Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:20

Prokurordan 240 ming dollar o‘g‘irlaganlar qamaldi


Prokurorning aytishicha, uning seyfidan o‘g‘irlangan 240 ming AQSh dollaridan atigi 13 minggi unga tegishli bo‘lgan xolos.
Prokurorning aytishicha, uning seyfidan o‘g‘irlangan 240 ming AQSh dollaridan atigi 13 minggi unga tegishli bo‘lgan xolos.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Abdurasul Yunusovning uyidan 240 ming AQSh dollari va tilla buyumlarni o‘g‘irlagan besh nafar yigit sud hukmiga ko‘ra, 13,5 yildan 14 yilgacha bo‘lgan qamoq jazolariga mahkum qilindi.

Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tuman jinoiy ishlar sudida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Abdurasul Yunusovning uyida sodir etilgan o‘g‘irlik bo‘yicha sud mahkamasi tugadi.

Qora kursidagi besh yigitning barchasi aybdor deb topilib, 13,5 yildan 14 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosiga hukm qilindi.

Bu haqda xabar tarqatgan Uzmetronom.som saytiga ko‘ra, Abdurasul Yunusovning uyidan jami 240 ming 100 AQSh dollari va tilla buyumlar o‘g‘irlangan.

Bu ma‘lumotni O‘rtachirchiq tuman Ichki ishlar bo‘limining navbatchi xodimi ham tasdiqladi.

Unga ko‘ra, prokurorning uyidagi o‘g‘irlik holati bo‘yicha ochilgan jinoiy ish bilan O‘rtachirchiq tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari shug‘ullangan.

- Bizning ROVD shug‘ullangan. U endi fevral-mart oylarida bo‘ldi-ëv. Ancha bo‘lib qoldi bu ishga. O‘g‘irlik jinoyati bo‘yicha bizning gruppa chiqadiyu. Rayon hududida bo‘lgandan keyin o‘sha bo‘yicha chiqilgan gruppa shug‘ullandi,- dedi militsiya xodimi.

U mazkur jinoiy ish O‘rtachirchiq tuman jinoiy ishlar sudiga oshirganini aytib, voqeaga oid boshqa tafsilotlarga to‘xtalishni istamadi.

Prokuror Abdurasul Yunusov xonadonidagi o‘g‘irlikka oid ba‘zi tafsilotlarni Uzmetronom.com sayti berdi.

Undagi xabarga ko‘ra, Abdursul Yunusovning rafiqasi o‘g‘irlik to‘g‘risida militsiyaga bergan arizasida dastlab uydagi seyfdan 13 ming AQSh dollari o‘g‘irlangani ko‘rsatilgan. Biroq keyinchalik besh nafar yigit o‘g‘irlikda gumonlanib hibsga olingach, Yunusova xonim o‘g‘irlik miqdori 200 ming 100 AQSh dollari ekanini aytgan. So‘ngra o‘g‘irlik haqidagi ko‘rsatma yana o‘zgartirilib, prokurorning uyidagi seyfdan 240 ming 100 AQSh dollari va jami 24 million 950 ming so‘mga teng tilla buyumlar o‘g‘irlangani ko‘rsatilgan.

Saytning yozishicha, Abdurasul Yunusovning seyfidagi pullarning 13 ming AQSh dollari o‘z oilasiga, 140 ming dollari prokurorning akasiga, qolgan 87 ming 100 dollari esa O‘rtachirchiq tumanida yoqilg‘i quyish shoxobchasiga ega ukasiga tegishli bo‘lgan.

Keyinchalik sudlanuvchilardan ikki nafari 40 ming AQSh dollaridan pulni qaytargan, biroq ularga ham uzoq muddatli qamoq jazosi berilgan.

Shuningdek, Uzmetronom.com Yunusovlar xonadonida ro‘y bergan o‘g‘irlikni prokurorning jiyani uyushtirgani, bu haqda uning rafiqasi A. Yunusova bergan ko‘rsatmaga ko‘ra, eri jiyaniga 20 ming AQSh dollari miqdorida qarz bergan va o‘sha paytda u prokuror oilasining pul jamg‘armalari qayerda saqlanayotganini eslab qolgan bo‘lishi mumkin.

Ma‘lum bo‘lishicha, hozirda o‘g‘irlikda gumonlangan ikki yigit qidiruvga berilgan. Prokurorning jiyaniga qanday jazo berilgani haqida esa ma‘lumotlar yo‘q.

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ismini oshkor qilmagan xodimi Abdurasul Yunusovning uyidagi voqea odatdagi o‘g‘irliklardan biri ekani va viloyatda bu kabi holatlar deyarli har kuni ro‘y berishini aytadi.

- Bunaqa o‘g‘irliklar bir kunda o‘ntalab, yigirmatalab ham bo‘ladi. O‘g‘irlik juda ko‘p bo‘ladi. Toshkent viloyatida 18ta shahar, tumanimiz bor. Har bittasida bittadan bo‘lsa ham 18ta bo‘ladi. Uzog‘i bilan bir kunda 6-7-8ta mana shunaqa o‘g‘irliklar bo‘lib turadi, dedi IIB xodimi.

Albatta, u kishining gapini shubha ostiga olishga haqli emasmiz, lekin respublika bosh prokuraturasi mulozimining uyida har kuni ham 240 ming AQSh dollari o‘g‘irlanmasa kerak, har qalay.
XS
SM
MD
LG