Линклар

Qirg‘iziston Ombudsmeni o‘zbekistonlik hamkasbiga maktub yo‘lladi


Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Aqun fikricha, o‘zbek chegarachilari qo‘shni davlat fuqarolari haq-huquqlarini buzayapti.

Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Aqun fikricha, o‘zbek chegarachilari qo‘shni davlat fuqarolari haq-huquqlarini buzayapti.

Mazkur maktubda Tursunbek Aqun Sayyora Rashidovadan 27 may kuni qirg‘iz-o‘zbek chegarasida o‘qqa tutilgan Poziljon Jalolov ishiga aralashishni so‘raydi.
Bu borada Ozodlikka Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Aqunning o‘zi ma‘lum qildi.


- Maktubimda, “ Hurmatli Sayyora Sharafovna, O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston hududiga o‘tib, odamlarning qo‘y-mollariga olib ketayapti, Qirg‘iziston fuqarolarini esa neytral hududda tursa ham otib tashlayapti, ularning haq-huquqlarini buzayapti. Shuning uchun o‘zbek chegarachilarning noqonuniy ishlarini to‘xtatish bo‘yicha prezident Islom Abdug‘aniyevich Karimovga, Milliy xavfsizlik xizmatiga, Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, bunday hollar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘ashga harakat qiling. Bizning fuqaro vafot etdi. Halok bo‘lgan Poziljon Jalolovning oilasi boquvchisiz qoldi. Jalolovni otgan chegarachilarni jazolash kerak, ular ustidan jinoyat ishi ochishga yordam bering”, deb yozdim, - dedi Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Aqun.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 27 may kuni O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘izistonning Cho‘n Bag‘ish qishlog‘ida yashovchi 38 yoshli Poziljon Jalolovni chegarani buzib o‘tgani uchun o‘qqa tutgan. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Poziljon Jalolov olgan jarohatidan Andijon viloyati Paxtobod tuman kasalxonasida vafot etgan.

Qirg‘iziston chegarachilarining o‘zbekistonlik hamkasblariga tayanib ma‘lum qilishlaricha, Poziljon Jalolov qirg‘iz-o‘zbek chegarasining O‘zbekiston tomonida turgan o‘zbek chegarachilariga tegishli otni o‘g‘irlash maqsadida chegarani noqonuniy kesib o‘tgan va o‘zbek chegarachilarining ogohlantiruvlarini e‘tiborsiz qoldirgan, keyin ular chegara buzuvchiga qarata o‘t ochishga majbur bo‘lganlar.

Biroq o‘zbek chegarachilari o‘qidan vafot etgan Jalolovning akasi Zokirjon Jalolov ukasi chegaraning neytral hududida otilganini aytadi:

- O‘q tanasining orqa qismini titib tashlagan. Ikkita o‘q tekkan. Chegarachilar ogohlantirishsiz otishgan. Ikki marta qorniga otib, uchinchi marotaba atayin osmonga otib qo‘yishgan. Ko‘rganlar shunday deyapti, - dedi Zokirjon Jalolov.

Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Aqun fikricha, so‘nggi paytlarda qirg‘iz-o‘zbek chegarasida bunday noxush hodisalar ko‘p uchramoqda. Unga ko‘ra, bunday hollarga qirg‘iz chegarachilarining o‘z vazifasiga loqaydligi ham sabab bo‘lmoqda:

- Qirg‘iziston chegarachilari juda sust ishlayapti. Men chegara xizmati raisini o‘z lavozimida qoldirish yoki ishdan bo‘shatish masalasi bo‘yicha Qirg‘iziston parlamenti va Bosh vazir Atambayevga murojaat qilmoqchiman. Negaki, O‘zbekiston chegarachilari chegarani tunu-kun qo‘riqlaydi, biznikilar esa o‘z joyida turmay, har tomonga ketib qoladi, - dedi Tursunbek Aqun.

Qirg‘iziston parlamenti deputati, mamlakat chegara xizmatining sobiq raisi To‘qo‘n Mamitov fikricha, qirg‘iz chegarachilarining sust ishlashiga ularga hukumat tomonidan yetarli darajada e‘tibor berilmayotgani sabab bo‘lmoqda.

- Bizning chegara xizmati O‘zbekiston chegara xizmati u yoqda tursin, Tojikiston chegara xizmati darajasiga ham yetolmayapti. Sababi Akayev davrida ham, Bakiyev davrida ham hukumat chegara xizmatiga yetarli darajada e‘tibor bergan emas. Hozir chegara xizmatiga e‘tibor berilayapti, parlament ham, hukumat ham tegishli choralarni ko‘rib, “bularga moddiy jihatdan yordam beraylik”, deyilayapti. Bundan tashqari, chegara xizmatida askarlar sonini ham ko‘paytirish kerak. Chegara xizmatining ko‘p muammolari bor. Hukumat chegaralarni mustaxkamlash bo‘yicha kompleksli dastur qabul qilishi kerak. Aks holda, bunday salbiy voqealar ko‘payavyeradi, - dedi To‘qo‘n Mamitov.

Ayni paytda, Qirg‘iziston chegara xizmati raisi o‘rinbosari Cho‘lpo‘nbek Turusbekovga ko‘ra, jalolobodlik Poziljon Jalolovni O‘zbekiston chegarachilari tomonidan o‘qqa tutilishi yuzasidan hozirda O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara xizmatlari alohida-alohida tergov ishlarini olib bormoqda.

- Bu voqea O‘zbekiston hududida bo‘lgan. Olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, bizning fuqaro Jalolov mast ahvolda bo‘lgan ekan. Bu yerda u ot o‘g‘irlamoqchi bo‘lgani aytilayapti. Biz buni o‘rganib, tekshiruv ishlarini olib borishimiz kerak, - dedi Qirg‘iziston chegara xizmati raisi o‘rinbosari Cho‘lpo‘nbek Turusbekov.

Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Aqunning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, Ombudsmen xodimlari ham mazkur holat yuzasidan o‘zlarining jamoatchilik tekshiruvini olib boradi.
XS
SM
MD
LG