Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:43

O‘zbeklar Rossiyada o‘rnashmoqda


Sankt-Peterburgda o‘zbek tilida chiqadigan "Turon" gazetasi.
Sankt-Peterburgda o‘zbek tilida chiqadigan "Turon" gazetasi.
Sverdlovsk viloyatida o‘zbeklar mintaqaviy milliy-madaniy jamiyati tuzildi. “Karvon” Rossiyada keyingi bir necha yil ichida tuzilgan ko‘plab o‘zbeklar jamoalarining navbatdagisidir. Bu tashkilotlar Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab o‘zbekistonliklarning huquqlarini himoya qilishni maqsad qilani aytilmoqda.

Svyerdlovsk viloyatining Pervouralsk shahrida mintaqada birinchi o‘zbeklar jamiyati tuzildi. Bu g‘oya tashabbuskori, asli buxorolik tadbirkor Ilhom Mirjonovga ko‘ra, “Karvon” o‘zbeklar jamiyati mehnat muhojirlariga yuridik maslahat berish, ularga zaruriy xujjatlarni rasmiylashtirish, ish beruvchilar bilan yuzaga keladigan muammolarni hal etish va boshqa yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

- Ancha yildan beri shu ishni qilamiz degan edik, qilib oldik. Biri pasporti yo‘qotgan, ikkinchisi – uyga ketaolmaydi. Bu yerda juda ko‘p o‘zbek oilalari yashaydi. Shularga yordam berish kerak, bolalarini maktabga joylashtirish kerak, bolnitsaga qo‘ymaydi, militsiya masalasida... Turli tadbirlar qilamiz. Birinchi boshlanishi juda qiyin bo‘lyapti, mablag‘ yo‘q. O‘zimizcha sharoit qilyapmiz-da. Kuni kecha masjidga osh berdik. Bu yerdagi o‘zbek bolalar juda qiynalib ketdi, shularga yordam berish maqsadida tashkil etdik bu tashkilotni, deydi Ilhom Mirjonov.

Buxoroning Qorako‘l tumanidan bo‘lgan Ilhom Mirjonov Sverdlovskka bundan 15 yil oldin kelib qolgani va hozirda Rossiya fuqaroligini olganini aytadi.

Sverdlovsk viloyati Federal migratsiya xizmati mutassaddilari tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, 2011 yilning birinchi yarmida viloyatda 104 ming mehnat muhojiri qaydga olingan. Ulardan 37 mingi – O‘zbekiston fuqarolaridir.

Ilhom Mirjonov noqonuniy migrantlar bilan hisoblaganda Sverdlovsk viloyatida o‘zbekistonliklar soni aslida bir necha barobar ko‘proq ekanini taxmin qiladi.

- Tashkil topganimizga bir oy bo‘ldi, lekin boshlashimiz juda qiyin bo‘lyapti. Mablag‘ yo‘q, bu yerdagi o‘zbeklarning o‘zi qiyin ahvolda, ko‘plari ketaolmay yuribdi. Kecha O‘zbekistondan ikkita xat keldi, menga militsiyadan berishdi: 6-7 yildan beri uyiga bormaydigan bolalar bor bu yerda. Sverdlovsk juda katta viloyat, unda o‘zbeklar juda ko‘p... Bu yerda bitta konsulstvo ochish kerak, chunki bular pasportsiz Moskvaga boraolmaydi, Novosibirsk uzoq. Mana shunga bosh qotib qoldi,- deydi Pervouralskda o‘z faoliyatini boshlagan “Karvon” o‘zbeklar tashkiloti rahbari Ilhomjon Mirjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot qoshida Sverdlovsk viloyatida migrantlar uchun birinchi yotoqxona ham tashkil etilmoqda. Shuningdek, jamiyat og‘ir ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga yordam berish maqsadida maxsus jamg‘arma ham tuzishni rejalashtirgan, deydi Mirjonov.

Rossiyaning turli mintaqalarida o‘zbek jamiyatlaridan tashqari o‘zbek tilida chop etilayotgan nashrlar ham ko‘paymoqda. Astraxanda Roskomnadzor” boshqarmasi ro‘yhatga olgan “Bizning gazeta. Astraxan” nashri ana shulardan biridir.

Gazeta tashabbuskori va homiysi - Astraxan yoshlar uyushmasi rahbari va mahalliy o‘zbeklar jamiyati faoli, advokat Azamat Alimov gapiradi:

- Bu ideya eskidan bor edi-da. Shu yilning boshidan bu ish bilan jips shug‘ullanib gazetani ochish uchun ofitsialno qayddan o‘tdik. Hozircha jurnalistlarni jamlab, davlat idoralari bilan kontakt tuzdik. Mana, gubernator yordamchisi birinchi intervyuni beryapti bizga. O‘quv yurtlari, yozuvchilar, tarixchilar bilan aloqa qilib material yig‘yapmiz. O‘zbekistondan gazeta, televideniyedan hamkorlik qilishga tayyor bo‘lganlar chiqdi. To‘g‘risi, bu siyosiy bo‘lmagan gazeta: o‘zingiz bilasiz siyosatga qo‘shilmagan yaxshi. Gazetada millatimiz, madaniyatimiz, tariximiz haqida yoziladi,- deydi Astraxandagi birinchi o‘zbek nashri tashabbuschisi Azamat Alimov.

U O‘zbekistondan kelayotgan mehnat muhojirlari birinchi bo‘lib Astraxandan o‘tishi bois, bu yerda o‘troqlashib ketayotgan o‘zbeklar ko‘payib borayotganini aytadi.

- Rossiyada ham allaqachon tug‘ilib o‘sgan, ko‘pdan beri yashayotgan o‘zbeklar bor. Taxminan, mahalliylashib ketgan o‘zbeklar 8-10 ming kishini tashkil etadi. Migrantlar ham 10-15 mingga borib qoladi. Keyin, bu yerda qozoq va boshqa turkiy millatlar ko‘p bo‘lgani uchun millatchilik yoki boshqa, degan problemalar kam. Moskva, Peterburgda, o‘zingiz bilasiz, problemalar ko‘p-ku, deydi Azamat Alimov.

Astraxan yoshlari tashkilotini boshqarayotgan advokatning so‘zlariga ko‘ra, “Bizning gazeta. Astraxan” dastlab 5 ming nusxada to‘liq uning homiyligida bosmadan chiqadi. Gazetaning birinchi soni kelgusi oy ichida chop etiladi va bepul tarqatiladi.

Ozodlik bundan avval Sankt-Peterburgda markaziy osiyoliklar uchun “Peterburg.uz” va “Turon”gazetalari chop etila boshlagani hamda Volgogradda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari kasaba uyushmasi tuzilgani haqida xabar bergan edi.
XS
SM
MD
LG