Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:12

Toshkentliklar bozor-o‘char qilish uchun Qozog‘istonga qatnayapti


Keyingi paytlarda Toshkent va uning atrofida yashovchi aholi orasida kundalik harajatlar uchun Qozog‘iston bozorlariga borayotganlar ko‘payapti. O‘zbek-qozoq chegarasidagi G‘ishtko‘prik posti yonidagi Qozog‘istonga qarashli bozordagi narx-navo O‘zbekistondagiga nisbatan 30-40 foizga arzonligi ayrim toshkentliklar uchun qo‘l kelmoqda. Toshkentliklar tovar olib kelishga qo‘yilgan 10 dollarlik cheklov va chegaradagi muammolar Mirziyoevning Qozog‘istonga tashrifi natijasida barham topishidan umidvor bo‘lmoqda.

Bozor qilish uchun Tashmoredan Chernyaevkaga

Toshkent viloyatida yashovchi 30 yashar Laylo uch bolasini boqish maqsadida Qozog‘istonga o‘tib, bozor-o‘char qilib kelishga majburligini aytadi:

“Tashmoreda yashaymiz. 3 bolam bor. Bog‘chada ishlayman. Oyligim kam. Shuning uchun har oy harajatlarni "Chernyaevka”dan qilib kelaman. 5-6 dollar arzon tushadi. Bu ham pulda. Har oy qatnaganim uchun pasportda muhr ko‘payib ketgan. Shuning uchun Yangi yilda chegaradan qaytarib yuborishdi. Lekin keyin borgandim, yana o‘tkazib yuborishdi. Bir borganimda 10 dollardan ko‘p olibsan, deb konfetlarimni olib qoldi. Lekin shunga qaramay bolalarimga arzonroq narsa olay deb, har oyda bir marta borib kelishga majburman”, deydi Laylo Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Laylo Mirziyoevning Qozog‘istonga rasmiy safari natijasida o‘zbek-qozoq chegarasidan o‘tish o‘zi singarilar uchun osonlashtirilishi va ayni paytda 10 dollarlik cheklov olib tashlanishiga umid qiladi.

"O‘lchang: Faqat bir kilodan"

Toshkentlik Gulnora opa ham o‘zbek-qozoq chegarasidan o‘tib, Qozog‘iston bozoridan savdo qilib kelayotganlardan biridir. Gulnora opaning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, yaqinda eri bilan Qozog‘istonga o‘tib, kundalik harajatlar uchun savdo qilib kelgan:

- Biz xo‘jayinim ikkalamiz mashinada ikki marta o‘tdik. Har birimiz 5 kilolik bitta baklajkada bittadan yog‘ oldik, 1 kilodan konfet, 1 kilodan kir yuvadigan poroshok. 1 ta zubnoy pasta, 1 ta 1 kilolik margarin, 1 ta shampun. Hammasidan bitta-bitttadan oldik. Hamma o‘sha yoqqa boradi.U yoqdan hamma narsa olishadi. Hatto makaron, sariyog‘ olishadi. Ro‘zg‘orga kerak hamma narsani u yerdan sotib olish mumkin,- deydi Gulnora opa.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, ushbu bozor o‘zbek-qozoq chegarasidagi G‘ishtko‘prik postidan Qozog‘istonga o‘tgan joyda, chegara posti yonida joylashgan:

- Shundoq chegaradan o‘tsangiz, Qozog‘iston tomondan chiqasiz, srazu o‘ngda kichkina ko‘cha, qing‘ir-qiyshiq, loy, daje yo‘l ham yo‘q, botqoq ko‘cha. O‘sha ko‘chada savdo rastalari joylashgan. Kichkina-kichkina budkalar qo‘yib qo‘yishgan qozoqlar. Bir xillar vagon olib kelib qo‘ygan. O‘sha vagonga prilavkalar qilib, sotishayapti, - deydi toshkentlik ayol.

"Qozoqlarda arzon"

Qozog‘istondagi ushbu bozor narxlari O‘zbekistonga nisbatan arzonligi bois ayrim toshkentliklar harajatni o‘sha erdan qilishni ma’qul ko‘rayapti.

- U yoqda hamma narsa bizga nisbatan 30-40 foiz arzon. Masalan, zubnoy pasta bizda 10 ming so‘m bo‘lsa, u erda 6-7 mingga tushadi.1 kilo konfetdan taxminan 1 dollar pul qoladi, - deydi Gulnora opa.

Ozodlik G‘ishtko‘prik chegara postidagi bojxonachilardan biri bilan suhbatlashganida, u kuniga o‘nlab odam aynan Qozog‘istondan savdo qilib qaytish uchun chegaradan o‘tishini aytdi. Biroq ularning aniq soni hisoblanmaganini ham qo‘shimcha qildi.

10 dollarlik cheklov

Suhbatdosh Gulnora opaning aytishicha, Qozog‘istondan savdo qilib kelayotganlarni qiynaydigan bitta muammo borki, bu O‘zbekiston chegarachilari umumiy qiymati 10 dollardan ziyod tovarni cheklashidir.

- U yerda yozib qo‘yishgan: Bir o‘tganda 10 dollarga narsa olib kelinglar deb. 10 dollarni davlat narxida hisoblaydi. Biz borgan paytimizda 3 ming so‘m atrofida edi. 30 ming so‘m bo‘lardi 10 dollar. 30 mingga 1 kilo konfet beradi. Odamlar hech bo‘lmasa, 20 dollarlik narsa olib kelishga harakat qiladi,- deydi toshkentlik ayol.

Gulnora opa o‘zbek chegarachilari 10 dollardan ziyod narsa olganlarni qaytarib yuborishi yoki tovarini musodara qilishini aytdi:

- Obratka degan so‘zi bor, qaytarib yuboradi yoki narsangizni olib qo‘yishadi. Ba’zi xotinlar yig‘lab, o‘zini kasalga solib, hushidan ketib qolganday qilishadi. Ba’zi paytlari rahmi kelgandan o‘tkazib yuborishadi. Yana ba’zi paytlari pasportida ko‘p pechat bo‘lsa, kirgizmaydi, umuman u yoqqa o‘tkazmaydi,- deydi Gulnora opa.

"Boshqa bormayman"

Toshkentning Chilonzor tumanida yashovchi Holida opa chegara yaqinidagi qozoq bozoriga borganida, o‘zbek bojxonachilari tovarlarini olib qo‘yganidan so‘ng boshqa bormagani haqida gapirdi:

"Men 4 marta borgandim. Oxirgi borganimda 10 dollardan ko‘p narsa olibsan deb, narsalarimning yarmini olib qoldi. Shundan keyin umuman bormadim deydi", Holida opa.

O‘zbekistonda belgilangan tartibga ko‘ra, chegaradosh davlatlar - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston va Turkmanistondan 10 dollardan ziyod narxda tovar olib kelinsa, boj to‘lovi joriy qilingan.

1996 yilning 10 sentyabrida qaydga olingan va 2010 yilning 4 yanvarida o‘zgartish kiritilgan “Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni bojsiz olib kirish” hujjatiga ko‘ra, O‘zbekiston bilan bevosita chegaradosh bo‘lmagan davlatlardan 1000 dollargacha boj to‘lovisiz tovar olib kirish mumkin.

XS
SM
MD
LG