Линклар

1 avgustdan O‘zbekistonda benzin narxi 10 foizga qimmatladi. Benzin narxining oshishi mamlakatda shu yilning o‘zida ikkinchi marta kuzatilayotir.

Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida yashovchi Shuhrat aka bozor-o‘char uchun shaharga tushib turadi. Bugun ham bozorga tushmoqchi bo‘lgan Shuhrat aka yo‘lkira oshganligiga guvoh bo‘ldi:

- Bulung‘urdan Samarqandgacha 30 km. Samarqandga bugun borib keldim. Shu paytgacha taksi mashinalar 2 ming so‘m edi, bugundan 2500 so‘m bo‘libdi. 500 so‘mga ortgani ham og‘irlik qiladi. O‘zi hisob-kitob bilan chiqamiz uydan, - der ekan bulung‘urlik Shuhrat aka mahalliy taksichilar yo‘lkiraning oshishini benzin narxi oshishi bilan izohlayotganlarini aytadi.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qaroriga muvofiq, 1 avgustdan boshlab avval 1435 so‘mdan sotilgan Ai-80 rusumidagi benzinning bir litri 1580 so‘mdan, Ai-91 benzini 1745 so‘mdan, Ai-95 benzini esa 1930 so‘mdan qilib belgilandi. Eng qimmat Premium Euro-95 rusumidagi benzinning bir litri esa 3 ming 200 so‘m bo‘ldi. Mazkur benzin bugungacha 3000 so‘mdan sotilayotgandi.

Toshkent yonilg‘i quyish shahobchalari xodimlari Ozodlik bilan suhbatda sotuvda hozircha benzinning ikki markasi borligini bildirishdi:

- Benzin bor. 95-, 80-markali benzin bor. Narxi hamma yerda bir xid, O‘zbekiston bo‘yicha oshdi, - dedi Toshkentdagi yonilg‘i quyish shahobchalari xodimlaridan biri.

O‘tgan yildan buyon benzin tanqisligi sezilayotgan Qarshi shahrida ham 1 avgust kuni benzinni topsa bo‘lar edi, faqat yonilg‘i shahobchasidan emas.

- Ko‘chalarda ikki ming so‘mdan sotishayapti. Zapravkalarda benzin yo‘q, - deydi ismi oshkor etilishini istamagan qarshilik haydovchi.

O‘zbekistonda benzin narxi shu yilning yanvar oyida 30 so‘mga ko‘tarilgan edi. O‘shanda bu holat benzin oluvchi jismoniy shaxslarga nisbatan soliq miqdorining oshgani bilan bog‘liqligi aytilgan edi.

O‘tgan 2010 yil ichida benzin narxi uch bora oshirilib, jami 30 foizga qimmatlagan edi.

Toshkentlik iqtisodiy tahlilchi Dmitriy Povarov, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston yoqilg‘i bozoridagi benzin va dizel yoqilg‘isining 40 foizini, norasmiy manbalarga ko‘ra esa, 60 foizini xorijdan import qilingan mahsulotlar tashkil etishini aytadi.

- Tabiiyki, xom ashyo va tayyor mahsulotni sotib olish dollar, yevroda bo‘lgani bois narx korrektirovkasi bo‘layapti. Yil davomida dollarning rasmiy kursi 4,5 - 5 foizga ko‘tarildi. Bozordagi kurs esa 12-13%ga ko‘tarildi. Aytish mumkinki, benzinning 10 foizga qimmatlashishi oxirgisi emas. Balki yil oxirida yana ko‘tarilar. Agar umumiy bozor narxi, valyuta qiymati ko‘tarilmasa, benzin narxi qimmatlamasligi ham mumkin. Hammasi valyuta kursiga bog‘liq, - dedi iqtisodiy tahlilchi Dmitriy Povarov.

Uning fikricha, O‘zbekiston benzin importiga ehtiyoj sezgan davlatlar qatorida bo‘lmaganida yonilg‘i narxi yil davomida bu qadar ko‘tarilmas edi.

Povarovga ko‘ra, O‘zbekistondagi neft zahiralari kamayib bormoqda, shu bois tayyor yonilg‘i mahsulotlari importi mamlakatda yuqori foizni tashkil etayapti.

- Shuning uchun biz hozir O‘zbekistonda gaz-motor yonilg‘isi rivojlanayotganligini ko‘rayapmiz. Aksariyat mashina haydovchilari gaz yonilg‘isiga o‘tayotganligi ham benzin tanqisligidan chiqish yo‘lidir, deya xukumat tomonidan urg‘ulanmoqda, - deydi tahlilchi Dmitriy Povarov.
XS
SM
MD
LG