Линклар

Moskvadagi Danilovo qabristonidan kanalizatsiya quvurlarining temir qopqoqlarini o‘g‘irlayotgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Moskva shahar Janubiy okrug IIBsi rasmiysi Natalya Malsevaga ko‘ra, Moskvada farrosh bo‘lib ishlgan o‘zbekistonlik mardikor Danilovo qabristoni qo‘riqchilari tomonidan jinoyat joyida hibsga olingan.
Moskvada tarixiy obidalar qatoriga kiritilgan Danilovo qabristonidan o‘z sheriklari bilan kanalizatsiya qopqoqlarini o‘g‘irlayotgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi.
Bu xabarni tasdiqlagan Moskva shahar Janubiy okrug IIBsi rasmiysi Natalya Malsevaga ko‘ra, o‘g‘rilikda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Moskvada rasman farrosh sifatida qaydga olingan. Uni Danilovo qabristoni qorovullari jinoyat joyida qo‘lga oldi, deydi ichki ishlar xodimi.
- O‘zbekistonlik 20 yoshli shaxs qo‘lga olindi. U o‘g‘irlangan kanalizatsiya qopqoqlarini sotib qo‘shimcha daromad olishni ko‘zlagan. Uning sheriklari bo‘lgan, chunki lyuklar juda og‘ir – 70 kilogacha edi. Lekin sheriklari “Gazel” avtomashinasida qochib ketishga ulgurgan,- deydi politsiya rasmiysi.
Shunga qaramasdan, u sheriklarsiz ishlagani va har bir temir qopqoqni 200 rubldan pullaganini aytmoqda, deya qo‘shimcha qildi Malseva.
Politsiya xodimlariga bergan ko‘rsatmasida, bu yigit uylanishga pul to‘plash niyatida bu ishga qo‘l urgani va to‘yiga 400 kishini taklif qilishni rejalashtirganini aytgan.
Ismi Ochil ekani aytilayotgan o‘zbekistonlik farrosh aravachada kanalizatsiya lyuklarini olib ketayotganida, uni qabristonga kelganlardan biri ko‘rib qolgan.
- U (voqea guvohi-tahr) qabristondan nimanidir olib chiqib, “Gazel” avtomashinasiga yuklayotgan yigitlarni ko‘rib qolgan va qo‘riqchilarni chaqirgan. Jinoyatchilarning temir lomi yotgan joyda qo‘riqchilardan biri yashiringan va biroz vaqtdan keyin lomni olib ketgani kelgan shaxsni qo‘lga olgan. Militsiya hozircha yo‘qolgan 15 dona temir lyuklarning 3 donasini topdi,- deydi Natalya Malseva.
Politsiya rasmiysi ayni paytda Moskvadagi barcha metall qabul qiluvchi punktlar politsiya xodimlari tomonidan tekshirilayotganini ma‘lum qildi. Uning aytishicha, oxirgi paytlarda Moskvaning Janubiy okrugida mayda jinoyatlar bilan qo‘lga tushayotgan migrantlar soni ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda.
Moskvaning Bosh tergov boshqarmasi rahbari Vadim Yakovyenkoning ommaviy axborot vositalariga bergan ma‘lumotiga ko‘ra, 2010 yilda Rossiya poytaxtida migrantlar tomonidan jami 12 mingdan ziyod jinoyatlar sodir etilgan.
Politsiya rahbariyati jinoyatlarni uyushtirish uchun muhojirlar yirik jinoiy guruhlarga birlashayotganidan xavotir bildirmoqda. Ozodlik Rossiya poytaxtining turli mintaqalarida mehnat muhojirlari shaharchalari paydo bo‘layotgani haqida xabar bergan edi.
Danilovo qabristonining o‘zini Vladimir, deb tanishtirgan qo‘riqchilar smenasi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bu yigitcha faqat mayda o‘g‘rilik yuzasidan javobgarlikka tortiladi.
- Danilovo qabristoni Moskvaning qadimgi tarixiy obidalaridan hisoblanadi. Bu yerda mashhur shaxslarning qabrlari bor. Yaxshiyam o‘g‘rilar tarixiy obidalar atrofidagi temir panjara yoki boshqa konstruksiyalarni olmaslikka aqli yetgan, faqat og‘ir temir qopqoqlarni olib chiqqan. Aks holda ular yana “vandalizm” moddasi bo‘yicha ham javobgarlikka tortilishi mumkin edi,- deydi Danilovo qabristoni qorovuli.
Aniqlanishicha, bu qabristonda Tretyakovlar sulolasi va boshqa bir qator rus ziyolilari va ruhoniylari ko‘milgan. Qabristonning musulmonlar uchun ajratilgan qismida esa, mashhur sovyet raqqosi Mahmud Esomboyev dafn etilgan.
Omadsiz "qopqoq o‘g‘risiga" nisbatan esa Rossiya Jinoyat Kodeksining “o‘g‘irlik” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda ayblanuvchi Moskva shahar tergov izolyatorlaridan birida saqlanmoqda.
XS
SM
MD
LG