Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:05

Qirg‘izistonda 83 kishi prezidentlik orzusida


Qirg‘izistonda mamlakat prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish muddati yakuniga yetdi.

Markaziy saylov komissiyasidan olingan ma‘lumotga qaraganda, 16 avgust kuni soat 00.00 gacha Qirg‘izistonda prezidentlikka nomzod sifatida saylovda ishtirok etish niyatini 83 kishi bildirgan va bu haqdagi arizasini komissiyaga topshirgan.

83 kishining 16 nafari partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar bo‘lib, 67 nafar qirg‘izistonlik esa o‘z nomzodini o‘zi ilgari surgan. Nomzodlarning besh nafari ayollardir.

Prezidentlikka nomzodlar orasida siyosatchilar va menejerlardan tashqari o‘qituvchilar, shifokorlar, jurnalistlar, huquqshunoslar, hakamlar, diplomatlar, tadbirkorlar, sanoatchilar, quruvchilar, fermerlar, pensionerlar, militsionerlar, harbiylar va hatto askiyachilar ham bor.

Ayni paytda nomzodlar ichida prezidentlik saylovi bahonasida mamlakatdagi eng yuqori lavozimni egallab olishni istagan ishsizlar soni ham anchagina – Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi ma‘lumotlariga ko‘ra, prezidentlikka nomzodlarning qariyb 23 foizini (19 nafar nomzod) vaqtincha hech qayerda ishlamayotgan kishilar tashkil qiladi.

Asnoda prezidentlikka nomzodlarni rasmiy qayddan o‘tkazish jarayoni 25 sentabrgacha davom etadi. Buning uchun nomzodlikka nomzodlar qirg‘iz tilidan imtihon topshirishi, kamida 30 ming imzo yig‘ishi, 100 ming so‘m (taqriban 2245 AQSh dollari) miqdorida garov puli to‘lashi lozim.

Mahalliy tahlilchilar davlat tilidan imtihon topshirish va saylovchilar imzosini yig‘ish chog‘ida prezidentlikka nomzodlarning bir qismi poygadan chetlatilishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar.

25 sentabrdan boshlab nomzodlar bir oydan ko‘proq muddat ichida mamlakat bo‘ylab o‘zlarini tashviq qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Tashviqot kampaniyasi 29 oktabr kuni soat 00.00 da nihoyasiga yetadi.

Oradagi bir kunlik “sukunat”dan so‘ng 30 oktabr kuni qirg‘izistonliklar mamlakat tarixidagi to‘rtinchi prezidentni saylaydilar. Agar bu kuni nomzodlarning hech qaysisi 50 foizdan ko‘p ovoz yig‘olmasa, u holda saylovning ikkinchi bosqichi o‘tkaziladi.

Yana 2,5 oydan keyin o‘tkaziladigan mazkur saylovga amaldagi davlat rahbari – o‘tish davri prezidenti Roza O‘tunbayeva qatnashmaydi. Bu haqdagi qarorga Muvaqqat Hukumat vakillari o‘tgan yilgi inqilobdan keyin kelganlar. Mazkur qarorga muvofiq, Roza O‘tunbayeva o‘z lavozimini 2011 yilning 31 dekabr kuni mamlakatning yangi saylangan prezidentiga bo‘shatib berishi lozim.
XS
SM
MD
LG