Линклар

O'zbekistonda “Obnalchi” deb atalayotgan guruhlar plastik kartochkadagi pulni naqdga aylantiraman¸ deb odamlarni chuv tushirmoqda.

O‘zbekistonda plastik kartochkalar yo‘lga qo‘yilgan dastlabki yillardanoq, odamlar orasida naqd pul tanqisligi boshlandi. Bozorning plastik kartochkalarga moslashmagani, sotuv shahobchalarining aksariyatida plastik kartochka o'qiydigan moslamani yo'qligi plastik kartochka egalarini qiyin ahvolga solib qo'yayotgan edi.

Bu muammolar bilan birga plastik kartochkadagi pulni naqdga aylantirib berish bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruhlar ham o‘z faoliyatini boshladi.

Oddiy xalq “obnalchi” deb ataydigan ushbu maxsus guruhlarning ish uslubi ikki xilda yo‘lga qo‘yilgan¸ deydi plastik kartochka bilan bog‘liq muammolar haqida Ozodlikka tez-tez murojaat qilib turadigan kartochka egalaridan biri farg‘onalik Bahodir Eliboyev.

Bu suhbatdoshga ko‘ra, eng ommalashgan usul: maxsus guruh vakillari tashkilot va korxonalar ishchilarining plastik kartochkalarini ommaviy tarzda yig‘ib olib, undagi pulni naqdga aylantirib egasiga qaytarishidir.

- "Obnalchi" deydi ularni. Obnalichivat qiladigan odamlar-da. Misol¸ bir davlat korxonasi bor. Ularning plastikka pul olishini u guruhning bitta vakili biladi. Ularga borib “mana shuni sizlarga obnalichka qilib beramiz” deydi. Uch kunda yoki ikki kunda qilib beramiz, deb hammasining kodlarini yozib, endi ozgina ishonchga kirgan bo‘lishi kerak, kartochkani olib turib ikki-uch kundan keyin yana kelib naqd pulni berib plastiklarni qaytarib berishadi egalariga, deydi plastik kartochka bilan bog‘liq kundalik muammolar borasida o‘ziga xos "ekspert"ga aylangan Bahodir Eliboyev.

Suhbatdoshimiz¸ ikkinchi usulning ham maxsus guruh tomonidan daromadli biznesga aylantirilganini aytadi.

- Terminal bilan ishlaydigan firmalar bor. Xususiy tadbirkorlar bor. Misol uchun¸ dorixona yoki boshqa turdagi do‘konlar bor. Ularning oldida hozir odamlar turishibdi-da. “Obnal qilib beraman arzonroq foizga” deb obnal qilib berishayapti. Bu hozir juda zo‘r biznes turi bo‘lib qolgan. Yetti foiz deyishadi, olti foiz deyishadi, kimdir sakkiz foiz deydi. Srochno kerak bo‘lsa, 10 foiz deydi. Bankka yoki boshqa joyga borsa qilib bermaydiyu.100 so‘mlik narsani 117 so‘mga plastikda olasiz. Undan ko‘ra naqd pul qilib olib¸ o‘shani arzonroq qilib olsa yaxshimasmi. 5-6 foiz ushlab qolsa ham rozi u, deydi plastik kartochka atrofidagi g‘irromliklardan yaxshi xabardor Bahodir Eliboyev.

Mazkur guruhlar plastik kartochka egalari mushkulini oson qilayotgan bo‘lsa, Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ paydo bo‘lgan boshqa soxta tadbirkorlarning¸ odamlarni tovlamachilik yo‘li bilan chuv tushirayotgani ham kuzatilayapti.

Ozodlikka xabar qilishlaricha, tovlamachi guruhlar kartochkadagi pulni naqdga aylantirish va‘dasi bilan odamlarning plastik kartochkalarini yig‘ib olib, g‘oyib bo‘ladi.

Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotining Jizzaxdagi vakili bu viloyatda ham plastik kartochkalar bilan ishlaydigan tovlamachi guruhlar mavjudligini va ularga qarshi huquq tartibot idoralari tomonidan keng kurash ketayotganini aytadi.

- Huquq-tartibot organlarimiz qattiqroq ishlab¸ hozir menimcha bunaqa nimalarga chek qo‘yildiyov. Juda ko‘plari jinoiy javobgarlikka tortilib ketdida. Bo‘lgan edi haqiqatan ham bizda. To‘rtta-beshta tadbirkor deymizmi, soxta tadbirkor¸ deymizmi shunaqa ishlar bo‘lgan edi. Ushla-ushla bo‘lib¸ jinoiy javobgarlikkacha borgan. Hozir bitta-ikkita bo‘lmasa juda ham kam. Bunaqa holat yo‘q hisobiyov menimcha, deydi Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotining ismi keltirilishini istamagan mutasaddi xodimi.

Andijon banklaridan birining xodimiga ko‘ra, aholi uchun qulay imkoniyatlar yaratayotgan plastik kartochkalarning xavfsizlik va konfidensialligi to‘la ta‘minlangan.

- Bank omonat hisob raqami beradi. Omonat hisob raqamingiz birovga aytilmaydi, hech qanday ma‘lumot ham berilmaydi sizning hisob raqamingizdagi mablag‘ bo‘yicha. Bankda sir saqlanadi. Ro‘yxat bo‘yicha ish joyingizdan keladi. O‘sha vyedomost bo‘yicha kartangizga pul tushadi. Sizning pulingizni u yoq bu yoqqa surolmaymiz ham, ololmaydi ham, hech kim hech narsa qila olmaydi. Kartangiz o‘ziningizning qo‘lingizda bo‘ladiyu. Hisob raqamingiz bizda bo‘ladi. Hisob raqamingiz haqida hech qanaqa uchinchi shaxslarga ma‘lumot berilmaydi. Sir saqlanadi, deydi bank xodimi.

Ayrim viloyatlarda plastik kartochkalar bilan ishlaydigan yuqoridagi singari maxsus guruh a‘zolari o‘z rahnomalari himoyasida ekani ular faoliyatini gullab-yashnashiga zamin yaratayapti.

Farg‘onalik Bahodir Eliboyev ushbu guruhlarni ayrim amaldorlar qo‘llashi haqida gapiradi.

- Bankda yaqin tanishi bor yoki bank xo‘jayiniga qandaydir qarindoshligi bo‘ladi. Shunaqa odamlar bo‘ladida. Shunaqa qilib qo‘lida 10-15ta plastik bo‘ladi. Borib bitta almashtirib beravyeradi. Endi buni maxsus qaysidir bank xodimi yoki qaysidir amaldor shunaqa yigitchalarni topib “Shunaqa qilinglar. Bu yog‘iga men javob beraman. Hech kim tekshirmaydi” deb maxsus tashkil qilgan bo‘lishi ham mumkin, deydi Bahodir Eliboyev.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish shahobchalarining taxminan 40 foizida terminal yetishmaydi.

Mamlakatda terminallar va bankomatlar yetishmasligi plastik kartochkalarni ishlatish imkonini cheklaydi va o‘zi-o‘zidan “obnalchi” guruhlar faoliyatiga keng yo‘l ochadi.

Shuningdek, firma va savdo shahobchalarida plastik kartochka bilan savdo qilinganda 10-25 % ustama narx olinsa, yuqoridagi maxsus guruhlar umumiy summadan 5-10 % pul olishni taklif qiladi. Bu holat ham odamlarning “obnalchi” guruhlarga murojaat qilishiga ehtiyoj tug‘diradi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbekistonliklar qo‘lida 7,5 milliondan ziyod plastik kartochka bor¸ mamlakat bo‘yicha 65 mingdan ortiq terminal ishlamoqda.
XS
SM
MD
LG