Линклар

“O‘zavtosanoat” davlat hissadorlik shirkati Janubiy Koreyaning “Sungwoo Hitech” kompaniyasi bilan “UZSUNGWOO” qo‘shma korxonasini tuzish to‘g‘risida shartnoma imzoladi.

Yangi korxona “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasi ishlab chiqarayotgan yangi modeldagi avtomobillar uchun shtamplash va payvandlash qismlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Uzdaily.uz nashri xabariga ko‘ra, yangi qo‘shma korxona O‘zbekiston avtomobil sanoati barqaror rivojlanishini ta‘minlash maqsadida Vazirlar mahkamasi qaroriga muvofiq tuzilgan.

Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq “UZSUNGWOO” mas‘uliyati cheklangan jamiyat sifatida faoliyat yuritadi va uning nizom jamg‘armasi 2 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Tomonlarning yangi qo‘shma korxonadagi hissasi ellikka-ellik bo‘ladi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, “UZSUNGWOO” 2011 yil 31 avgustga qadar nizom jamg‘armasini 14 million dollarga ko‘paytirishi nazarda tutilgan.

Farg‘ona mexanika zavodining 6,6 gektar yeri “UZSUNGWOO” qo‘shma korxonasining ishlab chiqarish sexlari uchun ajratib berildi.

“GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasi 2010 yilda ichki bozorda 143 mingta turli rusumdagi avtomobillar sotgan.

O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqaruvchilari Rossiya bozorida o‘tgan yili sotuv ko‘lami bo‘yicha o‘ninchi o‘rinni egalladi.

Rossiyada eng ko‘p sotilgan avtomobillar orasida “Neksiya” sakkizinchi o‘rinda turibdi.

REGNUM axborot agentligi xabariga ko‘ra, o‘tgan yilda 44 mingga yaqin “Neksiya” sotildi va bu 2009 yilga nisbatan 56 foizga ko‘p.

Biroq, Rossiyada sotilayotgan «Neksiya»lar O‘zbekistonning ichki bozorida sotilayotgan shu rusumdagi avtomobillardan ancha arzon ekanligi aytiladi.
XS
SM
MD
LG