Линклар

logo-print
10 iyun kuni Qirg‘izistonnning barcha hududlarida mamlakat bayrog‘i tushirildi.

Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9 da mamlakatdagi ma‘muriy binolar, elchixonalar va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalaridagi bayroqlar tushirildi hamda bir daqiqaga harakat to‘xtatildi.

O‘sh shahrida o‘tayotgan xotira tadbirlarida prezident O‘tunbayeva va Respublikaning boshqa rasmiylari ishtirok etmoqda.

Xotira marosimiga kelganlar orasida fazogir Solijon Sharipov, Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Valentin Vlasov, Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston muftiylari bor.

O‘zbekiston tomonidan bu marosimda hech kim qatnashayotgani yo‘q. Holbuki, bundan avvalroq O‘zbekiston muftiysining ham O‘shga kelishi kutilayotgani aytilgan edi.

Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston muftiylari bugun O‘sh masjidlarida juma namozlarini o‘tkazishlari va o‘shliklarni millatlararo birdamlikka da‘vat etishlari rejalashtirilgan.

Xotira tadbiri O‘shning markaziy maydonida “Onalarning ko‘z yoshi” yodgorligi ochilishi bilan boshlandi. Bu yodgorlik 2010 yilning iyun oyidagi voqealari paytida o‘z farzandlaridan ayrilgan, bir - birini quchoqlab, ko‘z yoshi to‘kayotgan o‘zbek va qirg‘iz onasi tasviridir.

O‘shning barcha mavzelarida esa quron o‘qilib, ehson marosimlari o‘tkazilayapti.

Ayni paytda O‘sh shahri huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan qattiq nazorat qilinmoqda. Shahar ko‘chalarida har 100-150 metrda harbiylar va qurollangan militsiya guruhlarini uchratish mumkin.

2010 yilning 10 iyunidan 11 iyuniga o‘tar kechasi O‘shda qirg‘in boshlangan edi. Bir necha kun davom etgan xunrezliklarda 470 ga yaqin odam halok bo‘lgan edi. Halok bo‘lganlarning 74 foizi o‘zbek, 25 foizi qirg‘iz va 1 foizi boshqa millat vakillaridir.

O‘sh qirg‘ini kunlari qotilliklarda ayblanib qo‘lga olingan 121 odamning 115 nafari o‘zbek millatiga mansub ekani aytiladi.

Xalqaro tashkilotlar, jumladan, Amnisti interneshnl va Xyuman Rayt Uotch huquqni himoya qilish tashkilotlari Qirg‘iziston hukumatini bu borada tanqid qilib, adolatli tergov va sudlov o‘tkazishga da‘vat etib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG