Линклар

logo-print
O‘zbek rasmiylari telefon orqali mulozimlarni “konstitutsiyaga rioya qilish”ga chaqirgan shaxslar ustidan jinoyat ishi ochdi.

"Biz Karimov rejimining zulmiga qarshi bo‘lgan barcha shaxslar bilan aloqada bo‘lamiz, ularni o‘z safimizga kelib qo‘shilishlarini sharaflaymiz!"
"Biz mavjud muxolifat partiyalari bilan ham, joriy hukumat ichidagi Karimovdan norozi bo‘layotgan ma‘murlar bilan ham aloqadamiz!"
- O‘zbekiston xalq harakati nashrida turgan bu gaplarni biz mamlakat ichkarisiga yetkazish bilan faol shug‘ullanayapmiz, - deydi harakat matbuot kotibi Fazliddin Nurmuhammedov.
Nurmuhammedovga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq harakati faollari O‘zbekistonning 12 viloyati prokuraturasiga telefon qilib, o‘z talablarini bildirishgan.
"Telefonda mulozimlar bilan gaplashar ekansiz, biror-bir shaklda tahdid alomatlari bo‘ldimi?" deb so‘raymiz suhbatdoshdan.
- Telefon qilgan odamning shaxsan o‘zi bilan ham gaplashdim. “Haqiqatan prokuratura idoralariga telefon qildim” dedi. Konstitutsiyaga amal qilish, qonunga rioya qilish, xalqni himoya qilish so‘ralgan. Ular qonunga zid amalini davom ettirgan taqdirda, xalqning chidami toshib ketganligini inobatga olib, bu katta bir fojiali holatga olib kelishini aytib, ko‘rsatib o‘tishgan, - deydi O‘zbekiston xalq harakati matbuot kotibi Fazliddin Nurmuhammedov.
Eslatib o‘tamiz, 16 iyul kuni Regnum axborot agentligi O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayangan holda mamlakatda "Akromiylar" guruhiga mansub kishilarga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida xabar tarqatgandi.
Jinoiy ish ochilgan kishilar aslida qidiruvda bo‘lgan shaxslar ekanini qayd etgan Regnum manbasi ularning uchastka nozirlari, tuman IIBlari va boshqa militsiya bo‘limlariga qo‘ng‘iroq qilib, rasmiylarga tahdid qilganini ma‘lum qilgan.
Biroq O‘XH vakillari bu kabi tahdidlar bo‘lganini inkor qilmoqdalar.
O‘zbekiston xalq harakatining mamlakat mulozimlariga xitobi internetdagi Youtube portaliga ham joylashtirilgan. Bu murojaat targ‘ibot janri talablari asosida o‘zbekistonlik mulozimlarni konstitutsiyaga rioya qilishga chaqiradi.
- O‘zbekiston xalq harakati bundan buyon ham o‘zbek mulozimlariga telefon qilishda davom etadi, - deb bildirdi harakat matbuot kotibi Fazliddin Nurmuhammedov.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston xalq harakati faollarining tinimsiz qo‘ng‘iroqlari hukumat ichida katta talvasaga sabab bo‘lgan.
- Avvaliga xavfsizlik xodimlariga ular bilan uzoq gaplashib turishni tavsiya qilishgan. Uzoq gaplashganda ularning qaysi joydan qo‘ng‘iroq qilayotganini aniqlashning texnik imkoni paydo bo‘ladi. Keyin ba‘zi mulozimlar ularning ta‘siriga berilishidan hayiqishdimi¸ muloqot qilmaslikni tavsiya qilishdi, - deydi O‘zbekiston xavfsizlik tizimlariga yaqin manba.
Qarshilik harakatlarining bunday amallari siyosat tarixida yangilik emas. Polshadagi Solidarnost harakati ayni tarzda polyak mulozimlariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni o‘z tarafiga og‘dirgani tarixda qayd qilingan.
XS
SM
MD
LG