Линклар

O‘zbekistonda yangi terim mashinasi o‘ylab topildi


O‘zbek olimlari o‘ylab topgan yangi terim mashinasi dalalarda paxta terishga majbur qilinayotgan bolalarni mashaqqatli mehnatdan xalos qilib qo‘ysa ajab emas.

O‘zbek olimlari o‘ylab topgan yangi terim mashinasi dalalarda paxta terishga majbur qilinayotgan bolalarni mashaqqatli mehnatdan xalos qilib qo‘ysa ajab emas.

O‘zbek olimlari o‘zlari kashf qilgan yangi paxta terim mashinasi terimchilar mehnatini yengillatishiga umid qilmoqdalar.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘rozboyev nomidagi Mexanika va binolar zilzilabardoshligi instituti xodimlari g‘ildirakli traktorga omoch kabi qo‘shiladigan paxta terim mashinasini o‘ylab topdilar.

Loyiha mualliflari bunday texnikaning yaratilish ehtiyojini kombayn shaklidagi paxta terish mashinalaridan fermer xo‘jaliklarida foydalanish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamagani bilan izohlamoqdalar. Chunki bunday mashinalardan yiliga bir-ikki oy foydalaniladi, xolos.

- Yangi mashinani traktorga qo‘shish va ajratish jo‘nligi bilan farqlanib, bu sanoqli daqiqalarda amalga oshiriladi, - deya iqtibos keltiradi o‘zbek olimlari so‘zlaridan Regnum axborot agentligi.

Ekspertlarga ko‘ra, yangi mashinaning narxi xorijda ishlab chiqarilgan shu kabi mashinalardan ikki barobar arzondir. Ammo bu mashina narxi qancha bo‘lishi haqida ma‘lumotlar hozircha oshkor qilingani yo‘q. Shu vajdan o‘zbek fermerlarining yangi paxta terim mashinasini sotib olishga qurbi yetish-yetmasligi haqida gapirishga hali erta.

Yangi agregat, mualliflar mulohazasicha, o‘zbekistonlik terimchilar mehnatini yengillatishga imkon beradi. Ayni ta‘kid, agar o‘zbek fermerlari yoppasiga yangi terim mashinalarini sotib olgan taqdirda, O‘zbekiston paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanish kamayishiga umid uyg‘otadi. Chunki, rasmiylarning bayonotlariga qaramay, O‘zbekiston dalalarida balog‘at yoshiga yetmagan bolalarni ekspluatatsiya qilish hali-hanuz davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda paxta terim mashinalarini yig‘ish bilan “Toshkent traktor zavodi” ochiq turdagi hissadorlik jamiyati shug‘ullanadi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston terim mashinalarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonlik traktorsozlar o‘z mahsulotlarini o‘z mamlakatidan tashqari bir necha davlatga ham eksport qiladi.
XS
SM
MD
LG