Линклар

Qirg‘iziston so‘nggi bir yil ichida halqaro tashkilotlarning qiynoqlar haqidagi hisobotida ko‘p uchraydigan davlatlar qatoriga kirdi.

Dilmurod Haydarov bir yildan buyon O‘shdagi tergov izolyatorida adolatli hukm kutib yashamoqda. U O‘sh qirg‘inidan so‘ng ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlik aybi bilan hibsga olingan. Qorasuv tuman sudi tomonidan 8 yilga hukm qilingan Dilmurod Haydarov tergov izolyatoridagi qiynoqlarni o‘z boshidan kechirgan yuzlab mahbuslardan biridir:

- Nima yangi chiqqan bo‘lsa, hammasi boshimdan o‘tdi. Dubinkalarning har xilini, elektroshoklarni ko‘rdim. Ignalarni tirnoqqa tiqadi, tovonimizga uradi. Yog‘och dubinka - “katalka” deb qo‘yadi, shu bilan belimga urgan. “Pyatdesyatka-reyka” deya ataydigan uzun reyka bilan urgani uchun hozir belimni turganda-yotganda ko‘tara olmay qolganman. Buning oqibatida besh marta sanchastda qon siyib yotdim. To‘g‘risi, bu qiynoqlarga odam chidasa bo‘lar ekan. Ammo tahqirlab, qiynagani juda yomon ekan. Dubinkani ko‘rsatib, “hozir orqangga tiqaman” degani bu biz uchun chidab bo‘lmaydigan narsa. Erkaklik nomusim uchun bu qiynoq juda qiyin bo‘ldi. Devorga taqab turib, pochkamizga rosa urganda esa kalima keltirishga majbur bo‘ldim, - deydi o‘shlik Dilmurod Haydarov.

Unga ko‘ra, mahbuslar O‘sh tergov izolyatori boshlig‘i va izolyator xodimlari tomonidan qo‘rqitilmoqda.

- Bitta bola uchun butun kamerani urib, “birovga aytadigan yoki pokazaniye beradigan bo‘lsang, butun kamera uriladi” deb turib, tergov izolyatorining boshlig‘i do‘q-po‘pisa qilgan. O‘sha payt meni ko‘zim ko‘karib ketgan payt edi. Huquq faollari kelib ko‘rib, “nima bo‘ldi?” deganida “yiqilib tushdim” deganman. Ular kiyimlarimni yechintirib ko‘rganida, tanamni hamma joyi ko‘karib ketgan edi. “Sen yiqilmagansan” deb yozib chiqib ketgan. Orqasidan militsionerlar kirib turib, qaytadan hamma kameradagilarni urganda, men uchun juda katta armon bo‘ldi, - deydi Dilmurod aka.

O‘shlik huquq faoli Ravshan Gapirov qo‘lga olinayotgan o‘shlik o‘zbeklarga nisbatan qo‘llanilayotgan qiynoqlardan yaxshi xabardor.

- Hozirgi shu kunda ham qiynoqlar, odamlarni olib chiqib, qo‘rqitib, pulini olishlar hali to‘xtagani yo‘q. O‘ntadan, yigirmatadan bittasi o‘z familiyasini qo‘rqmay aytishi mumkin. Buni to‘xtatishning bir yo‘li bor - aybdor chinovniklar, boshliqlar, shahar boshliqlarini ishdan olib, jazolash kerak, - deydi Ravshan Gapirov.

Ayni paytda mamlakat janubidagi hibsxonalarda mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llanilganini huquq-tartibot idoralari vakillari ham qisman tan oladilar.

- O‘tgan yilgi iyun voqealari bo‘yicha dastlabki tergov jarayonida ta‘qiqlangan metodlarni qo‘llash bo‘yicha prokuratura organlariga faqat 14 ta shikoyat kelib tushgan. Bular bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, 2 ta holat yuzasidan qiynoqlar qo‘llanilgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qolgan faktlar tasdiqlanmadi. Ular bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilishi rad etildi, - degan edi shu yil 9 iyun kuni O‘shda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Qirg‘iziston Bosh prokurorining o‘rinbosari Marat Eshperov.

O‘z so‘zida davom etgan Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi rasmiysi qiynoq qurbonlariga bu haqda tegishli organlarga shikoyat qilishdan cho‘chimaslikni maslahat bergandi:

- Odamlar murojaat qilishdan qo‘rqishini aytayaptilar. Ular kimdan qo‘rqadi? Ikki holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi bundan qo‘rqish kerak emasligidan dalolatdir. Shuni ham aytish kerakki, iyun voqealari bo‘yicha hibsga olinganlar, undan tashqari, boshqa jinoyatlar bo‘yicha hibsga olinganlar ham “qiynoqlar qo‘llanilgan” deya ariza berishdan himoya usuli va javobgarlikdan qochish yo‘li sifatida foydalanmoqdalar, - degandi Marat Eshperov.

Qayd etish joizki, Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanova shu yil aprel oyi boshida qiynoqlarga qarshi nazoratni kuchaytirish to‘g‘risida 40-raqamli buyruqni imzolagan.

Mazkur hujjatga muvofiq, shahar va tumanlarning maxsus prokuraturalariga tergovda qiynoq va boshqa g‘ayriinsoniy, vahshiyona yoki shaxsni kamsituvchi munosabat va jazolarni ta‘qiqlash bo‘yicha Konstitutsiya kafolatini ta‘minlash uchun prokuratura nazoratini kuchaytirish topshirilgan.

Iyun voqealari bo‘yicha tergov jarayonida muntazam ravishda qiynoqlar qo‘llanilgani haqida Hyuman Rayts Uotch xalqaro tashkilotining yaqinda chiqarilgan hisobotida ham aytiladi. Shuningdek, Amnesti Interneshnl tashkilotining O‘sh qirg‘inidan bir yil o‘tib chiqargan hisobotida “iyun voqealari ortidan hibsxonalarda qirg‘iz rasmiylari tomonidan qiynoqlar amalga oshirilganligini ko‘rsatuvchi salmoqli va ishonarli materiallar mavjud” ekani qayd etiladi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, qiynoqlar qo‘llanilib, majburiy iqrornomalar olish natijasida “umrbod qamoq jazosiga hukm qilish bo‘yicha 27 ta hamda uzoq muddatli qamoq jazosi bo‘yicha 6 ta hukm chiqarilgan” bo‘lib, “bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilganlarning hammasi o‘zbeklardir”.

Qirg‘iziston hibsxonalarida sistematik tarzda qiynoq qo‘llanayotganidan tashvish bildirgan xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar Qirg‘iziston rasmiylarini tezroq bu xato amaliyotga chek qo‘yish hamda mamlakatga BMT qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi kelishiga imkon yaratishga chaqirgan edilar.
XS
SM
MD
LG