Линклар

AQShdagi qator yirik shirkatlar O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani boykot qilish aksiyasiga qo‘shildi.

AQShdagi nufuzli WWD internet nashrining xabar qilishicha, bolalarni ekspluatatsiya qilish hisobiga yetishtirilayotgan O‘zbekiston paxtasini boykot qilish tadbiriga AQShdagi Walmart, Macy's Eileen Fisher, Nautica, Liz Claiborne va Nike kabi yirik shirkatlar qo‘shilgan.

“O‘zbekiston hukumati paxtadan yuqori hosil olishga 2 million bola kuchi bilan erishmoqda. Ularning ko‘pini yetti yoshdan katta bo‘lmagan bolalar tashkil qiladi”, deb yozar ekan WWD paxta terish mavsumida o‘zbekistonlik o‘quvchilar ikki oy o‘qishdan mahrum etilishini qo‘shimcha qiladi.

O‘zbek paxtasini boykot qilayotgan amerikaliklar paxta terimida ishtirok etayotgan bolalarning zararli kimyoviy moddalardan zaharlanayotgani, ularga paxta terish bo‘yicha kunlik me‘yor belgilab qo‘yilgani, normani bajarmagan o‘quvchilar maktabdan haydalishi va hatto jismoniy jazoga tortilishi kabilarga e‘tibor qaratadilar.

Shu yilning may oyi oxirida AQShning bolalar kiyimi ishlab chiqaruvchi "Gymboree" shirkati o‘zbek paxtasini sotib olishdan voz kechganini e‘lon qildi.

”AQSh va Kanadada 600 dan ortiq do‘konga ega shirkat bu qarordan maqsad O‘zbekiston hukumatini paxta hosilini yig‘ib olishda majburiy bolalar mehnatidan foydalanmaslikka ko‘ndirishdir”, deyilgandi shirkat veb-sahifasida e‘lon qilingan bayonotda.

O‘zbekiston paxta dalalaridagi bolalarning majburiy mehnati bilan bog‘liq muammo 21 iyun kuni Yevropa Parlamentida ham muhokama etilgandi. Bu masala qator xalqaro inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, Qullikka qarshi kurash xalqaro tashkilot hamda Berlindagi O‘zbek-Nemis forumi shikoyatlari ortidan Yevroparlament muhokamasiga qo‘yilgandi.

So‘nggi yillarda bir qator G‘arb shirkatlari, jumladan, "Tesco", "Marks & Spenser" kabi yirik shirkatlar ham majburiy bola mehnatidan foydalanilgani bois o‘zbek paxtasini boykot qilib kelishadi.

O‘zbekistonda har kuz balog‘atga yetmagan bolalar majburiy paxta yig‘im-terimiga jalb etiladi. Biroq O‘zbekiston hukumati paxta terimi mavsumida bolalar mehnatidan foydalanayotganini rad etib keladi.

Paxta eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan O‘zbekiston paxta savdosidan yiliga bir milliard AQSh dollaridan ortiq foyda olishi taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG