Линклар

Qodirjon Botirov: Bakiyevning yonida turganlar bugun parlamentda


Qodirjon Botirov O‘sh fojiasini uyushtirish uchun 100 ming dollar sarflaganiga oid o‘ziga nisbatan ilgari surilayotgan iddaolarni keskin rad etdi.

Qodirjon Botirov O‘sh fojiasini uyushtirish uchun 100 ming dollar sarflaganiga oid o‘ziga nisbatan ilgari surilayotgan iddaolarni keskin rad etdi.

O‘sh qirg‘ini yuzasidan Qirg‘iziston Milliy komissiyasi va Xalqaro komissiya hisobotlarida o‘zbek liderlari chiqishlarida avtonomiya talabi va ayirmachilikka chaqiriqlar bo‘lmagani e‘tirof etilgan edi. Biroq parlament hisobotida O‘sh qirg‘ini tashkilotchilari sifatida o‘zbek liderlarining nomlari keltirilib, Qodirjon Botirov, Karomatxon Abdullayeva, Inomjon Abdurasulov va Jaloliddin Salohiddinovlar ayirmachilik harakatiga aloqador shaxslar sifatida O‘sh qirg‘inini boshlaganlari iddao qilinadi. Ozodlik O‘sh voqealarini o‘rgangan parlament komissiyasi a‘zosi deputat Bo‘do‘sh Mamirovadan ikki rasmiy komissiya xulosalari o‘rtasidagi keskin tafovut sababini, Respublika o‘zbek milliy-madaniy markazi raisi o‘rinbosari Qodirjon Botirovdan esa, parlament xulosasiga munosabatini so‘radi.

Deputat Bo‘do‘sh Mamirova bir necha hamkasbi bilan Chexiyaga qilgan xizmat safari doirasida 10 iyun kuni radiostansiyamizda ham bir necha soat bo‘ldi va biz u kishiga bir-ikki savol berish imkoniga ega bo‘ldik.

Deputat Mamirovadan Qirg‘izistonning ikki rasmiy komissiyasi xulosalarida bizni qiziqtirgan masalada nima uchun bu qadar farq paydo bo‘lganini so‘radik. Haqiqatni kim aytdi – Milliy komissiyami yoki parlament komissiyasimi?

- Men bizning komissiya xulosasi eng to‘g‘ri xulosa, deb turib olmoqchi emasman. Milliy komissiya xulosasi ham noto‘g‘ri xulosa, demoqchimasman. Biz bir-ikki odamdan eshitganimizga qarab xulosa qilganimiz yo‘q. Uch oy ishladik. Milliy komissiya yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni to‘ldirdik, dedi deputat Bo‘do‘sh Mamirova.

10 iyun kuni Ozodlikning Pragadagi tahririyatida bo‘lgan yana bir qirg‘iz deputati, “Ata-Meken“ fraksiyasi a‘zosi Abdijapar Bekmatov ham Ozodlik savoliga javob berar ekan, o‘zbek liderlarini qandaydir ekstremistik kuchlar qo‘lida qurol bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surdi.

- Tilga olinayotgan fuqarolar boshqa tomondagi ekstremistik kuchlarning quroli bo‘lib xizmat qilgandir, dedi deputat Abdijapar Bekmatov.

O‘rganayotganimiz masalada faqatgina taxmin qilayotganiga qaramay, deputat Bekmatov parlament hisobotini O‘sh voqeasi bo‘yicha eng to‘g‘ri hisobot, deb hisoblashini ta‘kidlab o‘tdi.

Biz parlament ayblayotgan o‘zbek liderlari ro‘yxatida birinchi bo‘lib tilga olinadigan respublika o‘zbek milliy-madaniy markazi raisi muovini, Qirg‘iziston parlamentining eks deputati Qodirjon Botirov bilan ham bog‘landik.

Uning aytishicha, hamma gap parlamentda sobiq prezident Bakiyev tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil qilganidadir.

Ozodlik: Milliy komissiya o‘zbek liderlarining chiqishlarida separatistik chaqiriqlar bo‘lmagan degan bo‘lsa, parlament komissiyasi o‘zbek liderlarini, xususan sizni O‘sh voqealariga bevosita aloqador, aybdor degan xulosaga keldi. Ikkita hisobot o‘rtasidagi bunchalik farqning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

- Asosiy sababi bugungi Qirg‘iziston parlamentiga qaysi odamlar qaysi holatda deputat bo‘lib deputatlik mandatini oldi? Bari gap shunda. 13 mayda Qirg‘iziston janubidagi uchala oblastni ham bular bosib olishdi. Bularning asosiy maqsadi respublikaning janubini qo‘lga kiritib, janubni respublikadan ajratib olish separatistik ishlar bularning ishlari bo‘lgan. Hammasi hozir mandat olib o‘tirishibdi. Lekin kecha Bakiyevning yonida bo‘lgan, dedi Qodirjon Botirov. (Janob Botirov bilan suhbatni to‘laligicha saytimizda tinglashingiz mumkin)



O‘sh qirg‘ini yuzasidan parlament hisobotining 2 iyun kungi muhokamasi chog‘ida komissiya raisi To‘qo‘n Mamitov “Qodirjon Botirov A‘zamjon Akbarov degan shaxsga O‘sh voqealarini uyushtirish uchun BTA banki orqali 100 ming dollar o‘tkazgan” degan edi.

Jalolobodlik A‘zamjon Akbarov qirg‘iz siyosatchilari o‘zbeklarniki, deb hisoblaydigan “Rodina” partiyasi raisi. Shu kunda Qirg‘izistondan tashqarida yashashga majbur Akbarovni ham topdik.

100 ming dollar yuzasidan savolimizga javob berar ekan, Akbarov gapni 2010 yilning 17 iyunida u Bishkekda qo‘lga olingani, hibsxonada qiynoqqa solinganidan boshladi.

- Eng chidamaganim boshimga salafan paket, ikki martasiga chidadim. Uchinchi martasiga chidamadim. Yuragim o‘ynab ketdi. “Nima kerak senlarga?” desam, “Mana bunaqa, mana bunaqa narsani yozasan” dedi.

Ozodlik: “Mana bunaqa” degan narsani konkret ayting. Nima?

- yozasan chto sen Botirov senga pul berdi, sen o‘shani O‘shga o‘tkazding. Bo‘lmasa bitta obyasnitelniy yozdim men ularga haqiqiy bo‘lgan narsani. Yo‘q, deb boshqatdan ikkinchi obyasnitelniy yozdirishadi. Kimga jo‘natding, mana shuncha pulni nima qilding deb yozasan deydi. Mening boshimga qaysi bir familiya to‘g‘ri kelsa, hozir ham esimda yo‘q qaysi familiya deb aytganim, bitta familiyani aytaman o‘shanga o‘tkazdi, bo‘lmasa qaysi axmoq Jaloloboddan O‘shga 100 ming dollarni cherez bank o‘tkazadi, dedi A‘zamjon Akbarov.

(Janob Akbarov bilan suhbatni to‘laligicha saytimizda tinglashingiz mumkin. Suhbat davomida u hibsdan ozod bo‘lish uchun tergovchiga necha ming dollar berilganini to‘g‘risida ham aytib bergan)



100 ming dollar masalasini Qodirjon Botirovdan ham so‘radik.

Ozodlik: Siz go‘yoki 2010 yilning 18 mayida A‘zamjon Akbarovni chaqirib unga 100 ming dollar o‘tkazganmishsiz va bu pullar iyun voqealarini uyushtirish uchun o‘tkazilganini A‘zamjon Akbarovga aytganmishsiz. Shunaqa voqea bo‘lganmi bo‘lmaganmi?

- Yo‘q. Bu albatta tuhmat. Bu deputatskiy komissiya tuzilib, bular parlamentda A‘zamjon Akbarov bergan ko‘rsatmani “mana bizda hammasi tasdiqlandi” degani hammasi yolg‘on. Sababi A‘zamjon Akbarov o‘sha davrda “Rodina” partiyasining rahbari bo‘lib, Bishkek shahrida bo‘lgan. Bishkek shahrida bu kishini olib kirib o‘tqazishgan. U bilan birgalikda Karomatov Ozodbekni ham olib kirib o‘tqazishgan. Bularga ochiqdan ochiq juda katta davleniye qilishib, shunday harakat qilishgan shunday narsalarni yozishasan deb. Lekin bunday ishlarni, mana A‘zamjonning o‘zining arizasida alohida ko‘rsatilayapti, bu narsa bo‘lgan emas va bo‘lishi ham mumkin emas. Biz nimaga sarf qilishimiz kerak? Nima maqsadda? Agar bu narsada o‘y-fikrim bo‘ladigan bo‘lsa, nimaga men A‘zamjonga unaqa pulni o‘tkazishim mumkin? Men o‘zim Jalolobodda bo‘lsam, men xalq bilan har kuni birga bo‘layotgan bo‘lsam. Menga qanaqa zarurligi bor edi u narsaning? Bular hammasi uyushtirilayotgan va odamlarni shunday narsalar bilan aldab, o‘zbeklarni qoralash niyatida mana shunday ishlar uyushtirilayapti, dedi Qodirjon Botirov.

Tinglaganingizga shuni qo‘shimcha qilib qo‘ymoqchimizki, BTA banki Qodirjon Botirov A‘zamjon Akbarovga 100 ming dollar o‘tkazgani to‘g‘risidagi parlamentda e‘lon qilingan informatsiyani 2 iyun kuni rasman inkor etdi.

Bu haqdagi xabarni o‘sha kuniyoq Qirg‘izistondagi axborot agentliklari, jumladan “Beliy paroxod” agentligi tarqatgan edi.
XS
SM
MD
LG