Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:05

O‘zbek muhojiri "katta oylik" va’da qiluvchi aldamchi firmalar o‘ljasi bo‘lib qolmoqda


Ish topib berishni va’da bergan shirkat eshigidagi yozuv
Ish topib berishni va’da bergan shirkat eshigidagi yozuv

Sankt-Peterburg shahrida ish izlayotgan bir guruh o‘zbekistonlik mehnat muhojiri firibgarlar o‘ljasiga aylandi. Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbek muhojirlari ish topib berish va’dasini berib, xizmat haqini olgan “TRIUMF” tashkiloti 400ga yaqin odamni aldab, g‘oyib bo‘lganini aytmoqda.

“Bu yerda FIRIBGARLAR ishlaydi!!!”

Rossiyaning “madaniy” poytaxti Sankt-Peterburgda bir guruh o‘zbek muhojiri firibgarlar tomonidan aldandi.

WhatsApp messenjeri orqali bu haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan muhojirlardan biri Internet orqali xizmat haqi evaziga yaxshi maosh to‘lanadigan ishga joylashtirishni va’da berayotgan tashkilotni topib, murojaat qilishga qaror qilganini yozdi.

- “Sankt-Peterburg shahrining Chernishevskiy metrosi, Rileeva-10 adresida ish borligini bilib, 2017 yilning 25 fevral kuni +79602369772 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, “TRIUMF” ishga joylashtirish firmasi bilan gaplashdik. Ular haqiqatan ishga joylashtirishini aytib, yuqoridagi manzilga kelishimizni bayon qildi. Biz ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha bordik. TRIUMF ishga joylashtiruvchi firmasi bizga 2500 Rossiya rubli to‘lov qilishimizni aytdi. Ular bizga va’dalar berib, ishontirdi. Biz ushbu 2500 rubl pulni firma kadrlar bo‘limiga naqd to‘ladik va bizga to‘lov kvitansiyasi berishdi hamda dogovor nusxasini ham berishdi. Shu kuni firmaning kadrlar bo‘limi xodimi bizga “Telefonlaring ishlab tursin - sizlarga telefon qilib, qaysi bazaga odam kerak bo‘lsa, usha yoqqa borasizlar. Soat 18-00 gacha telefon qiladi”, deb bizni ishontirdi, deb yozdi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan mehnat muhojiri.

Ular na o‘z yotoqlariga qaytib kelgan kun, na keyingi 5 kun davomida kadrlar agentligidan xabar olgan. Ozodlikka gapirgan muhojirga ko‘ra¸ toqati-toq bo‘lgan o‘zbekistonlik ish izlovchilar yana “TRIUMF”ga borib¸ xizmat haqini qaytarib berishni talab qilgan.

O‘zbek migrantlari "Triumf" eshiklari oldida
O‘zbek migrantlari "Triumf" eshiklari oldida

Aytilishicha¸ tashkilot xodimasi ular pullari faqat 20 mart kuni qaytarib berilishini bildirgan:

- Biz aytilgan kuni borsak, ular ushbu manzildan ketishgan, eshik yopiq ekan. Eshikka “Zdes rabotayut MOShENNIKI!!!” – “Bu yerda FIRIBGARLAR ishlaydi!!!” deb qog‘oz yopishtirilganini ko‘rdik. Atrofda odam ko‘p: hammani ishga joylashtiramiz deb, aldab ketishgan ekan. Biz bilan birga u yerda o‘zbek, tojik, qirg‘iz, rus - jami bo‘lib 400 dan ziyod insonning halol pulini aldov yo‘li bilan o‘zlashtirib o‘zlari g‘oyib bo‘lishgan ekan, dedi o‘zbek muhojiri.

"Bu erda FIRIBGARLAR ishlaydi!!!"
"Bu erda FIRIBGARLAR ishlaydi!!!"

O‘zbekistonliklar darhol O‘zbekiston Respublikasining Moskvadagi Konsullik bo‘limiga telefon orqali yordam so‘rab murojaat qilgan. Telefon go‘shagini ko‘targan navbatchi konsullik bu ish yuzasidan yordam bera olmasligini bildirgan.

Qalloblar o‘ljasiga aylangan o‘zbekistonlik yigitlar Ozodlikka murojaat qilish orqali “Rossiyada ishlayotgan vatandoshlarni bunaqangi yolg‘onchi firmalarga ishonmasligi haqida” xabardor qilish niyatida ekanliklarini bildirdi.

Ular jabrlanganlar orasida Rossiya vatandoshlari ham borligi, shu sababli ular “TRIUMF” kadrlar agentligi ustidan prokuraturaga shikoyat qilgan bo‘lishlari mumkinligini taxmin qildi.

Муҳожирлар фирибгарлар ўлжасига айланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:11 0:00

Sankt-Peterburg shahar prokuraturasi va Rileeva ko‘chasi joylashgan Markaziy tuman prokuraturasining Ozodlik bog‘langan rasmiylari bu masala yuzasidan shikoyat tushgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘qligini bildirishdi.

“Yolg‘onchi tuzilmalar inqiroz paytida ko‘payadi”

Kadr agentliklari niqobi ostida oddiy firibgarlik bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlar Rossiyaning aholi zich yashayotgan aksar yirik shaharlarida mavjud.

Rossiya IIV rasmiy xabariga ko‘ra, 2016 yil davomida qalloblik bilan bog‘liq jinoyatlar soni umumiy hisobda 8,3 dan qariyb 10 foizga oshgan.

Toshkent viloyatidan ish izlab kelgan er-xotin Vohidovlar ( familiya o‘zgartirilgan.-tahr.) Moskva shahrida ayni qalloblik o‘ljasiga aylangan muhojirlardan:

- O‘tgan yil bahorda Rossiyaga ishlagani kelgandik. Moskvada ko‘chada bepul tarqatiladigan “Rabota” gazetasidan er-xotinga ish borligini, oyligi katta ekanini o‘qib qoldim. Ko‘rsatilgan telefon orqali ulanib, er-xotin xizmatkor kerakligini aniqladim. Men bilan shartnoma imzolashdi, birinchi oyligimizning muayyan foizi miqdorida bu agentlikka pul o‘tkazishimizni aytdi. Podvalda joylashgan tashkiloti xodimi biz bilan borib “ish joyimizni” ko‘rsatdi, hatto yotoqxonamizga olib bordi. Xullas, avvaliga 20 ming, keyin qarz olib yana 10 ming olib borib berdim, dedi Ozodlik bilan suhbatda oila boshlig‘i.

Tayinlangan kuni bu firmaga narsalarini ko‘tarib borgan Vohidovlar, uning allaqachon g‘oyib bo‘lgani, hatto yotoqxonadagilarning bunday firma borligini bilmasligidan xabar topgan..

Muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchi moskvalik advokat Timofey Shirokov Ozodlik bilan suhbatda oxirgi paytlarda kvartira va ish bilan ta’minlashni o‘z bo‘yniga olib, “kidat” qilib ketayotgan firibgarlar ko‘payib borayotganini aytadi.

"Xizmat haqi" olingani to‘g‘risida kvitantsiya
"Xizmat haqi" olingani to‘g‘risida kvitantsiya

U bu tashkilotlardan ayrimlari o‘z o‘ljasidan oddiy SMS yoki qo‘ng‘iroq orqali mablag‘ undirsa, yana boshqasi u yoki bu mutaxassislikka “avval o‘qitamiz” bahonasida olinadigan haq evaziga tirikchilik qilishini bildirdi:

- Bunday yolg‘onchi firmalar turi juda ko‘p. Bulardan eng tarqalgani – “ishga joylashtiramiz” bahonasida shaharga kelayotgan muhojirlardan pul olayotgan "uddaburonlar". Ular avvaliga arzimagan xizmat haqi so‘rashadi, katta maosh va’dadini beradi. Kim ular bilan 500 rubl yoki 1000 rubl uchun sudlashadi, politsiyaga murojaat qiladi, deb o‘ylaysiz?! Ko‘p hollarda bunday tashkilotlarni aynan shu politsiya xodimlarining o‘zi himoya qiladi!

Ishga joylashishda firibgar firmani aniqlashning eng yaxshi yo‘li -katta maosh va ajoyib sharoitlari bor ishga joylashish uchun hatto bir tiyin so‘ragan agentlikdan uzoq turing. Ko‘pincha bunday tashkilotlar Internetda faol bo‘ladi, dedi o‘zini hurmat qilgan korxonalar ishga olish uchun pul so‘ramasligini bildirgan huquq himoyachisi Timofey Shirokov.

Firibgarlar taklif etgan shartnoma
Firibgarlar taklif etgan shartnoma

Mutaxassis¸ ko‘pchilik muhojir o‘qimasdan imzolayotgan shartnomalarda pul “ma’lumot berish uchun” olingani yozib qo‘yilgani, ya’ni hech qaysi sudda ular aybini isbotlashning iloji yo‘qligini aytadi.

Mutaxassis fikricha qalloblik bilan shug‘ullanayotgan tashkilot:

  1. Biror mutaxassisligi yo‘q odamga juda katta maosh beriladigan ish taklif etadi;
  2. Telefon orqali ish masalasida qo‘shimcha ma’lumot berilmasligini aytib, “shaxsiy uchrashuv”ga chaqiradi;
  3. Ishga joylashtirishda oldindan pul talab qiladi;
  4. Ishga joylash uchun biror jihoz, xom-ashyo, tibbiy ma’lumotnoma yoki o‘qish kurslariga qatnashishni talab qiladi;
  5. Hujjat nusxalarini darhol talab qilib oladi;
  6. Shubhali joylarda joylashgan bo‘lib, odatda xonalari jihozlanmagan bo‘ladi;
  7. Juda ko‘p vaqt oladigan test sinovlaridan o‘tishni talab qiladi.

Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Rossiyada qayd etilayotgan har o‘ninchi jinoyat qalloblik va tovlamachilik bilan bog‘liq.

XS
SM
MD
LG