Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:50

Turkmanistonda Ozodlik muxbiri Xudoyberdi Allashov ozod etildi


Ozodlik radiosi turkman xizmati muxbiri Xudoyberdi Allashov va uning onasi 2,5 oy deganda ozodlika chiqarildi. Ozodlikka ma’lum qilinishicha, jurnalist va uning onasi 15 fevral kuni ozodlikka chiqqan. Allashov mamlakatda taqiqlangan nos mahsulotini saqlaganlikda ayblanib, 3 dekabr kuni qo‘lga olingan edi. Mazkur ayblov bo‘yicha u yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin edi. Ozodlik manbasining bildirishicha, buning o‘rniga sud muxbirni uch yillik shartli jazoga hukm qilgan.

Manba Allashov hozir Ko‘hna Urganch shahrida uyida ekanligini, onasi va o‘zi yaxshi ekanligini aytdi. Muxbirning uyini huquq-tartibot idoralari xodimlari nazorat qilmoqda. Jurnalistdan aloqa vositalari tortib olingani uchun uning o‘zi bilan aloqaga chiqishning iloji bo‘lmadi.

Allashov bilan uning onasi va rafiqasi ham qo‘lga olingan edi. Keyinroq uning turmush o‘rtog‘i qo‘yib yuborildi, ammo ularning uyi nazorat ostida qoldi.

Ozodlikka kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, Allashov qo‘lga olinganidan keyin uni politsiya xodimlari qattiq do‘pposlagan va elektr toki yordamida qiynoqqa tutgan.

Maxsus xizmat xodimlari esa Allashovning ayolini ikki farzandi oldida do‘pposlashgan. Politsiya Allashov ayolini turmush o‘rtog‘ining qo‘lga olingani haqida xabar tarqatishda ayblab, siquvga olgan.

So‘nggi yillarda Turkmanistonda Ozodlik muxbirlarini ta’qib qilish kuchayib ketgan. O‘tgan yilning noyabr oyida mazkur xizmat muxbiri So‘ltan Ochilova kaltaklangan edi.

Videojurnalist Saparmamed Nepesquliev esa taqiqlangan dori-darmon mahsulotlarini saqlaganlikda ayblanib, sudlanganidan so‘ng uch yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Huquq faollariga ko‘ra, Nepesqulievga bu ayblov uning jurnalistik faoliyati tufayli undan qasd olish maqsadida qo‘yilgan.

“Mening fikrimcha, radio jurnalistlarining so‘nggi bir necha yildan beri ta’qib etilishi va ularga nisbatan noinsoniy munosabatda bo‘linishi qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir”, dedi Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Nisha Bisval 8 dekabr kuni Ozodlik radiosiga bergan suhbatida.

Avvalroq Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, AQShning yuqori lavozimli rasmiylari hamda inson huquqlari tashkilotlari Turkmaniston hukumatini jurnalist Xudoyberdi Allashovni ozod etishga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG