Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:35

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalistlar yana bosimga uchradi


O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Vasiliy Markov.
O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Vasiliy Markov.
5 may kuni o‘zbekistonlik mustaqil jurnalistlar Vasiliy Markov va Ruslan Karimov Nishon tumanida militsiya bosimiga uchradi.

Vasiliy Markov va Ruslan Karimov Qashqadaryo viloyati Nishon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan 10 soat hech qanday sababsiz ushlab turildi.

Mustaqil jurnalist Vasiliy Markov Ozodlikka bergan suhbati chog‘ida voqea tafsilotlarini aytib berdi.

Vasiliy Markov 5 may kuni Qashqadaryo viloyati Nishon tumaniga hamkasbi Ruslan Karimov bilan mahalliy aholi orasida joniga qasd qilish holatini o‘rganish uchun borganligini aytdi.

- O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi matbuot markazi "Ishsizlik va pulsizlikdan odamlar orasida joniga qasd qilish holatlari ko‘paygan", degan ma‘lumot tarqatdi. Biz shuni surishtirish maqsadida borgan edik. Nishon tumanida bir qishloqda bo‘lib, odamlar bilan gaplashdik. Ikkinchi qishloqqa ikki mustaqil huquq faoli bilan ketayotganimizda bizni DAN xodimlari to‘xtatishdi, - deya hikoya qiladi mustaqil jurnalist Vasiliy Markov.

Jurnalist ularni Nishon tumani Ichki ishlar bo‘limiga olib borib, 10 soat davomida ushlab turishganini gapiradi. Nishon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari jurnalistlarni nima sababdan ushlab turganini izohlashmagan. Toshkentlik jurnalistlarning fotoapparatlaridagi suratlarni o‘z kompyuterlariga ko‘chirib olib, keyin fotosuratlarni o‘chirib tashlashgan. Shuningdek, militsiya xodimlari jurnalistlarni akkreditatsiyasiz ishlashganini ro‘kach qilishgan.

- Bu fotosuratlarda Nishon tumanidagi infrastrukturasi dabdala bo‘lgan qishloqning tasviri, tuman bo‘ylab oqib o‘tadigan suvi iflos, biroq shu suvni vodoprovod tizimi ishlamaganligi bois mahalliy axoli iste‘mol qiladigan magistral kanal tasviri bor edi. Undan tashqari o‘zini osgan yosh yigitning onasini fotosurati ham bor edi,- deydi jurnalist Vasiliy Markov.

Mustaqil jurnalist Nishonda ham markazdan uzoq bo‘lgan boshqa tumanlardagi kabi vaziyat hukmron ekanini aytadi:

- Hamma narsada deyarli to‘liq vayronagarchilik. Bunday hayotdan bo‘zargan, ma‘yus yuzlar. Ishsizlik, moddiy qiyinchiliklar. Nishondagi ahvol boshqa viloyat va tumanlardagi ahvoldan u qadar ajralmaydi. To‘g‘risini aytsam, meni bu holat xayron qoldirmadi. Chunki bunday holatlarni ko‘ravyerib ko‘zim o‘rganim ketgan, - deydi Vasiliy Markov.

Suhbatdoshimiz chiroyli binolardan yo‘l bo‘ylab faqat kollejlarni ko‘rganini aytadi. Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahri haqida esa Vasiliy quyidagilarni aytdi:

- Qarshi shahri markazi umuman olganda chiroyli.Biz faqat shahar markazida bo‘ldik. Shahar haqiqattan binolar bilan qurib tashlangan. Toza, ko‘chalari keng. Lekin shahardan biroz chiqib tumanga yo‘l olsang, boshqa ko‘rinish boshlanadi, - dedi mustaqil jurnalist.
XS
SM
MD
LG