Линклар

logo-print
Ozodlik mazkur savol bilan o‘zbekistonliklarga murojaat qildi. Aksar suhbatdoshlarga ko‘ra, shu kunda O‘zbekistonda spirtli ichimliklarga ishqibozlik susaygan. Xo‘sh, O‘zbekistonning qaysi viloyatida va kim ko‘proq spirtli ichimlik iste‘mol qiladi?



“Arzonroq bo‘lgani uchun spirt ichaman”


O‘zini Abdulla deb tanishtirgan shahrisabzlik suhbatdoshimizning yoshi 53 da. Abdulla aka 18 yoshidan buyon aroq ichishini aytadi:

-“May ichmasam, mendan xursandlik yiroq,
May ichsam, aqlimdan ajrayman biroq,
Mastligu xushyorlik oralig‘i bor -
Mayli, men unga qul bo‘lsam yaxshiroq”, deydi-ku.

O‘zbekistondagi adolatsizlik, kamchilik - mana shu tufayli ichaman. Pulim bo‘lsa, iloji bo‘lsa, har kuni 200 gramm ichaman. Endi imkoniyat yo‘q uchun haftasiga, o‘n kunda bir 200-300 gramm ichib turaman. Men ichib, ko‘chalarda ag‘anab, topganimni ko‘chada yo‘qotib kelmaganman. Spirt ichaman arzonroq bo‘lgani uchun, - dedi shahrisabzlik 53 yoshli Abdulla aka.

Suhbatdoshimiz bir necha yil davomida mahalliy paxta tozalash zavodida ishlaganligini aytadi. So‘nggi yillarda u mana shu zavodda qorovul bo‘lib ishlamoqda ekan.

Abdulla aka ikki o‘g‘li borligini, biroq ular umuman spirtli ichimlik ichmasliklarini aytadi. Uning aytishicha, o‘g‘illari besh vaqt namoz o‘qiydi. Ichkilikni tashlashni o‘ylab ko‘rgan Abdulla aka baribir spirtsiz yashashning iloji bo‘lmayotganligini aytadi.

“Toshkentda ichkilik kam”

Toshkentlik suhbatdosh ayolning fikricha, O‘zbekiston poytaxtida ichkilik ichish kamaygan.

- Shaharda bizda ichkilik kam. To‘ylarda, masalan, pochti qo‘yilmayapti. Sababi ko‘proq e‘tiqod masalasi. Keyin to‘ylar ayollar bilan o‘tayapti. Ayollar bizlarda, bilasiz, ichmaydi. Ilgari erkaklar ko‘p bo‘lar edi to‘ylarda, xozir ayollar bilan ko‘proq to‘ylarni o‘tkazilayapti. Endi erkaklar ba‘zan-ba‘zan ichadi, ayollar ichmaydi, - deydi toshkentlik ayol.

Suhbatdoshimiz 30 yoshli o‘g‘li oz-ozdan to‘ylarda ichkilik ichib turishini ham qo‘shimcha qiladi.

“Buxoroda to‘yda o‘rtacha 80-100 ta aroq ketadi”

Buxorolik Abduqodir aka spirtli ichimliklarni umuman ichmaydi. Biroq may haqidagi to‘rtliklarni yoddan biladi:

- May ichsang, oqilu dono bilan ich,
Yoki bir gul yuzli zebo bilan ich
Oz-oz ich, goh-goh ich, ham yashirin ich,
Ezma, rasvo bo‘lma - hayo bilan ich.

Oz-oz ichish mumkin. Ibn Sino ham “ozginasi dori” degan. Foydasi bor degan ozginasini, - dedi buxorolik Abduqodir aka.

Abduqodir aka fikricha, shu kunda O‘zbekistonda ko‘proq uch soha vakillarining ichishga qurbi yetadi:

- Bugungi kunda ichadiganlar mo‘mayroq daromad topadiganlar, oyligiga ichadiganlar kamdan-kam bo‘ladi. Masalan, Raygazdagilar ichishi mumkin, Elektrosetdagilar, fermerlar ichishi mumkin. Buni davlatimizning yuqori idoralari tekshirib ham ko‘rganlar. Shu uch soha vakillari ko‘p ichishini eshitganman, - dedi buxorolik Abduqodir aka.

Bu suhbatdoshimiz olti marta o‘g‘il uylantirgan va Buxoroning odati bo‘yicha, kelin tomoniga to‘y oldidan aroq olib bergan.

- Bitta to‘yda o‘g‘il uylantirishda o‘rtacha 80-100 tagacha aroq beradilar. Bu o‘rtacha 300 odamga ketadi, deydi Abduqodir aka.

Uning aytishicha, atrofdagilar aroq bilan to‘y qilgani bois aroqsiz to‘y qilishga odamlar o‘rganmagan.

Buxoro viloyatidan farqli o‘laroq Farg‘ona vodiysida bir necha yillardan buyon spirtli ichimliksiz to‘ylar o‘tkaziladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida ham spirtli ichimliksiz to‘ylar ommalashgan.

Jizzaxlik Ochil aka Mirzoyev spirtli ichimliklarni to‘yda har kim ham qo‘ymasligini aytadi:

- Nima deydi, toifaga bo‘lingan - qo‘yadigan toifa bor, qo‘ymadiganlar bor. To‘g‘risini aytaymi? Qo‘yadigan toifa bu o‘zining erkaklik huquqini ayollariga berib qo‘yganlardir. Rossiyada ruslar nimani yesa, shuni yeydigan bo‘lib qolgan edik. Nimani ichsa, shuni ichadigan bo‘lib qolgan edik, - deydi jizzaxlik Ochil aka.

Uning kuzatishicha, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin milliy qadriyatlar ozmi-ko‘pmi tiklanib, jumladan, ichkilik ichish ham kamaygan.

Aziz mushtariy, spirtli ichimlik iste'mol qilasizmi?

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG