Линклар

O‘zbek musulmonlari Umraga otlandi


Saudi Arabia -- Muslim pilgrims circle around the Kaaba at the Grand Mosque to perform the Tawaf as part of the Hajj in the Saudi holy city of Mecca, 03Dec2008

Saudi Arabia -- Muslim pilgrims circle around the Kaaba at the Grand Mosque to perform the Tawaf as part of the Hajj in the Saudi holy city of Mecca, 03Dec2008

Kichik Haj deb ham yuritiladigan Ramazon umrasiga bu mavsumda o‘zbekistonlik musulmonlardan qariyb 2500 kishi borishi kutilayapti.

Shu yilning 30 iyulida ochilgan va 3 sentabrgacha davom etadigan “Umra-2011” mavsumida, O‘zbekiston din ishlari qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2468 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi Saudiya Arabistoniga safar qiladi.

Ziyoratchilarni tashish uchun Toshkent-Jidda yo‘nalishi bo‘yicha 12 ta reys amalga oshirilishi aytilmoqda.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 30 iyul kuni amalga oshirilgan dastlabki reysda 174 kishi, 1 avgust kuni esa 250 ziyoratchi Jiddaga uchib ketgan

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Makkai mukarramada Haram masjididan 600 metr narida joylashgan “al-Bishara mavadda” mehmonxonasi, Madinai munavvarada esa Rasululloh (SAV) masjidiga qo‘shni bo‘lgan “Abroj al-Majidiy” mehmonxonasiga joylashtirilishi aytilmoqda.

Mehmonxonalarni avvaldan egallab qo‘yish, shuningdek, ziyoratchilarning transport, oziq-ovqat, dori-darmonlar bilan ta‘minlanishi uchun, xabarlarga ko‘ra, 23 iyul kuni Saudiya Arabistoniga 2 ishchi guruhi yuborilgan.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar dastlab 3 kecha va 4 kunduz Madinai munavvarada bo‘lishi, keyin esa Makkai mukarramaga yo‘l olishi kutilmoqda.

Rasululloh (SAV) bilan birga Haj qilish savobiga teng Ramazon umrasiga borishni jahondagi aksariyat dindoshlari kabi o‘zbekistonlik musulmonlarning ham ko‘pi orzu qilib keladi. Bu davrda, ayniqsa, Ramazonning so‘nggi o‘n kunida Arabiston yarim orolida joylashgan ikki Haram xuddi Haj mavsumida bo‘lgani kabi o‘ta gavjum bo‘ladi.

Rasmiy ma‘lumotlarga muvofiq, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan 20 yil mobaynida mamlakat musulmonlardan 80 mingdan ziyodrog‘i Ramazon umrasini ado etishga muvaffaq bo‘lgan. O‘zbekistondagi rasmiy idoralar ko‘magidan foydalanmagan holda Ramazon umrasini ado etgan o‘zbek musulmonlari soni haqida aniq ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG