Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:36

Peterburgda o‘zbek bolalari uchun kitob chop etiladi


Sankt-Peterburgda muhojirlar farzandlari uchun o‘zbek tilida “Do‘stlik haqida” nomli kitob chop etiladi. Loyiha tashabbuschilari - Peterburgdagi “Turon” gazetasi tahririyati xodimlariga ko‘ra, bu kitobcha Rossiyada ko‘payib borayotgan mehnat muhojirlari farzandlariga tolerantlik haqida so‘zlab beradi.
Sankt-Peterburgda o‘zbek tilida chiqadigan "Turon" gazetasi muharririyati “Ezgulik kitobchasi” loyihasini amalga oshira boshladi. Loyiha doirasida rus, o‘zbek va tojik tillarida “Do‘stlik haqida” nomli rangli kitoblar chop etiladi, deydi Ozodlik bilan suhbatda gazeta muharriri Anastasiya Tashkina.
- 1 iyunda biz tolerantlik haqidagi bu kitobchani rus tilida nashrdan chiqardik. Keyinchalik uni o‘zbek bolalari uchun ham chop etishga ehtiyoj borligini angladik. Chunki Peterburg aholisining 1/6 qismi o‘zbeklar ekani hech kimga sir emas. Yoshi katta migrantlarni tarbiyalash kech, ularning farzandlari ongida esa hayotda zarur bo‘lgan qadriyatlar haqida tushunchalarni shakllantirish osonroq kechadi,- dedi loyiha tashshabbuskorlaridan biri Anastasiya Tashkina.
“Ezgulik haqida” loyihasining birinchi kitobi “Turon” gazetasi va uning asoschisi Igor Belousov homiyligida chop etildi, deydi "Turon" gazetasi Bosh muharriri Mahmud Mamatmo‘minov.
O'zbek tilida chiqadigan Turon gazetarsining bosh muharriri Mahmud Mamatmo'minov.
- Gazetamiz O‘rta Osiyodan kelayotgan katta yoshdagi o‘zbek, tojik yoki qirg‘izlarga yordam bersa, bu kitob maktab yoshdagilarga mo‘ljallangan. Bu bolalarni maktablarda kutib olish har xil bo‘lyapti. Shu kabi to‘siqlarni yengish uchun shu kitobni o‘ylab chiqardikki, uni o‘qigan yoshlar sal bo‘lsa ham odamni millatiga qaramasdan odamligicha qabul qilishga o‘rgansin. Qiziqqanlar bor ekan, balkim ular bilan hamkorlik qilsak hajmi ko‘payadi. Sankt-Peterburg hukumatidan ozgina yordam bo‘lib qolganida yaxshi bo‘lardi,- deydi Peterburgda bolalar uchun o‘zbek tilida nashrga tayyorlanayotgan kitob muharriri Mahmud Mamatmo‘minov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kitobcha bolalarga bag‘rikenglik, birodarlik, do‘stlik, o‘zaro hurmat to‘g‘risida so‘zlovchi hikoyalardan iborat bo‘lib, hayotdan olingan voqealar asosida yozilgan. U kitobcha Rossiyada o‘zbek muhojirlarining bolalari duch kelayotgan muammolarni anglashga yordam berish maqsadini ko‘zlaydi, deydi.
- Statistikaga qarasangiz, ilgari asosan yoshlar kelgan bo‘lsa, hozir 35-40 va hatto 50 yoshgacha bo‘lganlarni uchratish mumkin. Bu odamlar, albatta, maktab yoshidagi bolalarini ham olib kelyapti. O‘zga yurtda bularni maktabga kirgizish bir muammo, kirganidan keyin kollektivga qabul qilish muammo bo‘lib turar ekan. Shu muammolarni ozgina bo‘lsa ham bartaraf qilish bizning maqsadimiz. Chunki qayerga bormang, militsiyaga tushayotganlar kim? O‘zimizni O‘rta Osiyodan kelganlar. Ularning ko‘pchiligi bolalari maktabga chiqmasdan hozirgacha uyda o‘tiribdi. Sentabrda ahvol qanday bo‘ladi, aytish qiyin,- deydi Mahmud Mamatmo‘minov.
Sankt-Peterburgda o'zbek tilida "Peterburg Uz" gazetasi ha chop etiladi.

Aytish joyiz, o‘zbek tilidagi kitoblar “Ezgulik haqida” loyihasi mualliflari hisobiga nashr etiladi va shahardagi o‘zbek jamiyatlari va tashkilotlari tomonidan bepul tarqatiladi.
Aleksandr Gersen nomidagi Sankt-Peterburg Pedagogika univyersiteti professor Irina Lыsakova boshchiligidagi ilmiy xodimlar guruhi tomonidan “Russkiy bukvar dlya migrantov”, ya‘ni “Muhojirlar uchun ruscha alifbo” o‘quv qo‘llanmasi ishlab chiqilgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.
Kuzatuvchilar mehnat muhojirlari bolalari bilan bog‘liq muammolar Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida yuzaga chiqayotganini ta‘kidlamoqdalar.
Chelyabinskdagi “Bobur” o‘zbeklar milliy-madaniy markazi rahbari Ma‘murjon Qodirov esa Rossiyaga mehnat qilgani kelayotgan katta yoshdagi muhojirlarning ko‘pchiligi ham rus tili va madaniyatidan saboq olishlari kerak, degan fikrda.
- Chelyabinsk viloyatida oxirgi hisob-kitob bo‘yicha 18 mingdan ortiq odam qaydga olingan. Ulardan yarmidan ko‘pi oilasi bilan kelgan. Ularning bolalari bu yerdagi maktablar bepul bo‘lgani uchun maktablarda ham o‘qiyapti. Hozir bizga migratsiya xizmati O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistondan kelgan bolalar rus tilini yaxshi bilmayapti, deyapti. Ular shu yerda, Rossiyada, rus tilini o‘rgatishimiz kerak, degan degan muammo ko‘tarilyapti. Bu yerda bir-ikkita domlalar madaniy-oqartuv kurslarini joriy qilishni taklif qilishmoqda. Axir bular Rossiyaga kelganidan keyin rus tilini yaxshi bilishi kerak-ku. Bizda, O‘zbekistonda, rus tili kamroq o‘rgatilayotganidan juda afsuslanaman. Lekin katta lavozimdagilarning bolalari aksar rus maktablarida o‘qiydi, oddiy xalq esa milliy madaniyatni chuqurroq o‘rganyapti, xolos,- deydi “Bobur” o‘zbeklar milliy-madaniy markazi rahbari Ma‘murjon Qodirov.
Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiya hududida 12 milliondan ortiq mehnat muhojiri yashaydi. Ularning 2 millioni qonuniy asosda ro‘yxatga olingan. Rossiya Federal migratsiya xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi mehnat muhojirlarning katta qismini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi.
XS
SM
MD
LG