Линклар

logo-print
“Farg‘ona vodiysidagi chegara bilmas yuristlar” tashkiloti vakillari monitoring natijasida ana shunday xulosaga kelganlar.

Tashkilot vakili Azizbek Ashurovga ko‘ra, O‘shning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida yil boshidan buyon 36 mojaro sodir bo‘lgan.

- Qirg‘izistonda o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin O‘zbekiston chegaralarini yopib qo‘ygani uchun noqonuniy ravishda, belgilanmagan joylardan chegarani kesib o‘tish hollari ko‘payib ketdi. Shu sababli chegarada noxush hodisalar ham ko‘paymoqda. Mojarolar fuqarolar bilan chegarachilar yoki chegara hududida ishlovchi huquq-tartibot xodimlari o‘rtasida chiqadi. 36 mojaroning yarmidan ko‘pi bizning fuqarolar va O‘zbekiston chegarachilari o‘rtasida bo‘lgan, - deydi Azizbek Ashurov.

Unga ko‘ra, mojarolarning kelib chiqishiga asosan fuqarolarning chegara masalasida huquqiy bilimsizligi sabab bo‘lmoqda.

- Chegaradan o‘tish qonun-qoidasi bo‘yicha ma‘lumot olish resurslari yo‘q. Chegara hududida yashovchi fuqarolar chegaradan o‘tish tartibini bilmaydi yoki ularga hech kim o‘rgatmaydi. Qishloq hukumatiga borsa, u yerda ham maxsus yuristlar yo‘q. Chegara xizmatiga borsa, ular ham yordam berolmaydi. Haqiqatni aytish kerak, Qirg‘iziston chegara xizmati hozir fuqarolarga yordam beradigan ahvolda emas. Chegarachilarning soni ham oz, imkoniyatlari ham yo‘q, - deydi Azizbek Ashurov.

Qirg‘izistonning qo‘shni davlatlar bilan chegaralarida mojarolar ko‘payib borayotganini avvalroq Qirg‘iziston chegara xizmati rasmiylari ham e‘tirof etgandilar. Shu vajdan yoz oylarida qirg‘iz chegarachilari kuchaytirilgan tartibda ishlashga o‘tgan.

- Chegarachilar tomonidan 2011 yilning birinchi yarim yilligida chegarani buzgan 155 odam, chegara tartibini buzgan 59 odam qo‘lga olindi. Bitta qurol yashirilgan joy topildi. 7 ta o‘qotar qurol va 55 ta turli kalibrdagi o‘q-dori musodara qilindi. 47 ta kontrabandachi qo‘lga olindi. Chegarada 23 ta noxush hodisaning oldi olindi. Shularning hammasi chegarani kuchaytirilgan tarzda qo‘riqlashga sabab bo‘lmoqda, - degandi Qirg‘iziston chegara xizmati rahbari Zakir Tilenov 6 iyul kuni Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘iziston bilan chegaralarini 2010 yilning 7 aprelidan so‘ng bir tomonlama yopib qo‘ygan edi. Aprel voqealaridan 40 kun o‘tgach, Qozog‘iston chegaralarini ochgan, biroq O‘zbekiston shu kungacha chegaralarini ochish niyatini bildirmayapti.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda Qirg‘iziston fuqarosi O‘zbekistonga bormoqchi bo‘lsa, uning nomiga o‘zbekistonlik yaqinlari nomidan taklifnoma kelishi kerak ekan. Asli o‘zbekistonlik, biroq Qirg‘izistonga turmushga chiqqan Davlatxon Mamajanova O‘zbekistonga borish uchun qo‘shni mamlakatdagi qarindoshlaridan taklifnoma olganlardan biri.

- Qirg‘iziston chegarachilariga rahmat, hujjatlarimni bir marotaba qarab, o‘tkazib yuborishdi. O‘zbekiston chegarachilari esa: “U yoqdan taklifnoma yuborgan odam tug‘ishganing bo‘lsa, familiya va otchestvong bir xil bo‘lsa, keyin o‘tasan, aks holda o‘tmaysan”, dedi. Turmushga chiqqanimizga 40 yil bo‘ldi, o‘sha paytlarda turmush o‘rtog‘imning familiyasiga o‘tganman. “O‘zbekistonga borib, bolamni ko‘raman, ham tug‘ilgan yerimni ko‘raman, to‘y bo‘lyapti, uni ko‘rib kelay” deb chegaraga kelgandim. Taklifnomani qaynisinglim yuborgandi. Uning familiyasi Abdrahmonova, meniki Mamajonova bo‘lgani uchun “familiyang bir hil emas ekan” deb o‘tkazishmadi, - deydi O‘sh viloyati Qorasuv tumanidagi “Do‘stlik” qirg‘iz-o‘zbek chegara punktidan o‘tolmagan Davlatxon Mamajanova.

Qirg‘izistondagi oliygohlardan birida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik Azamat Qo‘jo‘yevga ko‘ra, qirg‘iz-o‘zbek chegarasining yopiqligi hamda chegarachilarning fuqarolarga bo‘lgan qo‘pol munosabati sababli odamlar chegarani ilojsizlikdan noqonuniy kesib o‘tishga majbur bo‘lishmoqda.

- O‘zim O‘shda o‘qiyman. Qadamjoy tumani bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekistonning Rishton tumanida yashayman. Haqiqatdan ham chegaradan o‘tish bizga juda qiyin. Chegarachilar o‘tkazmay ham qo‘yishadi. Qishloqdan kelib, chegaradan yashirinib o‘tishga to‘g‘ri keladi. O‘zim chegarachilarga ushlanib qolmaganman. Biroq do‘stlarim ushlanib qolgan. Chegarachilarga pul berib, olib kelayotgan produktalarimizdan berib, arang o‘tayapmiz, - deydi Azamat Qo‘jo‘yev Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga bergan suhbatida.

Ayni paytda chegaradagi mojarolarning oldini olish uchun “Farg‘ona vodiysi chegara bilmas yuristlari” jamoatchilik tashkiloti BMTning O‘shdagi byurosi, O‘sh viloyat davlat ma‘muriyati, O‘sh va Jalolobod viloyatlari chegara xizmatlari bilan hamkorlikda “O‘sh va Jalolobod viloyatlari chegaraoldi hamjamiyatlarida ziddiyatlardan ogohlantirish hamda ularning oldini olish mexanizmlari va potensialini rivojlantirish” deya nomlangan loyihani amalga oshirmoqda.

Tashkilotchilarga ko‘ra, loyiha doirasida chegaraoldi hududlarida yashovchi aholiga ular yashayotgan hududlar uchun xos bo‘lgan dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha huquqiy ma‘lumotlar yetkazilishi va amaliy yuridik yordam ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Asnoda “Farg‘ona vodiysi chegara bilmas yuristlari” jamoatchilik tashkiloti vakili Azizbek Ashurov O‘zbekiston tomonidan mazkur loyiha hamkorlari yo‘qligini aytarkan, qo‘shni davlatda bu yo‘nalishda biror-bir ish qilinayotganidan xabarsizligini qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG