Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:49

O‘zbekistonda aviachipta 20 foizga qimmatlaydi


O‘zbekiston havo yo‘llari shirkatiga ko‘ra, chipta narxlari shu yil 1 iyunidan oshiriladi.

Ayni paytda chipta narxlarining oshirilishi faqat mahalliy yo‘nalishlarga doxilligi aytilmoqda.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda “O‘zbekiston havo yo‘llari” uchoqlari Jizzax va Gulistondan tashqari barcha viloyat markazlariga, jumladan, Nukus, Urganch, Navoiy, Buxoro, Qarshi, Samarqand, Termiz, Farg‘ona, Andijon va Namangan hamda Zarafshon shaharlariga muntazam ravishda qatnab turibdi.

O‘zbekiston milliy aviashirkati chipta narxlarining oshirilish sabablari haqida biror izoh bergan emas.

Biroq Regnum axborot agentligining mahalliy ekspertlar mulohazasiga tayangan holda xabar qilishicha, narx oshishini yo‘lovchilar soni ko‘paygani va aviayonilg‘i bahosining oshgani bilan izohlash mumkin.

Shuningdek, ayrim baholarga ko‘ra, bu o‘zbek temiryo‘lchilarining yaqinda “Buxoro-Urgench” sayohat yo‘nalishini ishga tushirganlari hamda “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha Talgo-250 tezyurar elektropoyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yishga hozirlanayotgani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Asnoda mahalliy aholi vakillari uchoq chiptalari narxlarining oshishi ularga qattiq ta‘sir qilmasligini, chunki aksariyat o‘zbekistonliklar mamlakat ichida harakatlanishda ko‘proq yengil mashinalar, minibuslar va poyezdlar xizmatida foydalanishlarini aytmoqdalar.

Jumladan, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi tadbirkor Nosir Zokirov Toshkentga taksida qatnashini aytadi:

- Qo‘qonda aksariyat - Toshkent pyatagi bor - o‘sha yerdan faqat “Neksiya”larda ketishadi. Farg‘onadan ham ko‘proq “Neksiya” da yurishadi. Qo‘qonni 90 foizi “Neksiya” da ketishadi, -deydi Nosir Zokirov.

Uning aytishicha, Qo‘qondan Toshkentga taksida borish narxi ayni paytda o‘rtacha 10-15 ming so‘m ekan.

Biroq, suhbatdoshimizga ko‘ra, qish paytida Toshkent bilan Farg‘ona vodiysini bog‘lab turuvchi Qamchiq dovoni yopilganida haqiqatan ham aviachiptalar bozori chaqqonlashadi.

- Ishi zarurlar Namangan borib, o‘sha yerdan uchishgan. Chipta ham topa olmay qolishgan. Bo‘lmasa, ehtiyoj yo‘q, menimcha, - dedi qo‘qonlik Nosir aka.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, shu kunda Toshkent-Namangan yo‘nalishi bo‘yicha uchuvchi uchoq chiptasi 60 ming 500 so‘mni tashkil qiladi. Bu pulga esa taksida Namangandan Toshkentga 4-5 kishi kelishi mumkin.

Nukus shahrida yashovchi Salavot aka poytaxt Toshkentga tez-tez qatnab turadi. U ham aksar hollarda Toshkentga taksida borishini aytadi.

- Samolyot yaxshilikka yaxshi, endi kimni hisobi ko‘taradi, kimda yo‘q. Samolyot qimmat-da baribir. Kimning puli ko‘p bo‘lsa yoki srochno kelish kerak bo‘lsa, yo bemor bo‘lsa, o‘shalar chiqadi samolyotga. A tak oddiy aholi uchun bu qimmatlik qiladi-da. Men uchun qimmat. Men taksida kelib ketaman. Taksi 70-80 ming, kami 60 mingga ketsa bo‘ladi. O‘zi aslida “Neksiya” ham men uchun qimmat, lekin menga avtobus, poyezd to‘g‘ri kelmagani uchun shunday qilaman, - deydi nukuslik Salavot aka.

Qayd etish joizki, Nukusdan Toshkentga uchish uchun yo‘lovchilar 110 ming to‘lashlari lozim bo‘ladi.

Urganchlik jurnalist Sergey Naumov fikricha, samolyotda Toshkentga uchishni faqat davlat korxona xodimlari, puldor odamlar hamda chet el sayyohlariga chiqargan. Uning o‘zi ming kilometrli masofani arzonligi bois dimiqqan poyezdda bosib o‘tar ekan:

- Juda ham boy odamlar, tadbirkorlar, davlat tashkilotining xodimlari uchadi. Lavozimi pastroq bo‘lgan odamlar esa poyezdda yuradi. Sayyohlar samolyotda kelishadi. Bizda barchasi sayyohlar uchun-ku. Samolyotlar bizdan to‘la uchadi. Chunki odamlarning puli bo‘lsa, cho‘l bo‘ylab, konditsioner ishlamaydigan poyezdda yurishdan ko‘ra samoletni tanlaydi. Urganchdan Toshkentga uchib-qaytish hozir davlat kursi bilan 145 AQSh dollari yoki 245 ming so‘m turadi, - deydi urganchlik jurnalist Sergey Naumov.

Uning aytishicha, Urganchdan Toshkentga qatnovchi poyezd chiptasi 43 mingdan (platskart vagon) 62 minggacha (kupe) turadi. Bundan kelib chiqadiki, bita aviachipta puliga to‘rt (kupe) yoki olti nafar (platskart) urganchlik Toshkentga kelishi mumkin ekan.
XS
SM
MD
LG