Линклар

logo-print

O‘zbekistonda yana ikki xorijiy Internet sayti to‘sib qo‘yildi


Regnum agentligi sayti O‘zbekistonda tez-tez to‘sib turiladi.

Regnum agentligi sayti O‘zbekistonda tez-tez to‘sib turiladi.

Bu safar Rossiyaning Regnum axborot agentligi va Bishkekdagi Markaziy Osiyo yangiliklar xizmati SA-News saytlari O‘zbekiston hukumati qahriga uchradi. Shu paytgacha O‘zbekistonda o‘nlab xorijiy va mahalliy internet saytlarga blok qo‘yilgan.

"Biz ko‘p narsa yo‘qotmaymiz, o‘zlariga qiyin"

Rossiyada chiqadigan Regnum axborot agentligi O‘zbekiston hukumati qora ro‘xatiga birinchi marta tushayotgani yo‘q. Bu haqda Ozodlikka gapirgan Regnum bosh muharriri Modest Kolerov Internet sahifasi O‘zbekistonda 2005 yildagi Andijon voyeqalaridan so‘ng ham to‘sib qo‘yilganini eslaydi:

- O‘zbekiston hukumati Andijon voqeasidan keyin yuzaga kelgan vaziyatni Regnum xabarlari yanada chigallashtiradi, degan xayolga bordimi, saytimiz to‘sib qo‘yilgan edi. Endi, bu safar saytimizni yana blok qilishdi. Biroq bu joriy yilda uchinchi marta bo‘lyapti. Bizning fikrimizcha, bu O‘zbekistonda yuz berayotgan ichki byurokratik o‘zgarishlarni muntazam yoritib borayotganimiz bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

Agar O‘zbekiston hukumati bizning saytimiz odamlarning, jamoatchilikning kayfiyatiga ta‘sir qiladi deb o‘ylagan bo‘lsa, xato qiladi. Zero, bizning O‘zbekistondagi auditoriyamiz katta emas, o‘rtacha 5 ming mushtariymiz bor,- deydi Modest Kolerov.

Bosh muharrir fikricha, O‘zbekiston hukumati saytni to‘sib qo‘yishdan yutqazadi xolos:

- Bundan tashqari, Regnum O‘zbekistonning pozitiv iqtisodiyoti haqida Rossiya bozoriga axborot yetkazuvchi qudratli agentlik hisoblanadi. O‘zbek hukumatining Regnumga nisbatan tutayotgan bunday g‘ayrido‘stona siyosati, men o‘ylaymanki, ularning o‘zlariga ko‘proq zarar keltiradi,- deydi Modest Kolerov.


"Hukumatning jig‘iga tegdik, shekilli"

Markaziy Osiyo yangiliklar xizmati SA-News saytining O‘zbekiston yangiliklari muharriri Mirgul ham, O‘zbekistonda saytimiz umuman ochilmay qoldi, deydi. Muharrir buning sababini, SA-News O‘zbekiston hukumatiga "didiga" mos kelmagan xabarlarni berib kelayotgani bilan izohlaydi:

- Biz o‘zbek amaldorlarining qitiq patiga tegib ketadigan maqolalarni berib boramiz. Mana shu narsa ularga yoqmagan shekilli. Shuning uchun to‘sib qo‘yishgan bo‘lsa kerak, boshqa nima ham bo‘lardi, shu asosiy sabab, menimcha,- deydi sayt muharriri.

"Qip-qizil ahmoqlar"

O‘zbekistonda hukumatga muxolifatda bo‘lgan barcha partiyalar, harakatlar saytlari to‘sib qo‘yilgan. O‘zbekiston haqida hukumat pozitsiyasidan ayro xabarlarni beradigan boshqa saytlar ham qamal qilinadi.

Biroq O‘zbekiston hukumati Internetga hech qanday to‘siq qo‘yilmaganini iddao qilib keladi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham bir necha bor qilgan chiqishlarida Internetga to‘siq qo‘yishni ahmoqlik deb atagan edi:

- Internetdan oladigan xabarlar juda salbiy ta‘sir qilyapti, degan fikrga men qo‘shilmayman. Nega deganda, internet bu katta magazin. Magazinga borganda odam xohlagan molini sotib oladi. Internetni yopib qo‘yish bu mutlaqo ahmoqona fikr, uni yopib bo‘lmaydi. Kimki shunga urinadigan bo‘lsa, bu qip-qizil ahmoq, bu behuda urinish,- degan edi Islom Karimov 2005 yilda.

Lekin prezident "qip-qizil ahmoqlar", deb atashiga qaramasdan O‘zbekiston hukumati o‘nlab mustaqil Interent saytlarini to‘sishda davom etmoqda.

"Oliy Majlis ham ahmoqlikka qo‘l urmoqda"

Bundan tashqari, prezident Karimov ta‘biri bilan Internetni to‘sish "ahmoqlik" ekani ma‘lum bo‘lsa-da O‘zbekiston parlamenti deputatlari Internetni yanada ko‘proq qisishga harakat qilmoqdalar.

O‘zbekistonda to‘sib qo‘yilgan CA-News sayti, Oliy Majlisning Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi raisi Abdurashid Jo‘raboyevning “Internet bizning davlatimizga qarshi provakatsion axborotlarga to‘lib ketdi. Bular bizning muvaffaqiyatlarimizni ko‘rolmaydigan buzg‘unchi kuchlar. Ularga qarshi qattiq kurashish kerak”, degan gaplaridan iqtibos keltirdi.

Ozodlik radiosi deputat Abdurashid Jo‘raboyev bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, janob Jo‘raboyev Ozodlik so‘zini eshitishi bilan aloqani uzdi.

Biroq shu qo‘mita a‘zolaridan biri, Adolat partiyasi raisi, deputat Ismoil Sayfnazarovning Ozodlikka mikrofonsiz suhbatda aytishicha, O‘zbekistonda Internetni hech kim cheklayotgani yo‘q. Maktablar ham ulanyapti Internetga, istagan odam kirishi mumkin.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti 2011 yilda e‘lon qilgan hisobotida O‘zbekistonni yana Internet dushmanlari ro‘yxatida qoldirdi.

Internet-senzuraga qarshi kurash kuni munosabati bilan 12 mart kuni e‘lon qilingan hisobotda bu kabi davlatlarda vaziyat yil sayin og‘irlashib borayotgani aytilgan.

O‘zbekiston xususida “Bu politsiya davlati Internet tarmog‘ida axborot tarqalishini tutib qolish va xoh virtual yohud reallikda bo‘lishidan qat‘iy nazar, fuqarolik jamiyati tug‘ilishiga urinishlarga qarshilik qilishda davom etmoqda”, deyilgan.

Tashkilot bergan ma‘lumotga ko‘ra, o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilari orasida ko‘proq rus tilida chiqadigan portallar — Gazeta.uz, Odnoklassniki.ru kabi saytlar Facebook yohud Twitterdan ko‘ra ommaviyroqdir.

Shuningdek, Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti hisobotida O‘zbekistonda Internet saytlari Aloqa va axborotlashtirish agentligi qoshidagi Monitoring markazi yordamida bo‘g‘ilishi, bu esa ikki yo‘l – IP adreslarni blok qilish hamda nomaqbul maqolalarni to‘sib qo‘yish yo‘li bilan amalga oshirilishi aytilgan.
XS
SM
MD
LG