Линклар

logo-print
Bishkekdagi 1-qamoqxonada umrbod qamalgan o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik mahbus ochlik e‘lon qildi.

“Fuqarolar korrupsiyaga qarshi” huquqni himoya qilish markazi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarosi Raxmatullo Turonov va O‘zbekiston fuqarosi Otabek Ahadovlar o‘zlariga nisbatan chiqarilgan bir umrlik qamoq jazosi hukmi asossiz ekanini aytishib, Qirg‘iziston Bosh prokuraturasidan jinoyat ishini qayta tergov qilinishini so‘rashmoqda.

Biroq ular Bosh prokuraturadan o‘z arizalariga ijobiy javob ololmagach, 11 may kunidan boshlab ochlik e‘lon qilishgan:

- Bu ikki fuqaro boshqa-boshqa jinoyat ishlari bo‘yicha qamalgan. Masalan, Turonovga nisbatan yangi tafsilotlarning paydo bo‘lgani sababli bir necha marotaba jinoyat ishi qo‘zg‘algan. Uning jinoyat ishida rostdan ham o‘rganilmagan vaziyatlar bor.

Qonunga asosan, yangi tafsilotlarning paydo bo‘lgani sababli faqat Bosh prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘ashi mumkin. Biroq Bosh prokuratura doimo bundan bosh tortayapti.

Ochlik e‘lon qilganlardan ikkinchisi Ahadov Otabekning arizasi BMT qo‘mitasida ro‘yxatga olingan. Ariza shu yil Jenevada ko‘rib chiqilishi kutilmoqda, - dedi “Fuqarolar korrupsiyaga qarshi” markazining mahbuslar huquqini himoya qilish loyihasi muvofiqlashtiruvchisi Yevgeniya Krapivina.

Unga ko‘ra, Raxmatullo Turonov va Otabek Ahadov bundan bir yarim oy muqaddam Qirg‘iziston prezidenti, Bosh vazir va parlament raisiga ham murojaat qilishgan. Biroq ulardan ham javob bo‘lmagan.

Ma‘lum bo‘lishicha, 10 yildan beri qamoqda yotgan o‘zbekistonlik Otabek Ahadov, 2001 yili “terrorchilik qilgan”, ““Ittipaq” uyg‘ur diasporasi lideri Nigmat Bazzakov va “Do‘stlik” mehmonxonasi oldida xitoy fuqarosini o‘ldirgan, degan ayblovlar bilan o‘lim jazosiga hukum qilingan. 2007 yilda esa o‘lim jazosi bir umrlik qamoq jazosi bilan almashtirilgan.

Qirg‘izistonlik Raxmatullo Turonov esa, 2003 yilda Bishkekda “uch ayolni o‘ldirishga byurtma bergan” deb ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukum qilingan.

Jazoni o‘tash davlat xizmati rahbari Sheyshenbek Bayzakovning aytishicha, Otabek Ahadov va Raxmatullo Turonov qamalganidan beri beshinchi marotaba ochlik e‘lon qilishmoqda. Bungacha ularning arizasi Oliy sud tomonidan to‘rt marotaba qarab chiqilgan.

- Ularning arizalarini Oliy sud to‘rt marotaba qaragan va umrbod qamoq jazosi hukmini o‘z kuchida qoldirgan. Prezident ma‘muriyatining Avf etish komissiyasi ham ularning arizalarini o‘rgangan. Komissiya ham shu hukumni o‘z kuchida qoldirgan.

Ularning ochlik e‘lon qilishga haqqi bor. Ular shu bilan beshinchi marotaba ochlik e‘lon qilishayapti, - dedi Sheyshenbek Bayzakov.

Ayni paytda Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Talant Qo‘no‘qbayev, Otabek Ahadov va Raxmatullo Turonovning arizalari hozirda o‘rganilayotganini ma‘lum qildi.

- Bugungi kunda Bosh prokuraturaning tegishli boshqarmasi kelib tushgan arizalarni tekshirib, qarab chiqmoqda. Qonunda belgilangan muhlatga asosan, ya‘ni bir oy ichida arizalar qarab chiqilib, tegishli qaror qabul qilinishi kerak, - dedi Talant Qo‘no‘qbayev.
XS
SM
MD
LG