Линклар

logo-print
AQSh rasmiylari mart oyida Pentagonga kiber qaroqchilar tomonidan juda qattiq zarba berilganini ochiqladi.

AQSh Mudofaa vaziri o‘rinbosari Uilyam Linnning bildirishicha, mart oyida kiber qaroqchilar “o‘ta ahamiyatli ma‘lumotlarni qo‘lga kiritishiga muvaffaq bo‘lgan”.
Mazkur hujum paytida kiber qaroqchilar Pentagon kompyuter tizimidan 24 mingta faylni o‘g‘irlagan. Bu AQSh tarixidagi eng katta kiber hujum sifatida baholanmoqda.
Uilyam Linn kiber hujum boshqa bir mamlakat tomonidan uyushtirilgan va bu hujum ortida kim turgani Pentagonga ma‘lum ekanini bildirdi.
Shu munosabat bilan kiber makon haqidagi yangi strategiya ishlab chiqildi va u eski strategiyadan katta farq qiladi.
Yangi strategiyaga binoan kiber makon Pentagon uchun yer, suv va havodagi kabi harbiy harakat hududiga aylanadi.
- Yigirma birinchi asrda bittlar va baytlar o‘q va bombalar kabi qo‘rqinchlidir. AQSh qonunlari bo‘yicha katta kiber hujumga nisbatan harbiy javob qaytarish huquqi saqlanib qolingan, - dedi Linn.
Uning aytishicha, kiber makon yuzasidan yangi strategiya mudofaa yo‘nalishiga ko‘proq e‘tibor qaratadi.
Pentagon kiber hujumni boshqa davlatlardangina emas, terrorchilardan ham kutish mumkinligini bildirdi.
Eski strategiya Pentagonni xakerlar hujumidan qutqara olgani yo‘q. Yangi strategiyada esa Pentagon xakerlarni dunyo bo‘yicha izlaydi va ularga qarshi kurashadi.
- Bizning kiber makonimiz oddiy hayotimizdagi mudofaa tizimimizning ko‘zgusi bo‘lishi kerak. Aniqroq aytsam, bizning asosiy maqsadimiz hujumga yo‘l qo‘ymaslik. Hujum bo‘lmasligi uchun esa uning oldini olishimiz kerak, -dedi Linn.
Pentagon 15 mingdan ortiq kompyuter tizimi bilan aloqa qiladi va bu tizimga dunyo bo‘yicha 7 million kompyuter ulangan.
Pentagon tarmog‘i kuniga bir million marta hujumga uchraydi va oxirgi o‘n yil ichida bu hujumlar natijasida bir terabayt ma‘lumot o‘g‘irlangan. Mazkur o‘g‘irliklar raketa va nazorat tizimi, satellit aloqasi, aviakosmos texnologiyalariga taaluqli. Xakerlar hujumi oqibatida AQSh iqtisodi 1 trillion dollar ziyon ko‘rgan.
AQSh bundan avval Rossiya va Xitoyni kiber hujumlar uyushtirganlikda ayblagan edi.
XS
SM
MD
LG