Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:20

O‘zbek jamiyatida ajralishlar ko‘paymoqda


Kelinlik libosini kiygan hech bir qiz turmush o‘rtog‘i bilan ajrashishni orzu qilmaydi, lekin hayot har doim ham orzudagidek kechavyermaydi.
Kelinlik libosini kiygan hech bir qiz turmush o‘rtog‘i bilan ajrashishni orzu qilmaydi, lekin hayot har doim ham orzudagidek kechavyermaydi.
O‘zbekistonda oilalarning buzilishi nafaqat ota-onalarni, balki rasmiylarni ham tashvishlantirayotganga o‘xshaydi.

Toshkent shahar Mirobod tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limining ismi sir tutilishini istagan xodimi mazkur tumanda ajralishlar soni ko‘payganini aytadi:

- Olti oyda 278 ta nikoh, 96 ta ajralish qayd etilgan. Ajralish oldingi yilga nisbatan ko‘proq, chunki ilgari bizda o‘zaro rozilik asosida ajrim bo‘lar edi. Sud orqali ajratiladiganlar sud mahkamasi tomonidan ajratilib, pasportiga muhr bosiladi.
Hozir bizga qaytarib berishdi. Biz hozir sud qaroriga asosan rasmiylashtirib, guvohnoma berayapmiz. Shu uchun o‘tgan yilgiga nisbatan ajralish ko‘paygan, - der ekan Mirobod tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi xodimi avval sudda ajrashgan shaxslar bo‘yicha ma‘lumot Adliya vazirligiga kelib tushmagani uchun ajrashgan oilalar soni nisbatan kamroq ko‘rsatilganini qayd etadi.

Ayni paytda suhbatdoshimiz sud qaroriga ko‘ra ajrashganlar nima sababdan ZAGS idoralariga yuborilayotganiga ham izoh berdi.

- MDH davlatlarida bizning sud qarorlarimizni tan olishmayapti. Ularda guvohnoma beriladi. Bizda o‘n yil ichida faqat sud qarorlari bo‘lgan. Endi tan olishni boshlagan edi, yana qonunga o‘zgartish kiritildi, yana guvohnoma berish boshlandi. Endi eski qarorlar kuchda qolmayapti. Ko‘pchilik yana qiynalayapti. Misol uchun, Rossiyaga ketganlar qo‘lidagi sud qarorini ko‘rsatsa tan olinmayapti, guvohnoma talab qilinayapti. Ular kelib yana bizga murojaat qilishayapti, - deydi Mirobod tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi xodimi.

Biroq bu holat o‘zbek jamiyatida ajrashishlar ko‘p bo‘layotganini yanada yaqqolroq ko‘rsatib qo‘ymoqda. Ajrashishlar sabablari esa turli-tuman…

- Ikki-uch yilga bormasdan, ba‘zida bir yilda, 5-6 oyda oilaning buzilishi juda ko‘p bo‘layapti. Mening nazarimda, ajrashishning asosiy sabablaridan biri moddiy sharoitning yomonligi. Masalan, bir oilani bilaman - uch xonali uyda qaynota, qaynona, bir qizi bilan yashaydi. Shu uch xonali uyiga ikkita kelin ham tushirishgan. Yana bir oilada uch xonali uyga uchta kelin tushgan. Tasavvur qiling, u yerda qancha kelishmovchilik, qanday noqulayliklar bo‘lishi mumkin. Bu ham ajrashish sabablaridan biridir, - deydi toshkentlik Dilorom Is‘hoqova.

Dilorom opaning aytishicha, ilgari “ajrashgan” degan so‘z ayollarga nisbatan salbiy ma‘noda ishlatilgan bo‘lsa, hozirda bu so‘z odatdagi ishdek qabul qilinmoqda.

- Juda ko‘p qizi bor ayollar: “ajrashsam, qizimni turmushga olishmaydi” degan gaplarini eshitganman. Ajrashish juda ham kam bo‘lar edi, - deya eslaydi Dilorom opa.

Ayollar mavzusini foto va videosuratlarda yoritib kelayotgan suratkash Umida Ahmedova esa oilalarning ajrashib ketayotganiga yana bir sabab hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurmagan yosh qizlarning erta turmushga berib yuborilayotganida, deb biladi.

- “Qizlarimiz o‘tirib qolmasin” deb dabdurustdan ota-onalar tezroq erga berib yuborish payida bo‘lishadi. Bir-birini yaxshi bilmagan, hali hayotni yaxshi bilmagan yoshlar arzimagan narsaga ajrashadi. Ko‘pincha, ular oila qurishga tayyor emas, - deydi suratkash Umida Ahmedova.

Asnoda o‘zbek jamiyatida ajrashishlar sonining ko‘payotgani mamlakat rasmiylarini ham tashvishga solib qo‘ygan ko‘rinadi. Shu yil iyul oyi o‘rtalarida O‘zbekiston oliy sudi plenumi tomonidan sudyalarga ijrosi yuklatilgan yangi qaror qabul qilinishi ham ana shundan dalolat beradi.

“Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlarni ko‘rishda qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida” deb nomlangan qarorga muvofiq, endilikda er yoki xotin ajrashishi uchun mahalla qo‘mitasi vakillari sudga jiddiy sabablar taqdim etishlari lozim bo‘ladi.

Mazkur qaror kuchga kirishi bilan, rasmiylar e‘tiroficha, oilaviy ajrashish jarayoni qiyinlashadi. Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, bu o‘rinda rasmiylar mahalla faollarining “sudga jiddiy sabab taqdim etish”dek mashmashadan o‘zini forig‘ qilish uchun ajrashmoqchi bo‘lgan er-xotinlarni imkon qadar yarashtirishga harakat qilishlariga umid bog‘layotibdilar.

Biroq suhbatdoshimiz Dilorom Is‘hoqova er-xotin ajrashishiga mahalla aralashuvi ham bu muammoni hal qilolmaydi, degan ishonchda.

- Uch oy oldin dugonamning farzandi ajarashayotgan edi. Bordik, mahallada ikki tomonni chaqirishdi, nasihat qilishdi. Lekin men shu nasihatlarning biror-bir natijasini ko‘rganim yo‘q. Ajrashishga qaror qildimi, qattiq turib oladi. Yarashib ketganlar ham bo‘ladi, - deydi Dilorom Is‘hoqova.
XS
SM
MD
LG