Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:19

Qirg‘iziston yana O‘zbekistonni ayblamoqda


Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanovaga ko‘ra, O‘sh qirg‘inida ayblanganlarning asosiy qismi xorijga qochib ketgan.
Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanovaga ko‘ra, O‘sh qirg‘inida ayblanganlarning asosiy qismi xorijga qochib ketgan.
Qirg‘iz rasmiylari O‘sh qirg‘ini tashkilotchilari O‘zbekistonda yashirinib yurganini va O‘zbekiston ularni qo‘lga olmayotganini iddao qilmoqda.

Qirg‘iz rasmiylari O‘zbekiston 2010 yilgi O‘sh voqealariga aloqadorlikda gumonlanayotgan Qirg‘iziston fuqarolarini Bishkekka qaytarishga yordam bermayapti. So‘nggi paytlarda Qirg‘iziston kuch tizimi rasmiylari shunday bayonotlar bermoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda sodir bo‘lgan O‘sh qirg‘ini tashkilotchilariga nisbatan 40 dan oshiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qirg‘in tashkilotchisi sifatida gumonlangan shaxslarga qidiruv e‘lon qilingan.

Qirg‘iziston huquq - tartibot tuzilmalari rasmiylariga ko‘ra, hozirda bu odamlarni qo‘lga olish bo‘yicha Rossiya va Qozog‘iston bilan samarali ishlar olib borilmoqda.

Rasmiylariga ko‘ra, O‘sh voqeasi tashkilotchilari sifatida gumonlanayotganlarning ko‘pchiligi o‘zbeklardir va ular hozirda O‘zbekiston hududida yashirinib yuribdi. Biroq O‘zbekiston O‘sh voqealari bo‘yicha qidiruvga berilganlarni qo‘lga olishda yordam berish to‘g‘risidagi Qirg‘iziston huquq -tartibot organlari iltimoslariga javob bermayapti.

- Ular o‘zbeklar va O‘zbekistonda yurishibdi. Ular jinoyat qilgan va jinoyatlari isbotlanib qidiruvga berilgan. Bizda ularning O‘zbekistonda yashirinib yurgani to‘g‘risida ma‘lumotlar bor. Ularni qo‘lga olishda yordam berishni so‘rab biz O‘zbekistonga maktub va iltimosnomalarni yuboryampiz, biroq javob bo‘lmayapti, - dedi O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Marat O‘ro‘zbayev.

Qirg‘iziston huquq tartibot organi rasmiylari O‘zbekiston O‘sh voqealari tashkilotchisi sifatida iddao qilinayotganlarini qo‘lga olishga yordamlashmasdan xalqaro majburiyatlarni bajarmayayotganini ham aytishadi.

Jumladan, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi jinoyat-tergov bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdraim Jumashayevga ko‘ra, O‘zbekiston MDH davlatlari o‘rtasida jinoyatchilarni qaytarib berish bo‘yicha Minsk konvyensiyasi talablarini bajarmayapti.

- O‘zbekiston ruxsat bermaganidan keyin boshqa mamlakat hududiga kirib jinoyatchilarni olib chiqa olmaysan ekan. Masalan, Inomjon Abdurasulovning qayerda yashayotgani to‘g‘risida ma‘lumotlar bo‘lgan. Masalan, Qozog‘iston bilan biz yaxshi ishlayapmiz. Ularning jinoyatchilarini biz ushlab beryapmiz, bizning jinoyatchilarni ular ushlab beryapti. Ochig‘i O‘zbekiston bilan ishlash juda qiyin bo‘lyapti,- dedi Abdraim Jumashayev.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, xozirgacha Rossiyadan O‘sh voqealarida gumonlanayotgan to‘qqiz odam, O‘zbekistondan bir odam qo‘lga olinib Qirg‘izistonga qaytarilgan.

Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanovaning ma‘lum qilishcha, tergov organlari tomonidan O‘sh voqealari bo‘yicha besh ming olti yuz o‘ttiz jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bular O‘sh voqealarini uyushtirganlik bo‘yicha 39 jinoiy ish, odam o‘ldirganlik bo‘yicha 476, uy-joy va xususiy mulkka ziyon keltirish holati bo‘yicha 2443 ta jinoyat ishlardir.

Mazkur jinoyatlardan bugungacha tartibsizliklarda ishtirok etganlik ayblovi bilan 131 odam, odam o‘ldirganlik bo‘yicha 92 odam, uy-joy va xususiy mulkka ziyon keltirish fakti bo‘yicha 17 odam jinoiy javobgarlikka tortilgan va bu O‘sh voqealari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarining 6 foizidan oshig‘rog‘ini tashkil etadi.

Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanova avvalroq jinoyat ishlarining bunchalik oz foizi fosh qilinish sabablarini quyidagicha izohlagandi:

- O‘sha voqealardan keyin aybdorlarning ko‘pchiligi qochib ketgan. O‘sha paytda pasportlarning yengillashtirilgan tartibda berilishi buning sabablaridan biridir. Bundan tashqari o‘sha paytlarda huquq - tartibot organi xodimlari uchun xavf bo‘lgan. Ular shuning uchun tezkor ishlarni olib borisha olmagan, - dedi Qirg‘iziston Bosh prokurori.

Aida Salyanovaga ko‘ra, O‘zbekistonda yashirinib yurgan O‘sh voqealari aybdorlarini Qirg‘izistonga qaytarish maqsadida Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi ikki mamlakat prokurorlaridan iborat bo‘lgan ishchi guruh tuzishga harakat qilyapti.

17 avgust kuni O‘shga ish safari bilan borgan Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva esa yaqinda MDH davlatlari rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tishini, o‘sha sammitda u O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan ushbu masalada maslahatlashmoqchiligini ma‘lum qilgan

Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, O‘sh voqealarini o‘rgangan xalqaro tashkilot hisobotida O‘sh qirg‘inida halok bo‘lganlarning 74 foizi o‘zbeklar, 25 foizi esa qirg‘izlar bo‘lgani qayd etiladi. Qirg‘inda jabrlanganlarning katta qismi o‘zbeklar bo‘lganiga qaramasdan, O‘sh voqealari yuzasidan hibsga olingan 271 nafar shaxsdan 230 nafari etnik o‘zbek, 28 nafari esa qirg‘iz millatiga mansub kishi ekani aytiladi.
XS
SM
MD
LG