Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:53

O‘zbekiston Rossiyada vakolatxonalari tarmog‘ini kengaytiradi


Boshqirdistondagi muhojirlarning 80 foizi - o‘zbekistonlik.
Boshqirdistondagi muhojirlarning 80 foizi - o‘zbekistonlik.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Rossiyaning qator mintaqalarida vakolatxonalar ochadi. Agentlikning bildirishicha, vakolatxonalar o‘zbekistonlik ishchi migrantlarni Rossiyada yashash va ishlashga tayyorlanishga ko‘maklashadi. Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasida esa O‘zbekistonning vakolatxonasi ochilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Rossiyaning qator mintaqasida mehnat muhojirlariga ishga hozirlanishga ko‘maklashuvchi vakolatxonalarni ochadi.

“Rossiya 24” telekanali xabariga ko‘ra, O‘zbekistondan kelayotgan mehnat muhojirlariga rus tili va tarixi, madaniy an’analari va yurish-turish tartib qoidalaridan saboq beriladi.

- Til, mamlakat an’analari, urf-odatlari, shuningdek, vatandoshlarimizga nolegal mehnat migratsiyasi oqibatlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib boriladi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hududida bugungi kunda bir millionga yaqin vatandoshlarimiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib keladi, dedi O‘zbekiston Mehnat vazirligining xalqaro hamkorlik bo‘limi bosh mutaxassisi Bekzod Bohodirov rus telekanaliga bergan intervyusida.

Agenlik vakili oxirgi yillarda o‘zbek ishchilarini boshqa mamlakatlardagi ishga joylashtirish amaliyoti sinovdan o‘tganini bildirdi. Uning keltirgan ma’lumoticha, Mehnat vazirligi yordamida oxirgi 15 yilda Janubiy Koreyada – 30 ming, Yaponiyada – 200 kishi, Rossiyada – 5 mingga yaqin odam ish bilan ta’minlangan.

O‘zbekiston Tashki mehnat migratsiyasi masalalari agentligida Ozodlik so‘roviga bunday vakolatxonalar ochilishi mahalliy o‘zbek jamoalari va diasporalari bilan hamkorlikda amalga oshirilishini bildirishdi.

Mehnat vazirligi o‘zbek muhojirlariga Tashki mehnat migratsiyasi masalalari agentligi yordamida Rossiyada ishga joylashib ishlagan muddatini O‘zbekistonda mehnat staji sifatida hisobga olishini va’da qildi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya departamenti ochiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yil boshida Rossiyada 9 million 747 ming xorijlik va fuqaroligi yo‘q shaxs yashab kelgan.

Hisob-kitoblarga binoan, eng ko‘p qaydga turgan vatandoshlar – O‘zbekistondandir: ular soni 3 million 354 ming kishini tashkil etgan. Vaholanki, bundan oldinroq tarqatib yuborilgan FMS Rossiyadagi o‘zbeklar sonini 1 million 755 ming kishi qilib ko‘rsatgan edi.

Boshqirdistonda elchixona ochiladi

Har holda, Rossiyada soni oshib borayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari to‘qnashayotgan ijtimoiy, yuridik va hukuqiy muammolarni bartaraf etishga Rossiyada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan O‘zbekiston elchiligi va vakolatxonalari imkoniyatlari yetarli bo‘lmay qolgani ko‘zga tashlanmoqda.

Ozodlik oxirgi paytlarda Rossiyaning turli mintaqalaridagi Xorijliklarni saqlash muassasalarida oylab va hatto yillab o‘z yurtiga jo‘natilmasdan qolib ketayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar to‘g‘risida xabar berib keladi.

Boshqirdiston Respublikasi Migratsiya masalalari bo‘yicha sayyor guruh mintaqada migratsiya masalasida yuzaga kelgan bu kabi muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan qator o‘zgartishlarni joriy qilishni taklif etdi. Jumladan, Boshqirdistonda eng ko‘p sonli bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari masalalarini hal qilish uchun O‘zbekiston vakolatxonasi ochilishi xabar qilindi.

Mahalliy boshqird televideniesi xabariga ko‘ra, mintaqada mavjud to‘rtta Xorijliklarni saqlash markazlarida uzoq muddat qolib ketayotgan nolegal muhojirlarning asosiy qismi - o‘zbekistonliklardir.

Sayyor guruh a’zolari bunday markazlarda migrantlarni ushlab turishning eng so‘nggi muddatini belgilash, bu markazlarni moliyalashtirish va deportatsiya qilish mexanizmlari borasida migratsiya qonunchiligiga o‘zgartish kiritilishini ma’lum qildi.

Rossiya Federatsiya Kengashining Ta’lim, fan va madaniyat qo‘mitasi raisi muovini Liliya Gumerova O‘zbekiston vakolatxonasining ochilishi o‘zbek muhojirlarini o‘z yurtlariga yuborishni bir necha barobarga tezlashtirib yuborishini gapiradi:

- Hamkasblarimiz yuborayotgan so‘rovnomalarga juda kech javob olinayapti. Vakolatxonaning ochilishi bu ishni 3-4 marotabaga tezlashtirish imkonini beradi. Undan tashqari, O‘zbekiston elchixonasi qo‘shni mintaqalarda, jumladan butun Volgabo‘yi federal okrugidagi hududda xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi, dedi deputat Liliya Gumerova.

Federatsiya Kengashi vakilasi bugungi kunda Boshqirdistonda yashab, mehnat qilayotgan muhojirlarning 80 foizini O‘zbekiston vatandoshlari tashkil etishini aytdi.

Hozirga kelib O‘zbekiston Respublikasining Konsullik vakolatxonalari faqat Moskva va Novosibirsk shaharlarida mavjud.

XS
SM
MD
LG