Линклар

logo-print
Qirg‘iziston parlamenti O‘sh voqealarini o‘rgangan parlament komissiyasi hisoboti yuzasidan 7 kun davom etgan muhokama yakuniga yetdi.

Muhokamalardan so‘ng parlament O‘sh qirg‘ini yuzasidan siyosiy qaror qabul qildi va bu qirg‘inning takrorlanmasligi uchun hukumatga muayyan chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘rsatmasini berdi.
Qirg‘iziston parlamenti qarorida O‘sh fojeasi genotsid, harbiy jinoyat yoki insoniyatga qarshi jinoyat bo‘lmagani qayd etiladi.
Shu yilning 3 mayida Xalqaro komissiya O‘sh qirg‘inini insoniyatga qarshi jinoyat deb baholagan edi. Parlament o‘z vaqtida bu xulosani tan olmasligini bildirgan edi va mana bugun o‘z qarorida “O‘sh qirg‘ini insoniyatga qarshi jinoyatdir” degan xulosani ham bekor qildi.
Parlament qarorida, shuningdek, O‘sh qirg‘ini tashkilotchilari sifatida o‘zbek liderlarining nomlari keltiriladi. Parlament qarorida yozilishicha, Qodirjon Botirov, Karomatxon Abdullayeva, Inomjon Abdurasulov va Jaloliddin Salohiddinovlar ayirmachilik harakatiga aloqador shaxslar sifatida O‘sh qirg‘inini boshlaganlari iddao qilinadi.
Parlament o‘z qarorida hukumatga huquq-tartibot vazirliklari, qirg‘in sodir etilgan shahar, viloyat va tuman hokimlarini o‘z lavozimidan bo‘shatish to‘g‘risida ham tavsiya bergan.
Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga esa iyun qirg‘ini kunlari mamlakatni boshqarib turgan Muvaqqat hukumatning 14 nafar a‘zosi faoliyatiga huquqiy baho berish haqida ko‘rsatma berilgan.
Ayni paytda Qirg‘iziston matbuotida millatchilik ruhidagi chiqshlarga barham berish uchun hukumatga qattiq nazorat o‘rnatish ko‘rsatmasi ham berilgan.
Parlament hukumatga Qirg‘iziston narkotiklarni nazorat qilish agentligi, Mehnat va migratsiya vazirligini, davlat din agentligini va boshqa bir qator vazirliklarni, jumladan, Qirg‘iziston prezidenti rezidensiyasini O‘sh shahriga ko‘chirish masalasini hal etishni topshirgan.
Shuningdek, huquq-tartibot tuzilmalarini keskin isloh qilish, qirg‘iz tilini aholi orasida targ‘ib qilib, bu tilni boshqa millatlarga o‘rgatish ko‘rsatmasi ham berilgan.
Ayni paytda parlament prezidentdan tortib oddiy shahar va tuman hokimigacha kadr siyosatida ko‘p millatlilik tamoyilidan kelib chiqishga qat‘iy amal qilishni topshirdi.
Parlament Qirg‘iziston hukumatiga o‘z qarorida ko‘rsatilgan topshiriqlarni bajarish uchun 3 oylik muhlat berdi. Bu muhlat yakunlangach, Qirg‘iziston hukumati bu borada parlamentga hisobot berishi shart bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG