Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:21

O‘zbekistonda mobil suratlar ko‘rgazmasi ochiladi


Mutaxassislarning aytishlaricha, O‘zbekistonda mobil telefonda olingan fotosuratlar ko‘rgazmasi ilk bor o‘tkazilmoqda.
Mutaxassislarning aytishlaricha, O‘zbekistonda mobil telefonda olingan fotosuratlar ko‘rgazmasi ilk bor o‘tkazilmoqda.
5 aprel kuni Toshkentda ilk bor mobil telefon orqali olingan fotosuratlar ko‘rgazmasi ochilishi kutilmoqda.

Toshkentdagi “Art+Fact”kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan fotoko‘rgazmada asli toshkentlik yoshlardan biri, ayni paytda Moskvada istiqomat qilayotgan Yegor Abaturov fotosuratlari namoyish etiladi.

Buni mazkur shirkat xodimasi Valentina Katisheva ham tasdiqladi:

- Mobilografiya loyihasi Megapolis mavzuida olingan fotosuratlar qatnashmoqda. Yegor Abaturov o‘zi xozir Moskvada yashaydi, shu boisdan uning otasi bizga yordam berdi. Ko‘rgazmada yetmishdan ortiq “Sony Ericsson” mobil telefoniga 2 megapiksel hajmida olingan fotosuratlar qo‘yilgan. Ko‘rgazma “Ilhom” teatri binosida o‘tkazilishi kutilayapti, - dedi ko‘rgazma tashkilotchilaridan biri Valentina.

Toshkentlik fotosuratkash Umida Ahmedova fikricha, Yegor olgan rasmlar odatiy fotosuratlardan farq qiladi:

- Ko‘proq suratga san‘at sifatida qarab kelgan bolalardan u. Shuning uchun suratga olganda ham o‘zini oldiga maqsad qilib olgan. Ko‘p rasmlarida sifati qanday chiqishini o‘ylamagan, dilidagi narsani, his etganini olgan. Ko‘proq bir yo‘nalishda olgan, - deydi fotosuratkash.

Umida Ahmedovaga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbekistonlik yoshlar orasida mobil telefon orqali suratga olish ancha ommalashgan.

- Lekin mobil telefon orqali olingan rasmlardan ko‘rgazma qilish birinchi marta bo‘layapti. Ko‘pincha “ko‘rgazma qilaman” degan maqsadda emas, balki ko‘rgan narsasini olavyeradi. Telefonida fotoapparat bormi, ko‘raman, juda ko‘p olishadi, - deydi fotosuratkash.

O‘zini Laylo deya tanishtirgan buxorolik suhbatdoshimizning aytishicha, mobil telefonida fotoapparati bor yoshlar aksar xollarda estalik uchun o‘zlarini suratga olishadi. Shu bilan birga, o‘g‘il bolalarda chor-atrofdagi turli voqealarni videosuratga olish ham ommalashgan.

- Ko‘pincha qizlar qo‘rqadi bunday narsalardan. Lekin e‘tibor berganman, o‘g‘il bolalarning ko‘pchiligi shunday holatlarni suratga olgan. Masalan, avariya bo‘ladimi yoki boshqa bir nimami - faqat o‘g‘illar oladi, lekin qizlar emas, - deydi buxorolik Laylo.

Ayni paytda “Youtube” internet portalida o‘zbekistonlik yoshlar tomonidan mobil telefonga olingan videolavhalar ham ko‘payib bormoqda. Ularda talabalarning o‘qituvchi ustidan qilgan hazillari va shu kabi voqealar aks etgan.

O‘zbek rasmiylari mamlakatdagi real voqe‘likni yashirishga urinayotgan bir paytda mobil telefonlar orqali olinayotgan foto va videosuratlar internet tarmog‘iga qo‘yib borilishi kuchayib borayapti.

Toshkentlik huquq faoli Abdurahmon Tashanov O‘zbekistonda siyosiy mavzudan tashqari bo‘lgan xususiy va maishiy mavzularda suratga va videoga olish xolatlari ruxsat etilganligini aytadi.

Unga ko‘ra, mobil telefonlarga faqat davlat nazoratidagi inshootlar, huquqni muhofaza qilish organlarini suratga olish ta‘qiq ostida.

- Yoki, masalan, ilgarigi Navoiy yarmarkasi. Shunday joylarni yig‘ishtirib tashlagani yoki hamma telefonlarni tortib olib, ma‘lum darajada kuchli nazoratlar o‘rnatilganligidan xabarimiz bor. Bu degani, ommalashishi keragi bo‘lmagan tasvirlar odamlar tomonidan tarqatilsa, buni davlat, huquqni muxofaza qilish organlari kuchli nazorat ostiga oladi. Lekin odamlar o‘zaro axborot olish maqsadida xususiy va maishiy xolatlarni tasvirga olib, tarqatib yurishadi. Chunki O‘zbekistonda bundan boshqa axborot almashish yo‘li qolmadi va kundan kunga cheklanib borayapti, - deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.
XS
SM
MD
LG