Линклар

logo-print

Qirg‘izistonda mahbuslar ochligi ommaviy tus oldi


Bishkekning markaziy maydonida bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyasida mamlakat qamoqxonalarida saqlanayotgan mahbuslarning 200 ga yaqin qarindoshi ishtirok etdi.

Bishkekning markaziy maydonida bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyasida mamlakat qamoqxonalarida saqlanayotgan mahbuslarning 200 ga yaqin qarindoshi ishtirok etdi.

Qirg‘izistondagi 17 ta qamoqxonaning 14 tasida 5 kundan beri mahbuslarning ochlik aksiyasi davom etmoqda.

Mahbuslarning noroziligi qamoqxona devorlaridan oshib o‘tib, ularning yaqinlarini ham mitinglar o‘tkazishga undadi.

Bishkekdagi parlament binosi oldida o‘tgan mitingga 28 mart kuni mahbuslarning 200 ga yaqin qarindoshi yig‘ildi.

- Mening ismim Ibodat. Men Jaloloboddan keldim. Mening o‘g‘limni: “O‘sh qirg‘inida qatnashgansan”, deb qamab qo‘yishdi. Lekin shu kungacha unga ayblov e‘lon qilinmadi. Sud ham, tergov ham qilinmadi. Shu kungacha qamoqda saqlab turilibdi, - deydi Ibodat.

Ayni paytda hafta boshida O‘shda ham 20 dan ortiqroq kishi Ichki ishlar bo‘limi oldida miting o‘tkazdi. Mahbuslarning yaqinlaridan iborat norozilar hibsxonadagi qarindoshlari oldiga jurnalistlar kiritilishini va qamoqxonadagi vaziyat matbuotda ochiq-oydin yoritilishini talab qilishdi.

- Ichkaridagi bolalarimiz: “jurnalistlar kirib, bizning dardimizga quloq solishsin”, deyishayapti. Ular: “Bizni kaltaklashib, ayblarni bo‘ynimizga qo‘yishayapti, yana ko‘chadan begunoh odamlarni olib kirib qamayapti. Nega bizni qiynoqqa solishayapti?”, degan talabni qo‘yishayapti. “Jurnalistlar, Ozodlik muxbirlari kelishib, ahvolimizni ko‘rishsin”,deyishayapti. Biz bu talabni qo‘llab, shu yerda yig‘ilayapmiz, - dedi O‘shdagi norozilik mitingida ishtirok etgan ayollardan biri.

28 mart kuni Jalolobod qamoqxonasi oldida ham mahbuslarning 250 nafar qarindoshi norozilik namoyishi o‘tkazgan.

Ayni paytda qamoqxonalarda 5 kundan beri mahbuslarning ochlik aksiyasi davom etmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, ochlik e‘lon qilgan mahbuslardan 2 nafari o‘lgan. Ochlik aksiyasi boshlangan kuni mazkur tadbirni 9 mingdan ortiq mahbusning 60 foizi qo‘llagan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 80 foizga yetgan.

Mahbuslar qamoqxonadagi sharoitni yaxshilanishini, qiynoqlarni to‘xtatishni talab qilayotganlarini aytayotgan bo‘lsalar, hukumat rasmiylari mazkur norozlik uyushgan jinoiy to‘dalar rahbarlari tomonidan tashkillashtirilganini iddao qilmoqdalar.

Qirg‘iziston maxsus prokurori Quban Mamakeyevning ma‘lum qilishicha, ochlik e‘lon qilgan mahbuslarning yaqinlari hukumatni “qonundagi o‘g‘ri” Qamchi Ko‘lbayev bilan muzokaralar olib borishga ham da‘vat etmoqdalar.

- “Ko‘lboyev bilan muzokara qilinglar va u qamoqxonalarga ochlikni to‘xtatish to‘g‘risida buyruq bersin”, deb taklif kiritishdi. Men ularga hukumat ham, prokuratura ham bu ishga qo‘l urmaydi, deb javob berdim, - dedi Quban Mamakeyev.

Ayni paytda O‘sh qamoqxonasida ochlik e‘lon qilgan mahbuslardan biri maxsus prokurorning bunday iddaosini rad etadi:

- Hech qanday aybsiz qamalgan odamlar bu yerda juda ko‘p. Nohaqlik bo‘layotgani uchun qamoqxonadagilar ko‘tarilayapti. Bolalarni urib, nohaqlik ko‘rsatib, press qilishib, ayblarini bo‘yniga qo‘yishayapti. Ko‘pchilik qiynoqlardan kasal bo‘lib qolgan. Nohaqliklar ko‘payib ketgani uchun biz ko‘tarildik. Hech kim bizga: “ko‘taril, ochlik e‘lon qil”, degani yo‘q. Pichoq suyakka taqalganidan keyin shu ishlar bo‘layapti, - dedi O‘shdagi qamoqxonada saqlanayotgan mahbuslardan biri.

Ammo Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining 29 mart kuni tarqatgan bayonotida aytilishicha, uyushgan jinoiy guruhlar qamoqxonalarda norozilik aksiyalari uyushtirish orqali hukumatni jinoyatchilikka qarshi ochilgan urushni to‘xtatishga majburlamoqchi.

“28 martgacha uyushgan jinoiy guruhlarning 125 a‘zosi qamoqqa olindi. Ulardan 18 tasi ”polojenes” va “smotryashiy”lardir. Ammo, bosimlarga qaramay, biz Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruh tushunchasi bira to‘la yo‘q bo‘lishi uchun kurashni davom ettiramiz”, deyiladi bayonotda.
XS
SM
MD
LG