Линклар

logo-print

O‘zbekiston plastik kartochkalar muammosini tan oldi


Plastik kartochka ko‘p, lekin uni ishlatish imkoni o‘ta cheklanganini endi rasmiylar ham tan olmoqda.

Plastik kartochka ko‘p, lekin uni ishlatish imkoni o‘ta cheklanganini endi rasmiylar ham tan olmoqda.

Joriy yilda Toshkent shahridagi 12 ta dehqon bozorida yuzdan ziyod terminallar o‘rnatilib, bozorlarning barchasida plastik kartochka bilan savdo qiluvchi “Elga xizmat” sho‘ba korxonalari tashkil qilindi. Biroq mutasaddilar plastik kartochkalar bilan bog‘liq muammolar hanuz hal bo‘lmaganini tan olmoqda.

Joriy yilning mart oyidan boshlab Toshkent shahri bozorlarining barchasida faqat plastik kartochkaga savdo qiluvchi “Elga xizmat” sho‘ba korxonasi o‘z faoliyatini boshladi.

Toshkentdagi “Oloy” bozori ma‘muriyatining shaxsi oshkor qilinmasligi sharti bilan gapirgan xodimlaridan biriga ko‘ra, bozordagi “Elga xizmat” savdo shohobchalari 7 ta terminal orqali xaridorlarga xizmat ko‘rsatayapti.

- Hozir, Toshkentdagi har bitta bozorda "Elga xizmat" korxonalari ochilgan. Ular faqat terminal bilan ishlashadi. "Elga xizmat" bu davlatning yarmarkasidek bir korxona. Oldin larëklar bo‘lardiyu, shunga o‘xshagan narsa bo‘layaptida. Bozor ichidagi narxdan ularda arzonroq. Tem boleye terminallar ishlatilayaptida,- dedi "Oloy" bozori ma‘muriyati xodimi.

“Elga xizmat” korxonasi elektron to‘lov terminallari orqali xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va plastik kartochkalar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish maqsadida tashkil qilingani aytilmoqda.

Lekin mutasaddilar plastik kartochkalar bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotganini inkor etmayaptilar.

Masalan, 7 iyun kuni “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatilgan “Nigoh: O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q” ko‘rsatuvida mamlakatda plastik kartochkalar bilan bog‘liq muammolar haqida gap bordi.

Bu ko‘rsatuvni davlat televideniyesi tayyorlagani inobatga olinsa, O‘zbekiston rasmiylari plastik kartochkalar bilan bog‘liq muammoni tan olmoqda, deyish mumkin.

Soliq sohasi mutaxasislari bilan hamkorlikda tayyorlangan ushbu ko‘rsatuvda qayd qilinishicha, mamlakatdagi dehqon bozorlarida plastik kartochkalarga savdo qilish imkoni cheklangan, savdo shohobchalarida o‘rnatilgan terminallar ham ko‘ngildagiday ishlamaydi, plastik kartochkalarga savdo qilish qimmat, ya‘ni mahsulotlar narxlarida katta tafovut mavjud.

Biroq davlat televideniyesi namoyish qilgan ko‘rsatuvda plastik kartochkadagi pulni ma‘lum foiz miqdoridagi haq evaziga naqdga aylantirish bilan shug‘ullanuvchi “tekintamoq” guruhlar borligi tanqid qilindi, lekin davlat tomonidan o‘rnatilgan bankomatlardan naqd pul yechib olish imkonsizligi haqida lom-mim deyilmadi.

Xususan, ko‘rsatuvda ishtirok etgan soliq xodimi: "O‘tkazilgan nazorat tadbirlari jaraënida aniqlangan har bir qonun buzilishi holatlari qat‘iy prokuror nazorati hujjatlarini qo‘llash orqali bartaraf etilishi ta‘minlanmoqda. Shu kunga qadar oltita holatda 40 million so‘mdan ortiq pul mablag‘lari plastik kartochkalardan 15 foiz evaziga noqonuniy ravishda naqdlashtirib olinganligi aniqlanib, ushbu jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta‘minlangan", deya ta‘kidlaydi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish shohobchalarining taxminan 40 foizida terminal yo‘q.

Toshkentdagi “Chorsu” bozori ma‘muriyatining ismi sir qolishini istagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda plastik kartochkalar joriy qilina boshlaganiga bir necha yil bo‘lganiga qaramasdan, tadbirkorlar talabiga yarasha terminallar o‘rnatilganicha yo‘q, deydi.

- Terminallar bor, ha. Lekin hamma do‘konlarda emas. 100 foiz bor, deb bo‘lmaydi. Yetmayapti terminallar. Bank berishi kerak. Banklarda o‘zi yo‘q. Bor bo‘lsa, yo‘q demayapti tadbirkorlar. Ariza ham tashlab kelishgan bankka. Bo‘lishi bilan beramiz, deyishadi. Boshlashdi berishni, ammo hali hammada emas,- deydi "Chorsu" bozori ma‘muriyati xodimi.

Ayni paytda O‘zbekiston Markaziy bankiga ko‘ra, muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni qarayb 8 millionga yetib qolgan, savdo hamda xizmat ko‘rsatish shohobchalariga o‘rnatilgan bankomat va terminallar soni esa 86,1 mingga yetgan.

O‘tgan yili plastik kartochkalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi 5 trillion 700 million so‘mni tashkil etib, bu 2009 yilga nisbatan 2,5 barobarga ko‘p ekani aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG