Линклар

Qirg‘izistonning Toshkentdagi elchixonasi piket qilindi


O‘sh qirg‘ini bir yilligini O‘zbekistonda faqat fuqaroviy jamiyat vakillari xotirlamoqda.

O‘sh qirg‘ini bir yilligini O‘zbekistonda faqat fuqaroviy jamiyat vakillari xotirlamoqda.

O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish “Ezgulik” jamiyati va O‘zbekiston ekspertlar ishchi guruhi a‘zolari O‘sh qirg‘inining bir yilligi xotirlanayotgan kun - 10 iyunda Qirg‘izistonning Toshkentdagi elchixonasini piket qildi.

O‘zbekiston Ekspertlar ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovning aytishicha, piketda 15 dan ziyod odam ishtirok etgan. Piketchilar elchixona oldiga o‘ndan ziyod talablar bitilgan plakatlarni ko‘tarib chiqqan:

- Plakatlarda “O‘zbeklarga qarshi genotsid to‘xtatilsin!”, “Qirg‘izistondagi insoniyatga qarshi jinoyatlar jazolansin!”, “Muvaqqat hukumat javobgar!”, “O‘zbekdan qo‘lingni tort!!!”, “Azimjon Asqarovga ozodlik!” mazmunidagi talablar yozilgan edi,- deydi Suhrob Ismoilov.

Piket tashkilotchilaridan biri “Ezgulik” jamiyati rahbari Vasila Inoyatovaga ko‘ra, bir soat davom etgan piketni militsiya va xavfsizlik xodimlari kuzatib turgan. Qirg‘iziston elchixonasidan vakil chiqib, ulardan ikki kishini ichkariga taklif etgan. Vasila Inoyatova elchi maslahatchisiga “Ezgulik” jamiyati va “Birlik” xalq harakati partiyasining bayonotlarini topshirganini aytadi:

- Qirg‘izistonning janubiy regionida bo‘lib o‘tgan o‘tgan yilgi o‘zbek millatiga qarshi bo‘lgan qirg‘in shu bugungacha o‘zining xolis bahosini olgani yo‘q. Hattoki xalqaro tekshiruvlar ham bergan xulosalar qabul qilinmadi. Aksincha ularning vakillari quvg‘in qilindi, Qirg‘iziston dushmani deb e‘lon qilindi. Demak, biz bir yil oldin Qirg‘iziston hukumati mana shu qirg‘inni keltirib chiqarganlarni qo‘llab-quvvatlayapti, degan bahoimiz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Va bu baho bundan keyingi bo‘ladigan qirg‘inlarni ham kafolatlamaydi. Chunki ertaga yana shunaqa ahvol sodir bo‘lishi mumkin. Bizning bugungi talabimiz mana shu ertangi bo‘ladigan qirg‘inning oldini olish va kechagi bo‘lgan qirg‘inning sababchilari hali-hanuz shu paytgacha javobgarlikka tortilmaganiga norozilik bildirishdir. Bugungi bayonotlarimizda asosiy gap ana shu haqda. Bundan tashqari o‘zim Birlik xalq harakati partiyasining Bosh kotibi sifatida Birlik partiyasining bayonotini berdim. U bayonotda ham Qirg‘izistonda qirg‘iz fashizmiga chek qo‘yilsin deyilgan talabni qo‘yganmiz,- deydi Vasila Inoyatova.

Unga ko‘ra, bayonot topshirib chiqilganidan so‘ng, militsiya xodimlari ularni avvaldan tayyorlab qo‘yilgan avtobusga majburlab olib chiqib, Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar bo‘limiga olib borgan. Vasila O‘zbekiston hukumatining bu mudhish kunni xotirlashni unutgani yetmaganiday, yana piket ishtirokchilariga bunday munosabat qilayotgani xunuk ish bo‘ldi, deydi Inoyatova:

- Albatta, hozir mana shu talablarimiz uchun O‘zbekiston hukumati bizga ko‘rsatgan munosabati juda nohaq bo‘ldi. Endi masalan O‘zbekiston prezidenti Qirg‘izistondan 200 ming odamning hayotini saqlab qolib darvozani ochib bergani nima bo‘ldiyu, biz hozir o‘zbeklarga nisbatan qirg‘inni to‘xtating deb qilgan talabimiz uchun mana bizni militsiyaxonaga olib kelib ushlab o‘tirishlari nima bo‘ldi. Shuning uchun men o‘ylayman bizning harakatlarimiz zoye ketmaydi.

Mana shu yilning 18-20 iyulida Bishkekda ayollar simpoziumi bo‘lib o‘tadi Roza O‘tunbayeva va Hillari Klinton ishtirokida. Men unga taklif qilinganman. Bugungi elchi maslahatchisiga bergan bayonotlarimizdan tashqari men og‘zaki yana bir murojaat qildimki, men bugungi bergan talablarimning javobini 18 iyulda Roza O‘tunbayeva bilan bo‘ladigan uchrashuvda javobini olaman degan umidimni bildirdim,- deydi “Ezgulik” jamiyati rahbari Vasila Inoyatova.

Ayni paytda, piket ishtirokchilari Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar bo‘limida ushlab turilibdi. Vasila Inoyatovaga ko‘ra, ularga yomon munosabat qilingani yo‘q va yaqin soatlar ichida ularni qo‘yib yuborishlari mumkin.
XS
SM
MD
LG