Линклар

logo-print

Qirg‘iz yoshlariga Navoiy nomi yoqmayaptimi?


Nizomiddin Mir Alisher Navoiy (qaddasallohu sirrahu) ning O‘sh shahri markaziga o‘rnatilgan va haligacha ta‘mirsiz qolayotgan haykali hazrat nomidagi bog‘ning kiravyerishida joylashgan.

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy (qaddasallohu sirrahu) ning O‘sh shahri markaziga o‘rnatilgan va haligacha ta‘mirsiz qolayotgan haykali hazrat nomidagi bog‘ning kiravyerishida joylashgan.

O‘shdagi bir guruh qirg‘iz yoshlari shahar markazidagi Alisher Navoiy bog‘i nomini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqdi.

Navoiy bog‘i nomini o‘zgartirish tashabbusini shahar meriyasi qoshida tashkil etilgan “Liderlik maktabi” ishtirokchilari ko‘targanlar.

Tashabbus guruhi rahbari Zamir Shamsiddin o‘g‘lining aytishicha, bundan maqsad O‘sh qirg‘inida halok bo‘lgan qirg‘izlar nomlarini abadiylashtirishdir:

- Maqsadimiz - bog‘ni tartibsizlikda halok bo‘lgan mardu maydonlarimiz nomi bilan atab, ularning xotirasini abadiylashtirish. Keyingi avlodlar Vatanni kim himoya qilib, saqlab qolganini unutmasin, deb shunday qilmoqchimiz, - dedi Zamir Shamsiddin o‘g‘li.

Suhbatdoshimiz mantig‘idan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘sh qirg‘inida halok bo‘lgan qirg‘izlarning barchasi Qirg‘iziston yaxlitligi uchun o‘z vatanini himoya qilib halok bo‘lgan qahramonlardir.

Zamir Shamsiddin o‘g‘li bilan suhbatimiz davomida u Alisher Navoiyning kim ekanligi haqida tasavvurga ham ega emasligi bilindi.

- Navoiy haqida xalq , ayniqsa, yoshlar hech narsa bilishmaydi. Balki Navoiy o‘z davrida qandaydir bir yaxshi ishlarni qilgani uchun qirg‘izlar mag‘rurlanib, uning nomini boqqa bergan bo‘lishlari mumkin. Biroq bugungi kunda Navoiyning ahamiyati, obro‘si yo‘q. Bundan tashqari, Qirg‘izistonda qirg‘iz odamning nomi berilishi kerak, bunday joylarga, - deydi Zamir Shamsiddin o‘g‘li

O'sh qirg'inidan so'ng qisman buzilgan Alisher Navoiy haykali shu nomli bog' oldida qad rostlab turadi.

Uning aytishicha, yoshlarning bunday tashabbus bilan chiqishiga O‘sh shahar meriyasining aloqasi yo‘q. Ayni paytda 2000 imzo chekilgan murojaat O‘sh shahar kengashiga topshirilgan, biroq shahar kengashi bu murojaatga hozircha javob bergani yo‘q.

Bishkeklik huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova O‘shdagi qirg‘iz yoshlarining bunday tashabbusi mamlakatning xalqaro hamjamiyatda keskin tanqid qilinishiga sabab bo‘ladi, deb hisoblaydi.

- Istirohat bog‘idan Alisher Navoiy nomining olib tashlanishi buyuk mutaffakirning xalqaro miqyosdagi shuhratiga zig‘ircha ham ta‘sir etmaydi. Ammo bu bilan Qirg‘iziston juda katta narsa yo‘qotadi. Qirg‘iziston butun dunyoda ma‘naviyatsiz xalq sifatida tilga olinib qolishi mumkin. Bundan tashqari, Navoiy bog‘i nomining o‘zgartirilishi tashabbusi aynan O‘sh voqeasining bir yilligi arafasida ko‘tarilayotgani millatlararo munosabatlarning keskinlashuviga xizmat qiladi, deb hisoblayman, - deydi Aziza Abdurasulova.

Bu fikrga Qirg‘iziston xalq artisti, O‘shdagi Bobur nomidagi o‘zbek akademik teatri rahbari Baxtiyor To‘xtamatov ham qo‘shiladi:

- Bog‘ nomining o‘zgartirilishi ikki millat o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvigagina sabab bo‘ladi. Aslida Navoiy o‘zbekninggina emas, barcha turkiyzabon ellarning shoiri. Tilimiz, dinimiz bir bo‘lganidan keyin bir-birimizning ma‘naviy merosimizni asrab-avaylashni o‘rganishimiz kerak. Men 60 yoshdan oshdim. Lekin aqlimni taniganimdan beri bu bog‘ning nomi Navoiy nomi bilan atalib kelgan. Menimcha, millatidan qat‘iy nazar, katta yoshdagi o‘shliklarning birortasi bu bog‘ning nomi o‘zgarishini istamasa kerak, - deydi Baxtiyor To‘xtamatov.

O‘rni kelganda Baxtiyor To‘xtamatovdan o‘tgan yilgi voqealarda zarar ko‘rgan Navoiy haykalini ta‘mirlash ishlari qanday borayotgani haqida ham so‘radik. Baxtiyor To‘xtamatovning aytishicha, oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa ham na hukumat tomonidan va na birorta jamoatchilik tashkiloti tomonidan haykalni qayta ta‘mirlash harakati ko‘rilmayapti.
XS
SM
MD
LG