Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:04

Mirziyoev tashrifi arafasida Qashqadaryoda odamlarga tovuq tarqatildi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qashqadaryoga tashrifi arafasida viloyat hokimligi Qarshi, Nishon va Muborak tumanlarida 200 ta oilaga 20 tadan jo‘ja tarqatdi. Qashqadaryo hokimligi mulozimi tovuqlar homiylar hisobidan bepul tarqatilganini aytdi. Ozodlik suhbatlashgan ayrim qashqadaryoliklar hokimlik tovuq va jo‘jalarni aynan Mirziyoevning Qashqadaryoga kelishi munosabati bilan, u yurishi mumkin bo‘lgan joylarda yashovchi oilalarga tarqatganini ta’kidlashdi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi mulozimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, jo‘jalar asosan kam ta’minlangan, nochor oilalarga berilgan.

- Bir haftada hammasi bo‘lib ikki yuzta oilaga jo‘ja tarqatdik. Hammasi odamlarga homiylar hisobidan bepul berildi, - dedi hokimlikning ismi sir qolishini istagan muolozimi.

Tovuq tarqatish kampaniyasi prezident Mirziyoevning o‘tgan oy Qoraqalpog‘istonda o‘tkazgan selektor yig‘ilishida aytgan gaplaridan so‘ng Qashqadaryoda ham avjiga chiqqan.

Ayrim qashqadaryoliklar esa hokimlik tovuq va jo‘jalarni aynan Mirziyoevning Qashqadaryoga kelishi munosabati bilan u yurishi mumkin bo‘lgan joylarda yashovchi oilalarga tarqatganini aytishdi.

- Bir hafta oldin bizga ham tovuq, ko‘chat olib kelishdi. “Prezident kelyapti, bizning mahallaga ham kelishi mumkin, manovi ko‘chatlarni eshik oldiga ekasizlar”, deyishdi. Besh tup ko‘chatini oldik. Jo‘jalarni boqishga imkoniyatimiz yo‘q deb, qaytarib yubordik. Bu ishlar prezidentga har bir xonadanda go‘yoki tovuq boqilayotganini ko‘rsatish uchun bo‘lsa kerak, - deydi Qarshi tumanida yashovchi Botir aka.

Ayni paytda Qashqadaryoda tovuqchilikni yo‘lga qo‘yishni istagan oilalarga kredit hisobidan ham tovuqlar taklif etilyapti.

Viloyatdagi Agrobank, Hamkorbank, Xalq banki hamda Mikrokreditbanklar xodimlari hamda mahalla qo‘mitalari faollaridan iborat guruh uyma uy yurib, aholiga o‘z tomorqasida boqish uchun kredit hisobidan tovuq va jo‘ja olishni targ‘ib etmoqda.

Qashqadaryoning Qamashi tumanida yashovchi nafaqaxo‘rlardan biri unga ham mahalla va bank faollari tovuq taklif qilganini aytadi.

- Bank kredit berar ekan, tovuq fermasidan shu kreditga tovuq berishar ekan. Endi bu kimgadir yaxshi, kimgadir to‘g‘ri kelmaydi. Dala xovlisi katta bo‘lganlar boqishi mumkin, shunda ham eplay olsa, shaxsan meni qo‘limdan kelmaydi bu, - deydi qamashilik pensioner.

Qashqadaryodagi ayrim korxonalarda esa ishchilarga oylik hisobidan jo‘ja va tovuqlar taklif etilgan.

- Men Qarshi yog‘-ekstratsiya zavodida ishlayman. Zavod bizga xohlang yuzta jo‘ja oling, deyapti. Oylikdan sakin-sekin ushlab qolar ekan. Ikki yilga shartnoma qilar ekan. Ikki yilda qarabsizki tomorqangizda tovuqlar ko‘payib, tuxum beryapti, shunaqa, - deydi qashqadaryolik muhandis.

O‘zbekistondagi har bir xonadonning 100 tadan tovuq boqishga majbur ekanligi haqida Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog‘istondagi chiqishida aytgan.

Mirziyoev bu vazifani bajarish haqida o‘ylashni hokimlarga, aholini kreditlar bilan ta’minlashni banklarga topshirgan.

Tovuqchilikni rivojlantirishni esa prezident O‘zbekiston bosh vaziri muovini Rustam Azimov zimmasiga yuklagan edi.

Shavkat Mirziyoev 24 fevral kuni Qashqadaryoga safar qildi.

O‘zAning xabar berishicha, Mirziyoev viloyatni ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirish rejasi qanday bajarilayotgani bilan tanishadi.

XS
SM
MD
LG