Линклар

1 iyun - Bolalarni himoya qilish kuni keng nishonlangan Qirg‘izistonda bolalarni o‘z tengdoshlaridan himoya qilish dolzarbligicha qolmoqda.

Chunki, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda so‘nggi paytlarda maktab reketi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan. Bir yilning ichida Qirg‘izistondagi 2000 maktab tekshirilib, o‘z sinfdoshlarini reket qilayotgan 400 ga yaqin o‘quvchi borligi aniqlangan.

Bishkek maktablaridan birida o‘qiydigan 11-sinf o‘quvchisi Nurislom maktab reketi avj olib ketayotgani, militsiya tomonidan bu illatni bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar va tekshiruvlar hech qanday natija bermayotganidan shikoyat qiladi.

- Maktab reketirlari har bir o‘quvchidan 100 so‘mdan (taqriban 2,2 AQSh dollari- tahr.), ayrim o‘quvchilarga esa 500 so‘mdan (taqriban 11 dollar – tahr.) soliq solishadi. Agar bu pulni olib kelib bermasang, o‘lgudek kaltaklashadi. Bu haqda biz birovga aytolmaymiz. Chunki bu haqda ota-onamizga, o‘qituvchilarimizga yoki militsiyaga aytsak, butun maktab bizni “Kazel” deb masxara qiladi, - deydi Nurislom.

Suhbatdoshimiz aytganiga ishonadigan bo‘lsak, maktab reketirlari o‘quvchilarga soliq solib, bitta maktabning o‘zidan kuniga bir necha ming so‘mlik naqd pulga ega bo‘ladilar. Bishkekda esa 100 ta maktab bor.

Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, bu maktablardan to‘plangan pulning bir qismi uyushgan jinoiy guruhlar hisobiga o‘tkaziladi va qamoqda yotgan jinoyatchilarga oziq-ovqat xarid qilish uchun sarflanadi.

Qizig‘i shundaki, maktab reketirlari o‘sha maktabning o‘zida o‘qiyotgan yuqori sinf o‘quvchilari orasidan tanlanadi. Bu ish, ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruhning o‘sha maktab joylashgan hududdagi vakili ishtiroki bilan amalga oshiriladi. Chunki jinoyat olami maktablarda jinoiy tartiblar va qonunlar o‘rnatilishidan, buning oqibatida jamiyatda jinoyat olaminingg o‘ziga xos qonunlar asosida fikr yuritadigan avlod yetishib chiqishidan manfaatdordir.

Shuning uchun ham Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi jinoyatchilikka kurash kapmaniyasi doirasida maktab reketiga qarshi kurashni ham kuchaytirmoqda.

- Biz o‘quvchilarni talab-to‘nash va bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida “Antireket” degan dasturni ishlab chiqqanmiz. Bu dastur asosida Qirg‘izistondagi 2144 ta maktabda qattiq tekshiruv ishlarini olib bordik va 398 ta o‘quvchini ro‘yxatga oldik, -dedi Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Erkinboyev.

Maktab reketiga qarshi kurash o‘z maktabdoshlaridan pul undirish bilan shug‘ullangan yoshlarni ro‘yxatga olish bilangina cheklanib qolmoqda. Chunki Qirg‘iziston qonunchiligida maktab reketi degan tushuncha yo‘q va bunday modda bilan hech kimni jinoiy jazoga tortib bo‘lmaydi. Militsiyaning bu borada ojiz ekanini sezgan balog‘atga yetmagan reketirlar esa o‘z faoliyatini to‘xtatishni xayoliga ham keltirmayaptilar.

Shuning uchun ham Qirg‘iziston fuqaroviy jamiyati maktab reketi bilan shug‘ullangan o‘smirlarni jinoiy javobgarlikka tortib bo‘lmasa, ularning ota-onalarini o‘z farzandlari tarbiyasiga ahamiyat berishga majburlash lozim, degan g‘oyani ilgari surmoqdalar.

- Masalan, Rossiyada ota-onalarning mas‘uliyatini oshiruvchi qonun ishlab chiqildi. Bu qonunga muvofiq, tartibbuzarlik qilgan farzandning ota-onasi juda katta miqdorda jarima to‘laydi. Shundan so‘ng ota-ona farzandi tarbiyasiga e‘tibor bera boshlaydi. Qirg‘izistonda ham mana shunday qonunni qabul qilish kerak, - deb fikr bildirdi “Ko‘k bo‘ri” federatsiyasi vakili Temir Duyshekeyev.

Ayni paytda Qirg‘izistonda yoshlarning o‘zlari maktab reketiga qarshi kurash jamiyatlarini tashkil etmoqdalar. Bu yo‘nalishda “Net reketu” deb nomlangan maxsus internet sayti ham faoliyat yuritmoqda. Ammo hozircha yangi bo‘lgan bu harakat maktab reketiga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishi olgani kuzatilmayapti.
XS
SM
MD
LG