Линклар

logo-print
Yashirin faoliyat olib borishini aytayotgan harakat O‘zbekistondagi rejimni SMS yordamida o‘zgartirmoqchi.

“SMS inqilob va Birlashgan o‘zbeklar” nomli yangi harakat Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘z sahifasini ochib, O‘zbekistondagi siyosiy rejimni o‘zgartirish va o‘zbek millati mavqeini ko‘tarish uchun o‘zbekistonliklarning mobil telefonlariga turli da‘vatlar bilan SMS yuborishni maqsad qilgani haqida yozdi.

Ushbu harakat O‘zbekiston rejimiga qarshi kurashda birlashishga chaqirib, Qirg‘izistondagi o‘zbeklar taqdiridan ham xavotir bildiradi.

“SMS inqilob va Birlashgan o‘zbeklar” harakati yaqin orada 500 mingta SMS jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘lishini iddao qilmoqda.

Yangi tashkilot O‘zbekiston ichkarisida hukumat ommaviy tarzda SMSlarni to‘sishga harakat qilayotgani va “Birlashgan o‘zbeklar” o‘z SMSlarini Turkiyadan sun‘iy yo‘ldosh orqali jo‘natishni rejalashtirayotganliklari haqida ham yozadi.

“SMS inqilob va Birlashgan o‘zbeklar” o‘z faoliyatlarida G‘arbning va AQShning hech qanday qo‘li yo‘qligini ta‘kidlaydi.

Ayni paytda o‘zlarini ommaga ochiqlashni istamayotgan ushbu harakat rahbarlari Portugaliyada yashayotgani va O‘zbekiston ichkarisida o‘zining 24 faoli borligini ma‘lum qildi.

Biz ushbu harakat a‘zolarining yashirin faoliyat ko‘rsatayotgani uchun ular bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘lmadik.

Yangi harakat faoliyatidan xabardor O‘zbekiston inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdujalil Boymatov Ozodlikka “SMS inqilob va Birlashgan o‘zbeklar” haqida quyidagilarni ma‘lum qildi.

- Bular bilan men kecha bog‘landim. Chat orqali gaplashdim. Ular 24 kishi.

Ozodlik: Nima uchun ular yashirin faoliyat ko‘rsatishmoqchi?

- To‘g‘risi ular qo‘rqishayapti. Chunki o‘sha namoyishlar boshlanmasidan oldin, boshqa narsalar bo‘lmasidan oldin ularning qarindoshlariga tazyiq bo‘lishi mumkin.

Ozodlik: Men bularning murojaatini o‘qib chiqdim. Bular murojaatida qo‘rqoqlikdan qochishga da‘vat qilishadi. Nega endi bu yoqda o‘zlarini oshkor qilishmayapti?

- Endi bu qo‘rquv haqiqatan juda singib ketgan. Odatiy holga aylanib qolgan. Lekin bunaqa bo‘lishi mumkinmas.

Ozodlik: Tashkilotning maqsadi nima?

- Bular o‘z nomidan ko‘rinib turibdi o‘zbek muxolifatini birlashtirmoqchi. Haqiqatan o‘zbek muxolifati 20 yil davomida o‘zaro hamkorlik qilib, harakatlarni muvofiqlashtirib harakat qilishi kerak edi. Shu narsa chiqmadi. Lekin shu narsaga yoshlar tashabbus ko‘rsatayapti. Bular hamma muxolifat harakatlarini birlashtirmoqchi.

Ozodlik: Demak, so‘zingizdan bilishimcha, bular yoshlar.

- Ha. Lekin bu tabiiy. Chunki Karimovning tizimidan eng ko‘p jabr tortgan yoshlar.

Ozodlik: Bular muxolifatni birlashtirdi deylik. Keyingi harakati nima?

- Hozir O‘zbekistonda Islom Karimovga nisbatan fuqaroviy bo‘ysunmaslik kompaniyasi boshlash tashabbusi ilgari surilyapti. Bu kompaniyaga masalan, bizning tashkilotimiz ham qo‘shilgan. O‘zbekiston xalq harakati boshlab berdi. Boshqa ko‘p tashkilotlar qo‘shildi. Shu qatori "SMS inqilob va birlashgan o‘zbeklar" ham qo‘shildi. Unaqa tashkilotlar juda ko‘payib ketdi.

Ozodlik: Shunaqa tashkilotlarning qo‘ziqorinday ko‘payayotgani maqsadga muvofiqmi?

- Bu tashkilotlarning qo‘ziqorinday ko‘payishiga sabab O‘zbekistonda mazlumlar ko‘p. Tazyiqlar ko‘p bo‘lganligi uchun qancha ko‘p odam tazyiqqa uchragan bo‘lsa, shunchalik qarshilar ko‘payadi. Shuning uchun tashkilotlar ko‘payib ketayapti. Bu tabiiy narsa.

Ozodlik: "SMS inqilob va birlashgan o‘zbeklar" siyosiy harakati O‘zbekiston ichkarisidagi fuqarolarning mobil telefonlariga SMS jo‘natamiz deyishayapti. Demak, bu ma‘lum miqdorda mablag‘ degani. Ularning orqasida biror-bir homiy turibdimi?

- Yevropada homiy bo‘lishi shart emas. Masalan, men ham ishlamayman. Lekin bemalol hayot kechirish uchun bu yerda ta‘minlangan bo‘lasiz.

Ozodlik: Lekin SMSni O‘zbekistonga jo‘natish tekin emasku. Ma‘lum miqdorda pul kerak bunga.

- Ma‘lum bir pullarni hamma ham iqtisod qilsa, yaxshilab sarf-xarajat qilsa, pul orttirish mumkin.

Ozodlik: Siz aytmoqchisizki, ularning hech qanday homiysi yo‘q, o‘zlari harakat qilayapti.

- Albatta. Masalan, biz ham o‘zimiz harakat qilamiz. O‘ylab ko‘ringda, O‘zbekistonni tashlab chiqishga majbur bo‘lganmiz. Bizlar O‘zbekistonga borib yashashni xohlaymiz. Biz O‘zbekistonning kelajagi, ravnaqi uchun kurashayapmiz. U yoshlar ham xuddi shunday. Qaytib borolmasa. Boshqa iloji yo‘q. Karimovni ag‘darib keyin borishimiz mumkin.

Ozodlik: O‘zlarini O‘zbekiston rejimiga qarshi, deb atayotgan tashkilotlar amalda biror-bir ish qilishdimi?

- Mana shu tashkilotlar tuzilganining o‘zi, murojaatlar qilayotganining o‘zi qilingan ishlarda. Hozir butun dunyo bildi o‘zbek muxolifati Karimovga qarshi fuqaroviy bo‘ysunmaslik e‘lon qilganini. Kompaniya boshlandi. Bir oyga yaqin bo‘lib borayapti. Borgan sari bu harakatlar kuchayapti.

Ozodlik: Siz aytayotgan tashkilotlar faoliyati O‘zbekiston qonunlariga to‘g‘ri keladimi?

- Albatta. Biz faqat nozo‘ravon yo‘l bilan Karimovning rejimiga qarshi kurashamiz. Lekin Karimov bizga, muxolifatga nisbatan O‘zbekiston konstitutsiya va qonunlariga, xalqaro konvyensiyalarga zid ravishda bizga qarshi kurashayapti. Biz faqat nozo‘ravon yo‘l bilan kurashamiz.

Ozodlik: Nozo‘ravon, yo‘l deganda nima qilasizlar?

- Faqat namoyishlar, tinch namoyishlar. O‘zbekiston konstitutsiyasi bo‘yicha namoyishlar hammasi garantiyalangan. Hamma O‘zbekiston fuqarolarining erkinliklari kafolatlangan.

Ozodlik: Bu O‘zbekistonda yana bir qon to‘kilishiga yoki qama-qamalarning ko‘payishiga olib kelmaydimi?

- Bizning kurashimiz nozo‘ravon kurash. Agar qon to‘kish bo‘lsa ham, Karimov rejimi tomonidan amalga oshiriladi.

Ozodlik: Lekin baribir qon to‘kiladiyu.

- Endi buning uchun Karimov rejimi aybdor bo‘ladi. Biz O‘zbekistonda tinch yo‘l bilan erkin, demokratik jamiyat tuzilishini xohlaymiz. Erkin, demokratik jamiyatda korrupsiya juda kam bo‘ladi, poraxo‘rlik kam bo‘ladi, qashshoqlikka kurashish imkoniyati kuchayadi. Qanchalik jamiyat erkin bo‘lsa, o‘sha jamiyatga invyestitsiya ko‘proq keladi. Invyestitsiya kelgani bu O‘zbekistonda yangi ish joylari yaratiladi deganidir. O‘zbeklar ish bilan ta‘minlanadi. O‘zbeklar Qozog‘iston, Rossiyalarga mardikor bo‘lib borib yurmaydi,- dedi Abdujalil Boymatov.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG