Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:40

Prezident sportchi qizlarga o‘zbekona forma sovg‘a qilmoqchi


Eronlik sportchi ayollarga ham milliy va diniy an‘analarga mos keladigan formalar beriladi.
Eronlik sportchi ayollarga ham milliy va diniy an‘analarga mos keladigan formalar beriladi.
O‘zbekistonda sport bilan shug‘ullanayotgan 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 570 ming nafar qishloq qizlari sport kiyimlarini prezident sovg‘asi sifatida tekinga olishadi. Mazkur loyiha prezident Islom Karimov taklifiga ko‘ra, sport bilan shug‘ullanayotgan qishloq yoshlarini rag‘batlantirish maqsadida tadbiq etilayotgani aytilmoqda.

Joriy yilning mart oyi oxirida “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik shirkati va O‘zbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi “Osiyo ramzi” dizaynerlar va modelerlar uyushmasi bilan hamkorlikda sportchi qizlar uchun formalar ishlab chiqarishni boshladi.

O‘zbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mutaxasisi Hojiakbar Karimovga ko‘ra, mazkur loyiha prezident Islom Karimovning taklifiga ko‘ra, Toshkent shahridan tashqari barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘istonning qishloqlarida sport bilan shug‘ullanayotgan 570 ming sportchi qizlar uchun formalar tikishga mo‘ljallangan.

- Ko‘zlangan maqsad 6 yoshdan 18 yoshgacha sport bilan shug‘ullanayotgan qizlarni moddiy emas, pul bilan emas kiyim-kechak bilan rag‘batlantirish. Mana shu sport bilan shug‘ullanuvchi qizlarning orasida kam ta‘minlangan oilalar ham borda. Shularni ham ozgina qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilindi bu loyiha,- deydi Hojiakbar Karimov.

“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi mutaxasisi Komila Karimova sport formalari 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar uchun tikilayotganini aytib, sport liboslarining sifatiga kafolat berishini qo‘shimcha qildi.

- O‘zimizda ishlab chiqariladigan trikotaj polotnosidan tikilayapti. Trikotaj polotnosiga laykra degan ip qo‘shilgan. Bu ip asosan shimiga qo‘shilgan. Qo‘shishdan maqsad ip forma ustoychovost beradi. Keyin prochnost kraskani beradi. Tashqi ko‘rinishini yo‘qotmaydi. Shuning uchun besh foizgina laykra ipi qo‘shilgan. Bu sog‘liqqa hech qanaqa zarar qilmaydi. Faqat izdeliyaning tashqi ko‘rinishini saqlab beradi. Chiroyliligini, xushbichimligini saqlab beradi,- deydi “O‘zbekengilsanoat” mutaxasisi.

Komila Karimovaga ko‘ra, sport liboslari ochiq havo rang, yashil, pushti, ko‘k, oq va qizil ranglardan iborat bo‘lib, ular jahon andozalari va o‘zbekona milliy an‘analarni o‘zida mujassam qilgan.

- Sport formalarini dizaynerlar bilan maslahatlashib, milliyligimizga moslaganmiz. Sport formalari kalta emas. Naprimer qorinlar ko‘rinmaydigan, beldan sal tushadigan modellarimiz bor, hammasi milliylikka mos. O‘zimizning mentalitetimiz hisobga olib qilingan. Keyin yoqali qilingan ko‘rinishlari bor.

“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasining qizlar sport formalari to‘plamini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan korxonalari uchun soliq yuki kamaytirilgan bo‘lib, buning evaziga sport formalarining narxi bozorga nisbatan ancha arzon.

- Narxi juda ham priyemlimiy (ommabop) narxda tikilayapti. Chunki bizlarning davlatimiz tomonidan bunga imtiyozlar belgilandi. Qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilindi. Qo‘shimcha chet eldan keltiriladigan xom ayosh va materiallarga tamojenniy imtiyozlar berilgani uchun narxi juda ham priyemlimiy. Priblizitelno 15 mingdan 18 minggacha. Ancha arzon bizlarning mahsulotimiz. Chunki birinchidan davlat tomonidan imtiyozlar berilgan bo‘lsa, ikkinchidan xom ashyo o‘zimizniki, polotno ham o‘zimizniki. O‘zimiz paxtani olamiz, uni qayta ishlaymiz, o‘zimiz kraska qilamiz. Keyin o‘zimiz tikuv sexiga beramiz. Shuning uchun tan narxi kam bo‘lgani uchun bizlarning mahsulotimiz chetdan kelayotganlardan uch-to‘rt barobar arzon desam adashmayman,- deydi Komila Karimova.

O‘zbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mutaxasisi Hojiakbar Karimovga ko‘ra, ular “O‘zbekengilsanoat”dan arzon narxdagi sport formalarini sotib olib, sportchi qizlarga tekinga tarqatishadi.

- Davlat tomonidan pul ajratiladi. Shu pulga bizlar kiyim-kechak sotib olamiz yengil sanoatdan. Olingan kiyim-kechakni keyin bizlar joylarga yetkazamiz va tekinga tarqatamiz. Bu sovg‘ayu. Prezident sovg‘asiyu. Protokollarda ham, boshqa joylarda ham prezident sovg‘asi deb yuritilayapti. 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan, sport bilan shug‘ullanadigan qizlarga prezident sovg‘asi ajratilsin, degan joyi bor. Byudjetdan pul ajratiladi davlat tomonidan. U pulga kiyim-kechak sotib olinadi. Keyin tarqatiladi. Bizlardan tekinga beriladi,- deydi Hojiakbar Karimov.

Xorazmning Shovot tumanida yashovchi 14 yoshli Nigora 3 yildan buyon sport to‘garagiga qatnashadi. Nigora “prezident sovg‘asi”ni olayotganidan xursandligini aytadi.

- Albatta xursandman. Rasmini ko‘rsatishdi, chiroyli ekan. Yana tekinga berishayapti. Men shahar markazidagi sport klubiga qatnayman. Lekin qishloqdagi tengdosh dugonalarim imkoni yo‘qligidan qatnasha olmaydi. Yo‘l kira yetkazib berishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Sport klublari qishlog‘imizda ham qurilsa yaxshi bo‘lardi,- deydi Nigora.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda 1200tadan ziyod sport inshootlari bunyod etilgan bo‘lib, ularning mingdan ziyodi qishloq joylarida qurilgan.

2010 yilda 6-15 yoshdagi 1,6 million nafar bola sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullangan va sportchi qizlar soni 2008 yilga nisbatan 30,9 foizga oshgan.

O‘zbekiston viloyatlari orasida Samarqandda eng ko‘p, ya‘ni 77 ming qiz sport bilan shug‘ullanadi.
XS
SM
MD
LG