Линклар

Qirg‘izistonning janubiy viloyatlariga O‘zbekistondan olib o‘tilayotgan meva-sabzavot narxi keyingi paytlarda 30-40 foizga qimmatladi.

O‘sh, Jalolobod va Botken bozorida savdo qilayotgan qirg‘izistonliklardan olingan ma‘lumotlardan ana shunday xulosaga kelish mumkin.

Botken bozorida savdo qiluvchi Baqtigul narx-navoning qimmatligiga O‘zbekiston tomonining chegarani bir tomonlama yopib qo‘ygani sabab ekanini aytadi:

- Bizga mahsulotlar asosan O‘zbekistondan olib kelinar edi. Hozir mahsulotlarni qimmat narxda olayapmiz. Bizga bu mahsulotlarni olib keladiganlardan: “Nega shunaqa bo‘layapti?” deb so‘rasak, “Chegara yopiq, biz chegaradan tunda berkinib yoki pora berib o‘tganimiz tufayli narx ko‘tarilib ketayapti” deb javob berishadi, - dedi Baqtigul.

O‘shlik Avaz akaning aytishicha, O‘shda ham xuddi mana shunday holatni kuzatish mumkin. Avaz aka O‘shga ham O‘zbekistondan meva-chevalar va oziq-ovqat mahsulotlari chegaralar yopiq bo‘lishiga qaramasdan olib kelinayotgani, biroq ularning narxi juda baland ekanini aytdi:

- Ha, bozorda hamma narsa ochiq sotilayapti. Pul bo‘lsa, hamma narsa bor bozorda. Lekin qimmatchilikda. Odamlarda esa pul oz, - dedi Avaz aka.

Qirg‘iziston janubidagi bozorlarda O‘zbekistondan kontrabanda yo‘li orqali olib kelingan mahsulotlar sotilayotganidan qirg‘iz rasmiylari ham xabardor ekanlar. Masalan, Botken viloyati hokimining o‘rinbosari Saitjan Eratovning aytishicha, Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan chegaralarini yopmagan, shuning uchun O‘zbekistondan olib kelinayotgan mahsulotlar Qirg‘iziston hududiga qonuniy kirib kelmoqda. Bu mahsulotlar hozirgacha yopiq qolayotgan O‘zbekiston chegarasidan qanday yo‘l bilan olib o‘tilayotgani qirg‘iz tarafining muammosi emas.

- Mendagi ma‘lumotga qaraganda, O‘zbekiston tomoni oziq-ovqat mahsulotlari va meva-chevalarni chegaradan olib o‘tilishini ta‘qiqlab qo‘ygan. Ammo odamlar o‘zlari yashirin yo‘llar bilan berkinib o‘tib, bizga mahsulotlarni olib kelayapti. Shundoq qilmasa ham bo‘lmaydi, axir O‘zbekistonda shuncha meva-chevani sotib tugatishning ilojisi ham yo‘q, - dedi Botken viloyat gubernatori o‘rinbosari Saitjan Eratov.

Jalolobodlik huquq himoyachisi Abdumalik Sharipovning aytishicha, bunday holatdan O‘zbekiston tomoni ham bexabar emas. Ammo aynan mana shunday vaziyat har ikki davlat chegarachilari uchun maqbul bo‘lib turibdi.

- O‘zbekiston chegarachilari ham, Qirg‘iziston chegarachilari ham hozir chegarani biznesga aylantirib olgan. Chegarachilar chegaradan o‘tish uchun pul talab qilishi hech kimga sir emas. Bu kabi ko‘rinish bozordagi narxlarning ko‘tarilishiga ham albatta sezilarli ta‘sir ko‘rsatadi, - dedi Abdumalik Sharipov.

Uning aytishicha, bunday holatlar yuzasidan huquq faollari tegishli tashkilotlarga murojaatlar ham yo‘llashgan.

- Lekin bizning murojaatlarimizdan natija deyarli yo‘q. har doim: “Sizlar aytgan ma‘lumotlar tasdiqlanmadi” qabilida javob olamiz, xolos, - deydi huquq faoli.

Ayni paytda Qirg‘iziston chegara xizmati rasmiylari chegaralardan muntazam ravishda kontrabanda mahsulotlari o‘tib turibdi, degan iddaolarni rad etadilar.

Jumladan, Qirg‘iziston chegara xizmati matbuot kotibi Salqin Abduqariyevaning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, shu yilning 20 may kuni Botken viloyatining O‘zbekiston bilan chegaradosh “Aydarken” chegara uchastkasida kontrabanda yo‘li bilan yirik miqdorda gilos olib o‘tmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar ushlangan:

- Ular noqonuniy yo‘llardan bizning hududga gilos olib o‘tmoqchi bo‘lganda, chegarani noqonuniy buzgani uchun chegarachilarimiz tomonidan qo‘lga olindi, - der ekan Salqin Abduqariyeva ayni paytda o‘zbekistonlik kontrabandachilar ishi bilan Qirg‘iziston Bojxona xizmati shug‘ullanayotganini qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG