Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:16

O'zbekistonda to'y qilish osonmi?


Хивадаги тўй.
Хивадаги тўй.
Respublikaning har viloyatida to‘y uchun turlicha chiqimlar qilinadi. O‘zbekistonda qiz uzatish arzonmi yoki o‘g‘il uylantirish?

O‘zbek kino san‘atida to‘y mashmashalari haqidagi eng mashhur kinoasarlaridan biri bu “Uchrashuv” teleminatyurasi bo‘lsa kerak.

Bundan 40 yil oldin suratga olingan mazkur teleminiatyurada, yodingizda bo‘lsa, kuyovning qarindoshi rolini o‘ynagan Ergash Karimov qizning qarindoshlaridan to‘y xarajatlari haqida eshitganidan keyin aqldan ozayozadi.

- Vodoprovod suvini yuboraylikmi? Shuni aytmadinglar-ku. Havo kerak emasmi? Sizga yana nima kerak? Bir qarich til kerakmi? Vyelosiped, fotoapparat, magnitofon. Samolyot, traktor, ekskavator kerak emasmi? Samosvalchi? Balki asfalt qiladigan mashina kerakdir? - degan edi mashhur filmda kuyovning qarindoshi rolini ijro etgan Ergash Karimov.


Bugungi o‘zbek to‘ylari xarajatlari, oradan 40 yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ko‘paysa ko‘paydiki, zarra kamaygani yo‘q.

Bu xarajatlar to‘y egalari O‘zbekistonning qaysi viloyatida yashashiga qarab, o‘g‘il uylantirmoqchi yoki qiz uzatmoqchi bo‘lgan ota-onalarning bo‘yniga tushadi.

Bundan 30 yil muqaddam buxorolik yigitga turmushga chiqqan asli andijonlik Mayramxon aya O‘zbekistonning ikki viloyati odatlarini yaxshi biladi.

Bir necha o‘g‘il-qizni uylantirib, turmushga uzatgan ayaning aytishicha, Buxoroda o‘g‘il uylantirish qiyin, Andijonda esa qiz uzatish katta xarajat talab qiladi.

-O‘g‘il uylantirish Buxoroda qimmat. Hammasini o‘g‘il tomon qiladi, qiz hech narsa qilmaydi. Qiz ikkita ko‘rpa, ikkita ko‘rpacha qilib boradi, tamom, - deydi suhbatdoshimiz.

Mayramxon ayaning aytishicha, Toshkent va Farg‘ona vodiysida, aksincha, qiz uzatish qiyin:

- Yalang‘och qilib uyni qo‘yadi. Qiz borib, pardalarigacha o‘zi qiladi. Andijonda mening ukam kecha to‘y qildi, o‘g‘il uylantirdi. Ikkita qo‘chqor, bir million so‘mga sarpo oldi. Bordi, kelinni tushirib keldi. Yigirmata ko‘rpa, yigirmata ko‘rpacha, yigirmata yostiq, qirqta ko‘ylak, qishlik-yozlik kiyimgacha hammasini o‘zi qilib keldi kelin tomoni. Qip yalang‘och uyga kelinni kiritdi. To‘rt million so‘m bilan kelin olib keldi uyiga, - deydi Mayramxon aya.

"Buxoroda esa o‘g‘il uylantirmoqchi bo‘lgan ota-ona kamida o‘n million so‘m pul sarflaydi", deya qo‘shimcha qiladi suhbatdoshimiz.

Qashqadaryolik Buxor Yusupovning to‘rt o‘g‘liyu uch qizi uyli-joyli qilingan. Farzand uylantirib, turmushga chiqarishni o‘z boshidan kechirgan Buxor Yusupov Qashqadaryoda qiz uzatish arzonroq ekanligini gapiradi:

- “Ikkita qo‘y olib kelasiz, 25-30 kilodan kam bo‘lmagan, bir sentnergacha gurunch olib kelasiz, sabzi topib kelasiz”, deydi. Sandiq oladi, sandiqcha oladi, qizga sarpo oladi, kamida o‘nta importniy kiyim oladi. Uni hammasi pul-da. Hozirgi sharoitga 5-6 ming dollar ham yetmaydi. 6 ming dollarni o‘zi 12-15 million bo‘lib ketadi - yetmaydi. Men hali qizga yigit tomonidan beriladigan narsani aytayapman. Kuyov tomon qarzga botadi. Puli yo‘q odam qarzga ham botib qoladi, qarzni uzguncha, janjal ham bo‘lib ketadi, qarzdan qutula olmay, ajralish ham bo‘lib ketadi. Asta-sekin qarzdan ham qutuladi. O‘zi maqolimiz bor - “qarz olma, xotin ol” degan, - deydi qashqadaryolik Buxor Yusupov.

Biroq suhbatdoshimiz ayrim o‘zbekistonliklar "Qarz uzilar ketar - xotin yonga qolar" maqoliga tayanib ish ko‘rayotganlarini aytmaydi.

Buxor Yusupovga ko‘ra, O‘zbekistonda hukumat tomonidan to‘ylarni kam chiqimli qilishga harakatlar bo‘lsa-da, odamlar ongiga hali bu yangiliklar to‘la kirib borgan emas.

Ayni paytda o‘zbek mahallalarida mahalla raislari, xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, maslahatchilar to‘ylarni kam harajatli qilishga urinmoqda.

Toshkent shahri mahallalaridan birining to‘y maslahatchisi Mavluda opa hozirda o‘zi yashayotgan mahallada o‘tkazilayotgan to‘ylar ancha saranjomlashganini aytadi:

- "Kelinsalom" bo‘layotgani yo‘q, "charlar" bo‘lgani yo‘q, "Pul sochar"lar bo‘lgani yo‘q. Imkoniga qarab, cho‘ntagiga qarab, bolalarining baxtli-saodatli bo‘lib ketishi uchun ota-onaning qilgan xarajatlari bo‘ldi. Ikki quda kelishgan holatda - biri oziq-ovqatni, biri boshqasini qilib, to‘yni o‘tkazishdi, - deydi yaqinda o‘tgan to‘ylardan birini eslagan Mavluda opa.

Biroq to‘y xarajatlarining qisqartirishda mahalla faollarining xizmati katta bo‘layotganini ta‘kidlagan suhbatdoshimiz bu urinishlar doim ham kutilgan natijani bermayotganini qo‘shimcha qiladi. Mavluda opaning aytishicha, ayrimlar "pul o‘zimniki, to‘yimniyam xohlaganimcha qilaman" deya isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymoqda.

Asnoda O‘zbekistonda to‘y qilish mashaqqat bo‘lgani tufayli uylanish yoshiga yetgan yigitlarning ko‘pi xorijga chiqib, mehnat muhojirligidan to‘plagan pulini uyga, bo‘lajak to‘yi uchun ota-onasiga yuborishga harakat qilayotir. Uylangan yigitlar esa to‘ydan so‘ng qolgan qarzlarni uzish bilan oy va yillarini o‘tkazmoqda.
XS
SM
MD
LG