Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:08

Peterburgda o‘zbekcha gazeta chiqa boshladi


"Peterburg uz" gazetasining yanvar oyida chop etilgan soni.
"Peterburg uz" gazetasining yanvar oyida chop etilgan soni.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘zbek tilida “Peterburg uz” nomli gazeta chop etila boshladi. 5000 nusxada chop etilayotgan mazkur gazeta Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari uchun ona tilida chiqayotgan yagona nashrdir¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda gazeta ta‘sischisi Ravshan Qurbonov.

Asli xorazmlik Ravshan aka 1982 yildan buyon Sankt-Peterburgda yashaydi. Yoshi 50 ka borib qolgan suhbatdoshimiz o‘tgan yilning iyul oyidan buyon o‘zbekcha gazeta chiqarish ishtiyoqida yashaganini aytadi.

'Peterburg uz' gazetasi bosh muharriri Ravshan Qurbonov ayni paytda Sankt-Peterburg munitsipal kengashi deputati hamdir.
- Bizlarda, bilasiz, Rossiya ko‘p millatli mamlakat. Konfliktlar bo‘lishi mumkin, bo‘ladi ham shu yerda. Hamda O‘zbekistondan va Qirg‘izistondan migrantlar kelayapti. Biror nima bo‘lsa ham xamma gapi migrantga. Qonun buzilish holati bo‘lsa ham migrantlarga gapirayapti. Shuning uchun shu gazeta bizning odamlar og‘irini ozgina yengillatsa, degan ma‘noda shu gazetani chiqarmoqchi bo‘ldik, - deydi “Peterburg uz” gazetasining bosh muharriri Ravshan Qurbonov.

Ravshan aka o‘zi jurnalist bo‘lmagani bois gazetaga mahalliy rusiyzabon jurnalistlarni ishga olgan. Maqolalarning o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan esa maxsus tarjimon shug‘ullanadi.

“Peterburg uz” gazetasining ilk soni o‘tgan yili iyul oyida chop etilgan. Unda, bosh muharrirga ko‘ra, O‘sh voqealari ham yoritilgan. Gazeta xodimlari o‘z muxlislari yordamida O‘shga insonparvarlik yordami ham jo‘natishgan ekan.

Ayni paytda ikki tilda - o‘zbek va rus tillarida maqolalar berib borilayotgan “Peterburg uz” gazetasining moliyalashtiriluvchisi, Ravshan Qurbonovning aytishicha, o‘zbeklar emas.

- Bu gazetani moliyalashtirilishi O‘zbekistondan, diasporadan emas. Lekin podderjkasi bor. Birinchi soni axborot beruvchi edi, ikkinchi soni ham. Birinchi soni chiqqanidan keyin bu gazeta baribir siyosatga bog‘liq. Bu gazeta ikki mamlakatni bir-biriga yaqinlashtirish kerak. Bu yerdan doim O‘zbekistonga borishadi. O‘zbekistonning odatlari, an‘analarini tushuntirishimiz kerak. Alohida mamlakat bo‘lganiga 20 yil bo‘ldi. Mana bu axborot vakuumi kelib chiqayapti, bir-birimizdan informatsiya yo‘q. Yosh avlod bu yerda voyaga yetdi. Ular bilmaydi ham O‘zbekistonni. Birga yashaganimizni ham bilmaydi. Shu uchun ham gazeta chiqayapti. Ham migrantlarga yordam. Gazetaning birinchi soni chiqqanidan keyin odamlarga ko‘rsatishim kerak, aloqa o‘rnatishim kerak edi. Bu gazeta kerak yoki kerak emasligi, qiziqish bor-yo‘qligini bilish uchun. Qiziqish bo‘lganidan keyin ikkinchi soni chiqdi. Hozir rasman registratsiya qilamiz, - deydi Ravshan aka.

Ayni paytda Sankt-Peterburgda o‘zbek tilida chiqa boshlagan gazetaning rasmiy soni 999 nusxa.

- Agar ming tirajini yozsak, demak, soliq to‘lashimiz kerak. Ro‘yxatdan o‘tgan gazeta bo‘lishi kerak. Baribir 5 ming nusxada chiqarayapmiz. Ro‘yxatdan o‘tganidan keyin 20-25 ming nusxada chiqishi kerak, deydi Ravshan Qurbonov.

Unga ko‘ra, gazeta faqat Peterburgda qolmasdan, Samara, Moskva shaharlariga tarqab ketmoqda.

- Hozircha Sankt-Peterburgdagi hamma rayonlarda, UFMSni tochkalarida, restoran, kafe, yotoqxonalarda tarqatayapmiz. Keyinchalik shartnomamiz bo‘lsa, aeroport, temir yo‘l vokzallarida ham tarqatamiz. Hamma tomonidan qo‘llab-quvvatlash bor. Hukumat tomonidan ham qiziqish bor. Shuning uchun, menimcha, muammo bo‘lmasligi kerak, - deydi Ravshan Qurbonov.

“Peterburg uz” bosh muharriri o‘z gazetasi muhojirlar bilan O‘zbekiston o‘rtasida ko‘prik bo‘lishiga ham umid qilayotganini aytadi:

- Peterburgda Jalil aka Sodiqov bor. Harbiy odam, 50 yildan ko‘proq bu yerda yashayapti. Hamma hayotini aytib berayapti. Juda o‘qishga arzigulik maqola chiqqan. Bu yerda Toshkent to‘g‘risida, rassomlar, O‘zbekiston va Sankt-Peterburg kutubxonalari haqida maqolalar bor. Bu yerga kelgan artistlarning intervyulari bor. Elchining ham intervyusi bor, - deydi Ravshan Qurbonov.

Rossiyaning shimoliy poytaxtida chiqayotgan ”Peterburg uz” hozirda o‘zbek tilida chop qilinayotgan yagona gazetadir. Bundan 6 yil oldin Moskvada “O‘zbegim” gazetasi o‘zbek muhojirlariga bepul tarqatilar edi, biroq bir yil o‘tar-o‘tmay, gazeta chop etilishi to‘xtatilgan edi.
XS
SM
MD
LG