Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:19

O‘zbek o‘qituvchilari ta‘tilni dalada o‘tkazmoqda


O‘zbekistonda qishloq maktablari, kollej va litseylari o‘qituvchilari yozgi ta‘til mavsumida majburiy mehnatga jalb qilinayaptilar.

O‘qituvchilar ta‘tilda ham bekor emas

O‘zbekistonning qishloq maktablari, kollej va litseylari o‘qituvchilari yozgi ta‘til davomida dala ishlaridan chopiq, yagana, chekanka ishlariga hamda ariq-zovurlarni, yo‘l bo‘ylarini tozalash, qurilish ishlari va maktablarni ta‘mirlash ishlariga majburiy ravishda jalb qilinmoqdalar.

Bu haqda mamlakatning turli hududlarida yashovchi o‘qituvchilar Ozodlik bilan suhbatda ma‘lum qildilar.

Namangandagi qishloq kollejlaridan birining ismini oshkor qilishni istamagan o‘qituvchisiga ko‘ra, ayni kunlarda u va uning hamkasblari dala va qurilish ishlariga jalb qilinganlar.

- Biz o‘zimiz yangi kottejlar atrofida chim bosishga chiqdik. Qishloq xo‘jalik ishlaridan chopiqqa chiqdik, yaganaga chiqdik. Eng asosiysi yo‘lkira o‘zimizdan. Yaxshi fermerga tushib qolsak, u obedni ko‘taradi. Tushmasak, obedni yonimizdan qilishimiz kerak. Mehnat haqqi berilmaydi. Bu mutlaqo tekin,- deydi namanganlik kollej o‘qituvchisi.

Jizzaxning Zarbdor tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi Ziyodullo Razzoqov Jizzaxda ham maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga chiqarilmoqda, deydi.

- O‘qituvchilar dam olish ta‘tillarida jamoat ishlarida, asosan qishloq xo‘jalik ishlariga oid bo‘lgan paxta chekankalari, yo‘l chetlarini tozalash, har xil begona o‘tlardan tozalash bilan ovora. Mana bugungi kunda maktab hovlisidagina emas hattoki katta yo‘l atrofidagi har xil begona o‘tlarni ham tozalashayapti,- deydi Ziyodullo Razzoqov.

Bu kabi holatlarni Farg‘ona, Andijon, Xorazm va Sirdaryoning ayrim qishloqlaridagi manbalar ham tasdiqlashdi.

Intizomga rioya qil!

Suhbatdoshimiz namanganlik kollej o‘qituvchisiga ko‘ra, majburiy mehnatga chiqishni xohlamagan o‘qituvchilar ishdan haydalish va dars soatlarini qisqartirish kabi tahdidlar orqali qo‘rqitiladi.

- “Ishlayapsanmi, intizomga rioya qil. Kollektiv chiqadimi, ishlaydimi, sen ham chiqasan”, degan tartibda. Asosiy negizida nima yotibdi? Navbatdagi mehnat shartnomasini bekor qilish degan qo‘rquv yotibdi. Ya‘ni o‘sha bilan o‘qituvchi albatta ogohlantiriladi. “O‘ylanib ko‘r. Chiqmasang, mehnat shartnomasini bekor qilamiz”, degan qo‘rqitishlar yotadi. Ogohlantiriladi. Bu norasmiy ogohlantiriladi,- deydi namanganlik o‘qituvchi.

O‘qituvchilarning dala va qurilish ishlariga tahdid bilan olib chiqilayotganini jizzaxlik o‘qituvchi Ziyoddullo Razzoqov ham tasdiqladi.

- Agar chiqmayman desa, unga albatta dars taqsimotlari, ish taqsimotlari paytida bosim qilinadi. O‘qituvchi rejalagan ishidan to‘liq ololmaydi. Bir stavka ish bilan ta‘minlanishi kerak bo‘lgan joyda yarim stavka ish bilan chegaralanib qoladi xolos,- deydi Ziyodullo Razzoqov.

Ma‘lum bo‘lishicha, majburiy mehnatdan bosh tortgan ayrim o‘qituvchilarning ishdan haydalish holatlari ham kuzatilgan. Biroq Ozodlikda bu borada aniq ma‘lumotlar mavjud emas.

Biz o‘qituvchilarning yozgi ta‘tilda majburiy mehnatga jalb qilinayotgani holati bo‘yicha, O‘zbekiston xalq ta‘limi vazirligiga murojaat qildik. Vazirlikning o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish borasida biror bir yozma hujjat mavjud emasligi, biroq mahalliy xokimliklar tashabbusi bilan o‘qituvchilar ixtiyoriy ravishda jamoat ishlariga jalb qilinishi mumkinligini aytdi.

So‘nggi yillarda o‘zbek o‘qituvchilarining nafaqat yozda balki yilning barcha mavsumlarida turli xil jamoat ishlariga jalb qilinishi kuzatiladi.
XS
SM
MD
LG