar juda ko‘p berildi. Biz huquq himoyachisi bo‘lganidan keyin faqat fakt bilan ishlaymiz. Bizga millati yoki boshqa narsaning qizig‘i yo‘q. Biroq biz hisobotlar natijasini olganda tergov, sud bir tomonlama bo‘lgani ko‘rinib turibdi. Negaki, asosan birgina millat qo‘lga olinayapti, sud qilinayapti, - dedi To‘leykan Ismailova.

Unga ko‘ra, prezident huquq himoyachilari so‘zlarini ijobiy qabul qilgan va bu masalani 13 aprel kuni mamlakat kuch tizimlari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tuvchi uchrashuvda ko‘tarishini aytgan.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatining Ozodlikka ma‘lum qilishicha, Roza O‘tunbayeva 13 aprel kuni mamlakat kuch tizimi rahbarlari bilan uchrashadi. Uchrashuv kun tartibiga huquq himoyachilari tomonidan ko‘tarilgan masalalar ham kiritilgan.

- Bugun mamlakat rahbari Roza O‘tunbayeva Qirg‘izistondagi bir qator huquqni himoya qilish va kuch tizimi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda, mamlakatda fuqarolar xavfsizligini ta‘minlash, sud jarayonlarining adolatli va ochiq oydin o‘tishi masalalari muhokama qilindi. Bu yig‘ilishda prezident huquq himoyachilari 12 aprel kuni ko‘targan masalalarni ham tilga oldi, - dedi Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Sultan Kanazarov.

Shu o‘rinda 2011 yilning 25 martidan boshlab bir necha kun davomida Qirg‘izistondagi 17 ta qamoqxonaning 14 tasida mahbuslar ochlik aksiyasi o‘tkazishganini eslab o‘tmoqchimiz.

O‘shanda O‘sh voqealari bo‘yicha ayiblanib qamalgan ko‘plab o‘zbek mahbuslari ham O‘sh voqealari yuzasidan olib borilgan sud va tergov jarayonlari bir tomonlama bo‘layotganiga norozilik sifatida ochlik aksiyasiga qo‘shilganini ma‘lum qilgandi:

- O‘zbek bo‘lsayla olib kirib, urib pachog‘imizni chiqarishdi. SNBsi ham qolmadi, MRUsi ham qolmadi, UVDsi ham qolmadi. Urib salomatchilikni o‘ldirib, pochkalarimizni to‘kib juda ko‘p bolalarni begunoh qamab yubordi. Aytsak, xech kim quloq solmayapti. Haqiqatni izlab qayerga murojaat qilishimizni bilolmayapmiz. Bugun zonalalarda ocharchilik e‘lon qilinibdi, o‘sha ocharchilikka biz ham qo‘shildik. Nima qilaylik, dardimizni kimga aytishimizni bilmayapmiz, - degandi O‘sh voqealarida ayblanib, 14 yilga hukum qilingan Dilmurod.

Huquq himoyachilarining prezident bilan bo‘lgan uchrashuvi va bu uchrashuvning aynan huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilan o‘tadigan maxsus kengash arafasida o‘tkazilishi O‘sh voqealarida ayblanib nohaq qamalgan ko‘plab mahbuslar hamda ularning yaqinlarida mazkur jinoyat ishlari qayta ko‘rib chiqilishiga umid uyg‘otmoqda.
XS
SM
MD
LG