Линклар

O‘zbekistonda 2011 yilning birinchi yarmida tug‘ilish koeffitsiyenti 18,8 promilleni tashkil qildi. Bu o‘tgan yildagiga qaraganda 1,6 promillega kamdir.

Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasiga tayangan holda xabar tarqatdilar.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yilning yanvar-iyun oylarida tug‘ilish koeffitsiyenti 20,4 promilleni tashkil qilgan.

Rasmiy statistika ma‘lumotlariga muvofiq, 2011 yilning 1 iyuligacha bo‘lgan hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 28,639 million kishiga yetgan.

Ulardan 14,697 millioni yoki 51,3 foizi shaharlarda yashaydi.

O‘tgan yarim yillikda O‘zbekistonda tug‘ilish kamayibgina qolmay, o‘lim holati oshgani ham aytilmoqda.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yilning o‘tgan olti oyi mobaynida o‘lim koeffitsiyenti 4,8 promilleni tashkil qilgan. Bu o‘tgan yil shu davriga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 0,2 promillega oshganini anglatadi (2010 yilning birinchi yarim yilligida o‘lim koeffitsiyenti, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 4,6 promilleni tashkil etgan).

O‘lim holatlari haqida so‘z borarkan, hayot bilan vidolashganlarning 66,9 foizi qon aylanish tizimiga aloqador illatlar, 7,5 foizi turli o‘simtalar, 6,2 foizi nafas olish organlari kasalliklari, 6,2 foizi oshqozon-ichak kasalliklari, 4,5 foizi esa baxtsiz hodisalar, zaharlanganlik va jarohat olganlik tufayli o‘lgani aytiladi.

Ayni paytda joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda bolalar o‘limi 1,0 promillega kamaygani xabar qilinmoqda. O‘tgan yilning shu davrida bolalar o‘limi koeffitsiyenti 11,0 promilleni tashkil qilgan bo‘lsa, bu yilning yanvar-iyun oylarida bu ko‘rsatkich 10,0 promilleni tashkil qilgan.

Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yilning birinchi yarmida 1 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarda 3,1 mingi o‘lgan. Ularning 49 foizi homila chog‘ida yuzaga kelgan holatlar, 34,6 foizi nafas olish organlari kasalliklari, 6,5 foizi tug‘ma illatlar, 4,7 foizi esa yuqumli kasalliklar tufayli yashab qololmagan.

Shuningdek, rasmiy statistika ma‘lumotlarida O‘zbekistonda nikohdan o‘tish o‘tgan yildagiga qaraganda ko‘paygani, ajralishlar esa kamaygani qayd etiladi. Xususan, 2011 yilning birinchi yarmida O‘zbekistondagi Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (ZAGS) 113,6 juftlikni nikohdan o‘tkazgan, 9 ming oila esa ajrashgan. Boshqacharoq qilib aytganda, o‘tgan olti oy ichida O‘zbekistonda har ming kishiga 8 nikoh va 0,6 ajralish to‘g‘ri kelgan. O‘tgan yilning shu davrida nikoh bo‘yicha mazkur ko‘rsatkich 7,9 ni, ajralish bo‘yicha ko‘rsatkich esa 0,7 ni tashkil qilardi.
XS
SM
MD
LG