Линклар

Qirg‘iz militsionerlar o‘shlik o‘zbeklarni O‘zbekistonga haydayapti


E‘zozxon opaning o‘g‘li O‘shda militsionerlarga pora bermagani uchun kaltaklandi.

E‘zozxon opaning o‘g‘li O‘shda militsionerlarga pora bermagani uchun kaltaklandi.

O‘shda huquq - tartibot tuzilmalari xodimlari tomonidan o‘zbeklarni xo‘rlash davom etmoqda.

Shu yilning 19 iyun kuni jalolobodlik E‘zozxon opa turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li bilan O‘shga bormoqchi bo‘ladi. O‘zgan-O‘sh yo‘lidagi Sherali qishlog‘ida o‘rnatilgan blok postda ularni GAI xodimlari to‘xtatadi va hujjatlarini tekshiradi.

Hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay GAI xodimlari ulardan pul talab qiladi. E‘zozxon opaning aytishicha, o‘g‘li GAI xodimlariga so‘ralgan pulni bermagani uchun ular opaning o‘g‘lini kaltaklashadi.

Jalolobodlik E‘zozxon opa Sherali qishlog‘ida o‘rnatilgan blok postda o‘g‘lini kaltaklagan, o‘zini haqoratlagan GAI xodimining ko‘krak belgisi nomerini eslab qolganini aytadi:

- GAI formasida ko‘krak nishoni “O 097” nomerlik bir kishi kelib: “Yur, mana bu yoqqa” deb o‘g‘limni yetalab ketdi. Qarasam, o‘g‘limni GAI postidan boshqa yerga olib ketyapti. Yo‘ldan o‘tib, orqasidan borib qarasam, bolamni ko‘kraklariga musht bilan urayotgan ekan, meni ko‘rdi-yu to‘xtadi. “Ichkariga kiraman”, desam militsiya formasida qo‘lida avtomati bor bola yelkamga avtomati bilan turtib: “Mana bu yoqqa o‘t, bu yerga kirish mumkin emas” dedi. “Mumkin bo‘lmasa nega bolamni olib kirib uryapti? Nima uchun urasan?” desam melisa formasidagi bola: “ Senlar nima uchun hali ham ko‘chib ketmay yurishibsan? O‘zbekistonga ko‘chib ketishmaysanmi, shuncha xo‘rliklar senga ozmi, yo‘qolish bu yerdan”, dedi. Keyin znachogini nomerini eslab qolishga harakat qilib qaradim. Qarasam znachogini ko‘zimga tiqqudek bo‘lib: “Mana ko‘rib ol, qo‘lingdan nima keladi? Ko‘chib ketishsang bo‘lmaydimi bu yerdan, bu yer senlarga Jalolobod emas bu yer O‘sh. Bu yer O‘zbekiston emas, yo‘qolish O‘zbekistoningga” dedi, - deydi E‘zozxon opa.

Suhbatdoshimizning aytishicha, u 21 iyun kuni O‘zgan tuman Ichki ishlar boshqarmasiga o‘g‘lini kaltaklagan GAI xodimi ustidan ariza yozgani boradi. Biroq u yerda ham turli bahonalar bilan ariza olish paysalga solinadi:

- Soat 12 da borgan bo‘lsam soat besh yarimda arizamni qabul qilishdi. “Unisi yo‘q, bunisi yo‘q” deb har xil baxonalarni qilishdi, - deydi suhbatdoshimiz.

Izzatxon opaning aytishicha, 23 iyun kunidan boshlab uning qo‘l telefoniga turli taxdidlar bilan qo‘ng‘iroqlar bo‘lmoqda:

- Kecha u yoq bu yoqdan tahdid qilishdi. “Senlar nima qilishyapsan? O‘zlaringa dushman oshirmay tinch yo‘l bilan hal qilishsang bo‘lmaydimi. Bolalaringni ishlaydigan joyini ham bilamiz, ko‘chada yurish turishini ham o‘ylashgin, podstavka qilib qamab qo‘yamiz”, deb qo‘rqitishyapti.

Ozodlik: Tahdidlar kim tomonidan bo‘lyapti?

- “Men tergovchiman”, depti. Lekin menda tergovchining telefon raqami bor, bizga telefon qilgan boshqa nomer, - dedi E‘zozxon opa.

24 iyun kuni E‘zozxon opaning o‘g‘li GAI xodimlari tomonidan kaltaklanishi yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlari borasida ma‘lumot olish uchun Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bilan ham bog‘landik.

Matbuot xizmati xodimasi bizga surishtirib aniq javobini aytishga va‘da berdi va bir necha soatdan keyin telefon qilishimizni so‘radi.

Keyinroq telefon qilganimizda esa Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xodimasi Nazira Sultanqulova: “Tergov ishlari ketayapti ekan”, dedi va to‘laroq ma‘lumot olish uchun O‘zgan tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Mirzabek Ismailov hamda O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Batir Nishanov bilan bog‘lanishimizni maslahat berdi.

Lekin O‘zgan tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i janob Ismailov telefon go‘shagini ko‘tarmagani hamda O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi janob Nishonovning qo‘l telefoni o‘chirib qo‘yilgani sababli ular bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG