Линклар

logo-print
Amerikada chiqadigan Newsweek jurnali O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovni jahonning o‘nta mustabidi qatoriga kiritdi.

Bu ro‘yxat Parijdagi shov-shuvli mahkama arafasida e‘lon qilindi.

19 may kuni Parijdagi mahkama prezident Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillayevaning fransuz nashri Rue89 ga qarshi da‘vosini ko‘rib chiqadi.

O‘zbekistonning YuNESKOdagi elchisi bo‘lgan Karimova-Tillayeva otasini “diktator” o‘zini esa "diktatorning qizi" deb tasvirlagani uchun fransuz nashrini "tuhmat"da ayblab, sudga bergan.

Parijdagi mahkamada Karimov diktator yoki diktator emasligi ko‘rib chiqishi arafasida Newsweek jurnali bunga o‘z bahosini berdi.

Jurnalning mustabidlar indeksida O‘zbekiston prezidenti to‘qqizinchi o‘rinda turibdi.

Jurnalga ko‘ra, O‘zbekistonda “ota” laqabi bilan nom chiqargan Karimovning eng mudhish jinoyati sirasida 2005 yil may oyida Andijonda yuzlab odamning qatliom qilinishi va o‘z muxoliflarini qamoqda qiynoqqa solishini keltirish mumkin.

Newsweek jurnalining yozishicha, hozirda jahondagi eng ashaddiy o‘nta mustabid rejimlardan 400 million odam, jumladan O‘zbekistondagi 28 million aholi jabr ko‘rmoqda.

Karimov qatori bu ro‘yxatda Liviyani 41 yildan buyon boshqarib kelayotgan Muammar Qaddafiy, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko, Turkmaniston prezidenti Qurbonquli Berdimuhammadov va boshqalar nomlari bor.

Rue89 nashri muxbiri Ogustin Skalbert Ozodlik bilan suhbatda, Karimovning diktator ekani aniq faktdir va buni sudda isbotlash qiyin emas, deydi.

- Bu fakt. Qonun bo‘yicha biz buni isbotlashimiz kerak, bu esa bizga juda oson. Olti yil avval Andijonda ommaviy qirg‘in bo‘ldi, hukumat muxoliflari o‘zbek qamoqxonalariga tashlandi, qiynoqqa solindi. Shunday ekan uning diktator ekanini isbotlash qiyin emas,- deydi Ogustin Skalbert.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG