Линклар

O‘tgan yilning 30 oktabr kuni Qozog‘iston O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan Tojikiston fuqarosi Umarali Abdurahmonov 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Toshkent ixtiëriga topshirilgan Umarali Abdurahmonovning qamoqqa tashlangani haqida uning singlisi Mo‘‘tabar Sulaymonova xabar topib, Ozodlikka ma‘lum qildi.

Mo‘‘tabar Sulaymonovaning aytishicha, O‘zbekiston jinoyat kodeksining siyosiy moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan 36 yoshli Umarali Abdurahmonov o‘n yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Tojikistonning So‘g‘d viloyati Mastchoh tumanidan bo‘lgan 36 yoshli millati o‘zbek Umarali Abdurahmonov Qozog‘istondagi yetti oylik hibsdan so‘ng o‘tgan yilning 30 oktabr kuni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi.

Qozog‘istonlik huquq faollariga ko‘ra, rasmiy Ostona shu paytgacha jami to‘rt nafar qochqinni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan.

Ayni paytda Olmaota hibsxonalarida yana 29 nafar qochqin ekstraditsiya xavfi ostida qolayapti.

Ular o‘tgan yilning 9 iyunidan 11 iyunigacha Olmaota shahrida o‘tkazilgan “Migrant” reydi chog‘ida qozoq politsiyachilari va maxfiy xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu qochqinlarni og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, ekstraditsiya qilinishini so‘ragan.

Qozog‘istonning janubiy poytaxtidagi ikki hibsxonada saqlanayotgan o‘zbekistonliklarning boshpana izlovchi shaxs maqomini berish bo‘yicha iltimosini Olmaota shahar migratsiya departamenti o‘tgan yili rad etgandi. O‘zbek qochqinlarining mazkur qarori yuzasidan shikoyat arizasi 2010 yil so‘ngida Olmali tuman sudi tomonidan ham, joriy yil boshida Olmaota shahar sudi tomonidan ham rad etildi.

2010 yilning 8 sentabr kuni Olmaota shahar prokurorining yordamchisi Tashkenbay Aubakirov Qozog‘iston Bosh prokuraturasi hibsxonadagi o‘zbek qochqinlarini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqarganini bildirgandi.

Mart oyida Olmali tuman sudi Qozog‘iston bosh prokuraturasining 29 o‘zbek qochqinini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish bo‘yicha qarorini qonuniy deb topdi.

14 aprel kuni kuni o‘tgan mahkamada ham Olmaota shahar sudi sudyasi Yermaxan Dildabayev Olmali tuman sudining mazkur qarorini to‘g‘ri deb topib, uni o‘z kuchida qoldirdi.
XS
SM
MD
LG