Линклар

logo-print
Huquq himoyachisi va prezidentlikka sobiq nomzodni “Qo‘yliq” bozorida Hamza tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari ushlab ketishdi.

Tuman ichki ishlar boshqarmasida turib Ozodlik bilan suhbatlashgan huquq faoliga ko‘ra, u mehnat mardikorlaridan bo‘lgan murojaatlarni o‘rganish uchun “Qo‘yliq”dagi mardikor bozoriga borgan va o‘sha yerda mardikorlarga huquqiy maslahatlar berib turgan paytida, uni hibsga olishgan.

Abdullo Tojiboy o‘g‘li huquq-tartibot idoralari uni xalqni “bunt” (isyon - tahr.) ko‘tarishga undashda ayblashga urinmoqda.

- Mardikorlardan menga shikoyat xatlari tushdi konstitutsion va insoniylik huquqlari toptalayotganligi to‘g‘risida. Aynan voqelik shundan iborat bo‘lganki, uchastkovoylarning ularga “shuncha summani uch kun ichida topib berasan, bo‘lmasa bu yerda joyni bo‘shatib qo‘y, o‘zingning joyingga bor” degan ma‘lumotlar. Ayrim militsiya xodimlari tomonidan pasportini olib qo‘yib pul olish maqsadida ularga ta‘magirlik qilganligi haqida menga murojaat qildi.

Ozodlik: Biror-bir yangi tartib joriy qilishganmi o‘tgan haftada yoki bu doimiy bo‘lib turadigan ishmi?

- Men bu qandaydir bir qarormi, farmon asosidami Toshkent shahrida aynan pasport rejimi joriy qilinganligi to‘g‘risida o‘rgana boshladim. Shahar hokimiyati 2003 yili qaror chiqargan pasport rejimi bo‘yicha. Ya‘ni O‘zbekiston fuqarolarining Toshkent shahriga kirishi, chiqishi to‘g‘risidagi pasport rejimlariga amal qilinishi to‘g‘risida. Ammo o‘sha qarorga asosan ularning konstitutsion huquqlari toptalgan. Shuni joyida aniqlab, joyida buni o‘rganish uchun men Qo‘yliqdagi mardikor bozoriga, birjaga keldim. Buning ostida ta‘magirlik, buning ostida ish joyidan haydab O‘zbekistonda ishsizlar sonini ko‘paytirish. Axir o‘zining yurtida ish bo‘lmagani uchun Toshkentga kelib mardikorchilik qilib ish qidirib yuribdi. Oilasini boqib yuribdi. Shu yerda men ularning huquqiy va konstitutsion huquqlarini tushuntirib turganimda, o‘sha birja rahbari xonaga taklif qildi. Xonaga kirganimdan keyin o‘sha yerdagi xodimlar kerakli joylarga, organlarga telefon qilishdi. Mening danniylarim, men to‘g‘rimda ma‘lumot yig‘a boshlashdi. Shahar ichki ishlar terrorizmga qarshi bo‘lim boshliqlari va tumanlardan terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimlari kelishdi. Oldiniga menga og‘zaki “Siz bu yerda xalqni qandaydir bir buntga, ya‘ni bosh ko‘tarishga da‘vat etayapsiz” degan gaplar bo‘ldi. Aslida bular boshqa mazmunda o‘sha yerdagilardan qalbaki ravishda tushuntirish xatlari olib, menga qarshi protokollar tuzildi. Menga o‘zimning huquqlarimni tushuntirishmadi. Advokat berish bermaslik to‘g‘risida, protokol bilan tanishtirish to‘g‘risida bunaqa narsalar bo‘lgani yo‘q. Meni hozir to‘g‘ridan to‘g‘ri ROVDga olib kelishdi. Bu yerda men so‘rasam, 201 moddaning 1-qismi bilan ayblab o‘sha orqali mening ishimni sudga oshirishayapti.

Ozodlik: Demak, hozir siz ROVDdasiz?

- Ha. Hamza tumanida. Meni qo‘yib yuborgani yo‘q. Meni endi sudga olib boradi, sud jarayoni o‘tadi. Arzimagan bir yilning ichida menga uch-to‘rtta ma‘muriy choralar ko‘rilgan bo‘lsa, o‘rta maoshning 70 foizi hisobida jarima solingan bo‘lsa, hozir menga 11 millionga yaqin jarima solingan. Sud qanaqa qaror chiqaradi men bilmayman. Hozir men bir narsa deya olmayman. Buni sud hal qiladi.

Huquq faoli Abdullo Tojiboy o‘g‘li bilan kun davomida yana bog‘lanishga harakat qildik, lekin buning iloji bo‘lmadi. Ozodlik voqea rivojini kuzatib boradi.
XS
SM
MD
LG