Линклар

logo-print
Oftobxon qirg‘indan bir yil o‘tib ham sog‘ligini tiklay olmayotgan o‘shliklardan biri.
Oftobxon opa 34 yoshda. U 4 farzandning onasi. O‘shning 2-Qorasuv ko‘chasida yashab kelgan. O‘tgan yil O‘sh qirg‘ini payti u istiqomat qilgan uy yonib ketgan. O‘zi to‘rt bolasi bilan O‘zbekiston chegarasiga qochayotganida olomon ichida yiqilib, nogiron bo‘lib qolgan.
- O‘zbekiston tomonga o‘tamiz deganda, o‘q ovozi eshtilgandi. Hamma vahimaga tushib qolgan. O‘sha payt biz yiqilib tushganmiz olomonning ichida, - deya eslaydi Oftobxon.
Qirg‘in kunlari uning yagona tilagi farzandlarini omon saqlab qolish bo‘lgan. Uning 4 farzandidan to‘ng‘ichi- 16 yoshdagi Nargiza bolaligidan nogiron. Oftobxon O‘zbekistonga qochayotganida bu farzandini o‘z yelkasida ko‘tarib yurishga majbur bo‘lgan.
Oftobxon hassaga tayangan holda arang yurganini aytadi.
- To‘polonda shu qizimni ko‘tarib ketayotib, yaxshi yurmaydi, yiqilib tushadi-da, uni olib ketayotib qoqilib yiqilib tushdik, ikkalamiz ham. O‘shandan beri yaxshi yura olmayman. Oyog‘imning suyagi yorilib ketgan. Hozir do‘xtirga borib ko‘rinsam, to‘liq rentgenga tushish kerak ekan. U 2700 som ekan. Meni unga sharoitim yo‘q, pul topa olmayman.
Endi bu qizim nogiron. 6 oyiligida meningit bo‘lib qolib, yurmasdan, 10 yoshida yurgan.Endi mendan ko‘ra semiz bola. Yaxshi yurmaydi, tovonni qo‘ymaydi. Shuning uchun buni yetalamasam, yiqilib tizzalari yara bo‘lib ketadi. Xozir ham tizzalari yara. O‘zim yonida bo‘lmasam iloji yo‘q, - deydi hassaga tayanib qolgan Oftobxon opa.
Oftobxon opaning uyi yonib ketganidan so‘ng, mana bir necha oydirki qarindoshining novvoyxonasida to‘rt farzandi va turmush o‘rtog‘i bilan yashamoqda.
- Xolamning novvoyxonasi edi, shu bir xonani berdi, yashab turibmiz. Bitta xonadonda uchta ovsin o‘tirar edik. Ikki xonadan qurib berdi, qaynukam kelgan. Finlar qurib bergan uyda qaynakam. Bizga uy yo‘q. Endi etap bilan qurilayapti. Sabr qilib turibmiz. Endi qurilsa kerak,- deydi o‘shlik Oftobxon opa.
Oftobxonnnig qizi Nargiza yoshligidan kasalmand.
Oftobxonning turmush o‘rtog‘i O‘sh qirg‘inidan so‘ng mardikorchilik qilib oila boqishga majbur bo‘lmoqda. U kuniga 100 so‘m, ya‘ni 2,5 AQSh dollariga teng miqdorda pul topar ekan. Bu pul esa 4 farzandan iborat 6 kishilik oilaning nonigagina yetadi.
Bugun O‘sh shahrida Oftobxon singari tibbiy va moddiy yordamga muhtojlar ko‘p. Suhbatdoshimiz O‘sh hokimiyatidan shu paytga qadar hech qanday yordam olmaganlar qatorida ekan.
To‘shakka mixlanib qolganlar, bir umrga nogironga aylangan o‘shlik o‘zbeklarga o‘tgan yil O‘sh qirg‘inidan so‘ng birlamchi yordam ko‘rsatilgan xolos. Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lishiga qaramay, hukumat tomonidan bu fuqarolar na bepul tibbiy yordam, na moddiy yordam ololgan emas.
XS
SM
MD
LG